MILLIY MEROS munosabat o'zgardi, bu yog'i o'zimizga bog'liq

46

Nizomiy nomidagi Pedagogika instituti (hozirgi universitet)da o'qirdim. Bir domlamiz yurtimizdagi ilk gazeta 1870 yilda tashkil etilgani va «Turkiston viloyatining gazetasi» deb nomlanganini aytib qoldi. Alisher Navoiy nomidagi Davlat kutubxonasiga borib ushbu gazetaga buyurtma berdim. Kutubxona xodimasi gazeta taxlamini olib kelib berdi. Jildni ochdim-u hayron bo'lib: «Buni nega olib keldingiz? O'zbek tilidagi gazetaga buyurtma bergan edim-ku», dedim.

– Bu o'zbek tilidagi birinchi gazeta. Agar o'z madaniyatingiz, yozuvingizdan bexabar bo'lsangiz, men aybdormasman, – deya xodima nari ketdi.
Biroz kalovlanib o'tirib, gazetani qaytardim. Kutubxona ma`muriyatiga murojaat qildim. «Kitobxonlarga eski yozuvni o'rgatish majburiyatini olmaganmiz», mazmunida qisqa va keskin javob bo'ldi.
Nima qilay, o'shanda men o'qiydigan tarix fakulteti, umuman, respublikamizning biror oliygohida eski o'zbek yozuvini o'rgatish yo'lga qo'yilmagan edi-da.
Kutubxonadagi holatimdan muztar bo'lib, eski o'zbek yozuvini o'rganishga qat`iy bel bog'ladim. Ammo bu o'sha – sobiq sho'ro davrida oson emasdi. Qishlog'imdagi bir necha kishiga murojaat qilganimda: «Menda qasding bormi? Yoki o'zingga qasd qil­yapsanmi? Biz 30-yillarda shu yozuvni bilmaymiz, deb jon saqlaganmiz. Bu masalaga bosh­­qa qaytmaylik», degan javobni eshitdim. Nachora, izlay-izlay arang eski o'zbek yozuvi «Alifbo»sini topib, o'rganganman.
Xalqimiz At-Termiziy, Al-Moturudiy, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi buyuk ajdodlarimizning nodir asarlarini asliyatda o'qish, uni tushunish va o'zgalarga tushuntirish zarurligini hamisha yaxshi ang­lagan. Uni amalga oshirish yo'lidagi sa`y-harakatlar natijasida 80-yillar oxirida o'z yozuvimizni o'rganishni boshladik. 1989 yil 1 sentyabrdan imkoni topilgan maktablarda 1 soatdan eski o'zbek yozuvini o'rganish, teleekran orqali esa «Eski o'zbek yozuvini o'rganamiz» dasturi yo'lga qo'yildi. Jurnallardan «Guliston», «Fan va turmush» kabilar eski o'zbek yozuvini o'rganuvchilar uchun matnlar e`lon qila bosh­lashdi. «O'qituvchi» nashriyoti 1992 yilda Muhammadjon Qodirov bilan Ma`sudali Hakimjonovning 3-4-sinflar uchun darslik sifatida yaratgan «Alifbe» kitobini 600 000 (olti yuz ming) nusxada bosib chiqardi. Ammo… Ayrim sabab­larga ko'ra eski o'zbek yozuvini o'rganish va o'rgatish bekor qilindi.
Biz o'tmishdagi xato va kamchilikka yo'l qo'ygan kimsalarga barmoq o'qtalish niyatidan yiroqmiz. Maqsad bitta – davlatimiz tomonidan milliy merosimizni o'rganishga ko'rsatilayotgan e`tibordan oqilona foydalanish, milliy tariximiz va merosimizni o'rganish. Shu o'rinda Prezidentimizning 2017 yil 24 mayda «Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ'ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori qabul qilingani ayni muddao bo'lganligini ta`kidlashni istardim. O'ylaymanki, o'rta ta`lim maktablarida eski o'zbek yozuvini o'rganish yo'lga qo'yilsa, bu yanada yuqori natijalarga erishish yo'lidagi muhim qadam bo'lardi.

Mirzaahmad TO'LAEV,
nafaqadagi o'qituvchi
Oqqo'rg'on tumani

Boshqa xabarlar