Mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirishni talab etadi

39

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi bilan hamkorlikda 7 oktyabr – Butunjahon munosib mehnat kuniga bag'ishlangan «O'zbekiston Respublikasining mehnat va ijtimoiy munosabatlar sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishning konseptual asoslari» mavzusidagi davra suhbati o'tkazildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a`zolari, vazirlik, idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar va kasaba uyushmalari, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederasiyasi (XKUK) mutasaddilari ishtirok etdilar.
Ma`lumki, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan ilgari surilgan Munosib mehnat Konsepsiyasi to'rtta muhim strategik maqsadga – mehnat sohasidagi asossoluvchi huquqlarni amalga oshirish, band­lik va daromad olish imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy himoya tizimlarini takomillashtirish, ijtimoiy muloqotni mus­tahkamlash maqsadlariga asos­lanadi. Mazkur Konsepsiyaga muvofiq munosib mehnatning barqaror bandlikni ta`minlash, bu sohadagi hamma kamsitishlarni bartaraf etish, barcha mehnatkashlarni mehnat shartnomalari bilan qamrab olish, qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy sug'urta va ijtimoiy himoyaning samarali tizimlarini rivojlantirish, mehnatkashlarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqlarini amalga oshirish, jamoa muzokaralari yuritish va jamoa shartnomalarini tuzish kabi tarkibiy qismlari muhim hisoblanadi.

Davra suhbatida O'zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning yangi bosqichga ko'tarilishida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi tarixiy ma`ruzasi ulkan ahamiyat kasb etgani alohida ta`kidlandi. Bugungi kunda O'zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti o'rtasidagi hamkorlik rivojlanib bormoqda. Amalga oshirilayotgan Munosib mehnat bo'yicha O'zbekiston Respublikasi dasturi mazkur hamkorlik samaradorligining yorqin dalilidir.
Tadbir davomida milliy va xalqaro ekspertlar mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va hayotga izchil tatbiq etilayotgan 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivoj­l­antirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida barcha sohalarda, shu jumladan, ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida ham tub islohotlar amalga oshirilayotganini qayd etdilar. Mazkur yo'nalishda milliy va xalqaro standartlarni yanada uyg'unlashtirishga qaratilgan qator tashabbus­lar amalga tatbiq etilmoqda.
Bugun O'zbekistonda mehnat sohasining barcha yo'nalishlarida izchil ­chora-tadbirlar va tizimli ishlar amalga oshirilayotir. Xususan, ishchi kuchiga bo'lgan ehtiyojni rag'batlantirish, barqaror ish o'rinlarini yaratish, ijtimoiy himoya tizimlarini kengaytirish bo'yicha Hukumat darajasida tizimli sa`y-harakatlar olib borilmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sektorini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilyapti.
Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizda mehnat sohasida ta`sirchan davlat va jamoatchilik nazorati yo'lga qo'yilgani, munosib mehnat tamoyillarini amalga oshirish maqsadida davlat, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari o'rtasida konstruktiv ijtimoiy muloqot va ijtimoiy sheriklik o'z samarasini berayotganini alohida qayd etdilar. Bu jarayonda Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federasiyasi va Savdo-sanoat palatasi o'rtasida imzolangan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid Bosh kelishuv alohida ahamiyatga ega ekanligiga urg'u berildi.
Bugungi kunda O'zbekiston kasaba uyushmalari 6 million 150 mingdan ortiq a`zoga ega bo'lib, mamlakat miqyosida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohani qamrab olgan 40 mingdan ortiq ­boshlang'ich kasaba uyushma tashkilotlari faoliyat ko'rsatmoqda. Oxirgi ikki yilda O'zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohot va o'zgarishlar har yili turli mulk shakliga ega bo'lgan minglab yangi ishlab chiqarish korxonalari va tadbirkorlik sub`ektlari tashkil etilishiga keng imkoniyatlar yaratmoqda. O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan yangi tashkil etilgan korxona, tashkilot va muassasalarda boshlang'ich kasaba uyushma tashkilotlarini tuzish, bu orqali ularda mehnat qilayotgan xodimlar mehnatini muhofazalash, munosib mehnat sharoit­larini yaratish, ijtimoiy imtiyoz va kafolatlar ko'lamini kengaytirish, nafaqat xodimlar, balki ularning oila a`zolari sog'lomlashtirilishini ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Davra suhbati davomida «Islohotlar jarayonida mehnat huquqlarining muhimligi», «O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «O'zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to'g'risida»gi farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati to'g'risida», «O'zbekiston Respublikasining yangi qabul qilingan «Xususiy bandlik agentliklari» to'g'risidagi qonunining mazmuni va xususiyatlari», «Xalqaro kasaba uyushmalari konfederasiyasining navbatdagi kongressida muhokamaga qo'yilgan masalalar», «Mustaqil Hamdo'stlik Davlatlari mintaqasida mehnat bozori muammolari», «O'zbekiston Respublikasida fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti tizimini isloh etish konsepsiyasi to'g'risida», «Mehnat organlari tuzilmasini takomillashtirish hamda fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnatini muhofaza qilish tizimini mustahkamlash chora-tadbirlari», «Kasaba uyushmalari to'g'risidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish konsepsiyasi» mavzularidagi ma`ruzalar tinglandi.
– Ma`lumotlarga ko'ra, O'zbekiston aholisining 19 millionga yaqini mehnat resursi hisoblanib, 1,4 million kishi ishlash uchun xorijga yo'l olgan. Bundan tashqari, har yili mehnat bozoriga 765 mingga yaqin band bo'lmagan fuqarolar chiqadi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi raisi Mavluda Xo'jaeva. – «Xususiy bandlik agentliklari to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi qonuni 2018 yilning 6 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, shu yilning 27 sentyabrida Senat tomonidan tasdiqlandi. Mazkur qonunning asosiy vazifasi xususiy bandlik agentlik­lari faoliyati bilan bog'liq munosabatlarni muvofiqlashtirishdir.
– Nafaqadagilarga ijtimoiy xizmatlarni ko'rsatish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikasion texnologiyalar joriy etilmoqda. Xususan, «Pensiya ishi» kom­p­yuter dasturi ishlab chiqildi va joriy qilindi, interaktiv xizmatlar ishga tushirildi, barcha hisobotlar avtomatlashtirilgan tizimga o'tkazildi, banklar va boshqa idoralar bilan ma`lumotlar almashish tizimi yaxshilandi, – deydi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi bo'lim boshlig'i Bahodir Sharopov. – Nafaqadagi keksa va nogironlarga aniq va to'liq ma`lumot berish maqsadida Byudjetdan tashqari jamg'arma tomonidan eng ko'p uchraydigan savollarga javoblar tayyorlangan bo'lib, ular bilan «Ishonch telefonlari»miz (239-41-12, 200-06-00) orqali tanishish imkoniyati mavjud.
Tadbir yakunida ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasidagi ijtimoiy sherik­likni yanada rivojlantirish borasida bildirilgan fikr va mulohazalar muhokama qilindi. Xalqaro mehnat standartlarini joriy etish sohasida O'zbekistonda erishilayotgan ijobiy natijalar fuqarolarning munosib mehnatga bo'lgan huquqlarini to'laqonli ta`minlash uchun xizmat qilayotgani alohida e`tirof etildi. Xalqaro va milliy ishtirokchilar mazkur davra suhbati kelgusida mehnat sohasidagi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish va munosib mehnatni ta`minlash yo'nalishidagi ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishini ta`kidlab o'tdilar.
Butunjahon munosib mehnat kuniga bag'ishlangan davra suhbatlari respublikamizning barcha hududlarida o'tkazildi.

A`zam ABULFAYZOV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar