«Cen suvora ayt, men yayrab yig'lay…»

312

Ko'plab o'lmas qo'shiqlari bilan muxlislar qalbidan joy egallagan, Birinchi Markaziy Osiyo maqomchilar ko'rik-tanlovi g'olibi Azamat Otajonov bilan suhbatimiz maqom, san`at, adabiyot, odamiylik va boshqa mavzularda bo'ldi.

– Davlatimiz rahbarining «O'zbek milliy maqom san`atini yanada rivoj­lantirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori qabul qilinganiga o'n bir oy bo'lyapti. Nima deb o'ylaysiz, bu davrda qanday o'zgarishlar yuz berdi?

– Ushbu qaror bilan tanishgan paytimda ko'nglimdan Prezidentimiz maqomni «qizil kitob»ga kirishdan asrab qoldi degan fikr o'tdi. Hujjatda aytilganidek, milliy o'zligimizni ang­lash, madaniyatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimizni yuksak insoniy tuyg'ular ruhida tarbiyalash, uning estetik didi va tafakkurini shakllantirishda maqom san`atining keng imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanmaganmiz. Qarorda maqom san`atini rivoj­lantirish uchun ko'rilishi lozim bo'lgan chora-tadbirlar aniq va ravshan belgilab berilgan. Amalga oshirilgan ishlar esa dilni quvontirgulik. Eng katta muvaffaqiyat – birinchi xalqaro maqom festivali. Shahrisabzda o'tgan ushbu anjuman o'zbek maqomining butun dunyoda dovruq qozonishiga xizmat qildi.

Respublika milliy maqom markazi tashkil qilinganligi ham ulkan voqealardan biri bo'ldi. Endilikda hududlarda uning filiallari ish boshlash arafasida. Televidenie va radioda maqomga ko'proq vaqt ajratilmoqda. Eng muhimi, san`at ahlining ham, xalqimizning ham mumtoz ohanglarga munosabati o'zgarmoqda.
Bularning barchasi menga mashhur shoirning so'zlarini yana bir bor eslatdi:
«Ko'zingni yum. O'tmishingni ko'rasan.
Ammo, o'tmishingdan ko'z yumma», degan edi u.

– Shaxsan, o'zingiz-chi, ushbu qaror ijrosi va maqom rivoji yo'lida nimalar qilyapsiz?

– Ushbu savolni nafaqat san`atkorlar, maqom ijrochilari, balki milliy san`atimizni sevuvchi, umuman millatimizni sevuvchi har bir inson o'ziga berib ko'rishi lozim. Boisi, maqomni rivojlantirish faqat davlatning yoki shu soha vakillarining vazifasi emas. Maqom – xalqimizning bebaho boyligi. Uni asrashga va kelajak avlodga yetkazishga barchamiz mas`ulmiz. Men «Shoshmaqom»ni, Xorazm maqomlarini, Toshkent-Farg'ona yo'lidagi katta ashulalarni ham jonli ijroda kuylab, xalqimizga yetkazishga harakat qilib kelyapman. Qolaversa, shogirdlar tayyorlayapman. Davlatimiz rahbarining qaroridan ruhlanib, Urganch san`at kollejiga ishga keldim. Kollejda «Navro'z» nomli maqom ansambli faoliyat ko'rsatmoqda. Ushbu jamoa repertuarini qayta ko'rib chiqdik. «Segoh», «Dugoh» guruhidagi hamma qo'shiqlarni o'rganyapmiz. Navoiyxonlik kechasi tashkil qildik. Bayramlarimiz munosabati bilan maqom kechalari uyushtirdik. 2018-2019 o'quv yilidan boshlab maqom kechalarini kamida oyda bir marta o'tkazishga kelishib oldik. Xorazmlik yakkaxon ijrochilar va badiiy jamoalar ishtirokida Hojixon Boltaev nomidagi maqom ijrochilari tanlovini tashkil qildik:

– Siz maqom «Qizil kitob»ga kirish arafasida edi, degan fikrni aytib o'tdingiz…

– Adabiyotni beqadr qilgan – iste`dodsiz yozuvchilar, maqomni xorlagan – san`atdan uzoq «san`atkorlar». Davrni, tuzumni ko'pam aybdor qilmaslik kerak. Mulla To'ychi hofiz, Ma`rufxo'ja Bahodirov, Hojixon Boltaev kabilar qaysi davr­­da maqom aytishgan? Men konservatoriyani tamomlayotganimda Hojixon Boltaev ijodi haqida diplom ishi yozganman. Shu jarayonda ko'rdimki, ilgarilari maqom ijrochilari goh O'zbekistonning turli viloyatlarida, goh Tojikistonda to'planib, tong otgunga qadar maqom kuylashgan ekan. Ana shunday mashvaratlarning birida Mulla To'ychi hofiz Hojixonga «Sen bir suvora ayt, men yayrab yig'lay», degan ekan.
Maqomlar aslida Allohga munojot bo'lib, XX asrda esa, zamona zayli bilan ko'plab so'zlar almashtirilgan.
Maqomdan uzoqlashish, eng yomoni, XXI asr boshlarida boshlandi. Integrasiyalashuv deymiz, axborot makoni kengaymoqda deymiz, xullas, chet el musiqalarining hayotimizga kirib kelishi natijasida, avvalo, qo'shiqchilarning, qolaversa, xalqimizning maqomga munosabati o'zgardi. San`atkorning asosiy maqsadi ko'proq to'y olish, daromad qilish bo'lib qoldi. Kechirasiz-u, bir-ikki piyola «jiring-jiring»dan keyin to'yga kelgan odam «suvora» eshitadimi? Yo'q, albatta! Uning ­sakrab-tushib o'ynagisi keladi. Biz san`atga endigina kirib kelgan davrlarda, o'tgan asrning 90-yillarida to'ylarda ham, bazmlarda ham kamida ikki soat suvora aytilardi. Hozir-chi? O'n besh daqiqadan keyin yoshlar tugul, kattalarning ham qovog'i osila boshlaydi. Bo'ldi-da, to'yga o'ynagani kelganmiz, deb pisanda qilishadi. San`atga to'y orqali baho berilishi oqibatida kimni ko'proq to'yga aytishsa, shu zo'r degan qarash paydo bo'ldi. Bu «zo'r»lar aytayotgan «qo'shiq»lar hech qanday ma`no-mazmun kasb etmayotgani hech kimni qiziqtirmay qo'ydi. Nafaqat to'ylarda, rasmiy tadbirlarda, televidenie, radioda ham ularning oshig'i olchi bo'lib qoldi…
Xalqlar bir-biridan nimasi bilan farq qiladi? Albatta, tili va musiqasi bilan. Tilga, musiqaga e`tiborsizlik – insonning o'ziga, o'zligiga e`tiborsizligi emasmi?

– Maqomga bo'lgan mehrni butkul qayta tiklash uchun yana nimalar qilish kerak, deb hisoblaysiz?

– Avvalo, maqom nima ekanligini chuqur anglab yetaylik. Maqom, bu – ilm. Bu birinchidan matematika, ikkinchidan musiqa, uchinchidan tasavvuf, to'rtinchidan falsafa, beshinchidan adabiyot, oltinchidan tarix. Maqomni tinglash, anglash uchun ham, maqom kuylash uchun ham mana shu fanlarning barchasidan xabardor bo'lish kerak. Yaqinda o'zini juda nufuzli, san`at bilimdoni deb hisoblaydigan shaxs menga juda g'alati bir gap aytib qoldi: «Sizlar maqomni kulib aytmaysizlar, shuning uchun odamlar eshitmaydi». Demak, shu odam maqom nimaligini bilmaydi. Hali, aytganimdek, bu Allohga munojot. Allohga kulib iltijo qilib bo'ladimi? Mana, «Segoh»dan: «Gahe ko'zimga hol tushubdur, gohe g'ubor». Shu gapni kulib aytish mumkinmi?
Konservatoriyada tahsil olib yurgan kezlarimiz edi. Bir kuni rahmatli ustozim Fattohxon Mamadaliev asabiylashib keldi. Nima gapligini so'rasam, «Televizorda «Girya»­­ni aytishyapti. Qo'llarini ko'ksiga qo'yib, jilmayib turishibdi», dedi…
Maqom tinglash ko'nikmasini bolalikdan shakllashtirish zarur. Men musiqa darslari haftada bir marta o'tilishiga qarshiman. Hech bo'lmaganda ikki soat o'qitish, ko'proq ularni milliy san`atimiz bilan tanishtirishimiz lozim. Kezi kelganda, bir gapni aytmasam bo'lmaydi. O'tgan yilimidi, Janubiy Koreyadan kelgan mehmonlar bilan bir davrada o'tirib qoldik. Musiqadan butunlay yiroq kasbda ishlovchi kishilar – biri quruvchi, yana biri iqtisodchi. Ularning xor bo'lib xalq qo'shiqlarini kuylashiga shunday havasim keldi. Biz qaysi qo'shiqni xor bo'lib ayta olamiz? Vaholanki, kelajak avlodni millatparvarlik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun, avvalo, ular qalbiga milliy musiqamizni singdirishimiz kerak.

– Suhbatimiz davomida adabiyot haqida ko'p to'xtaldingiz. Kitob o'qishga ishtiyoqingiz balandligi ko'rinib turibdi.

– Navoiy g'azallarini mutolaa qilmagan kunimni behuda o'tgan deb hisoblayman. Umuman, mumtoz adabiyotimizni yaxshi ko'raman. Umar Hayyom, Bedil, Ogahiy, Mashrabning muxlisiman. So'z – ilohiy ne`mat deb hisoblayman. Bir rivoyat esimga tushdi. Bir kishi kuzatib tursa, ko'chada kitobni boshiga qo'ygan o'smir o'tib qolibdi. Ertasi kuni kitobni o'ng qo'ltig'iga, indiniga bag'riga bosib o'tibdi. Kuzatib turgan odam hayron bo'lib, o'spirinni yoniga chaqiribdi.
– O'g'lim, tengqurlaring kitobni osiltirib olib yuradilar. Sen esa goh boshingga, goh bag'ringga qo'yasan. Sababi nima?
– Kitob – ilohiy ne`mat, undan ilm olaman, ilmni osiltirib olib yurib bo'lmaydi, – debdi o'spirin.
– Isming nima? – hayratlanib so'rabdi kuzatib turgan odam.
– Sulaymon, – javob qilibdi o'smir.
– Bugundan boshlab mening shogirdimsan.
Kuzatib yurgan inson Ahmad Yassaviy, o'smir esa Sulaymon Boqirg'oniy hazratlari edi…
Yana bir gapni aytay: rahmatli Matnazar Abdulhakim bilan soatlab navoiyxonlik qilardik. Ruhimiz o'sardi, iymonimiz mustahkamlanardi. Hozir u kishiday hamsuhbatga mushtoqman.
Bizga bobolarimizni savodsiz bo'lishgan deb uqtirishgan. Aslida biz savodsizmiz. Qachon Navoiyni lug'at bilan o'qishgan? Yoshi kattalardan ko'p eshitganmiz, o'n to'qqizinchi asrlarda navoiyxonlik, bedilxonlik kechalari bo'lgan. Mashrab g'azallarini xalq yoddan bilgan. Hozir hatto o'zini ziyoli sanaydiganlar ham Navoiydan to'rtta g'azal aytib, sharhlab berolmaydi.
Bugun adabiyotdan uzoqlashib ketganimiz oqibatida so'zning siyqasini chiqarib yuborya­pmiz. Tushungan-tushunmagan odamlar kitob yozyapti. Kitobni qadrlagan, hurmat qilgan odam yomon asar yozishdan, uni odamlarga yetkazishdan o'zini tiyishi kerak.

– Azamat Otajonovning orzusi nima?

– Eng katta orzuim Xorazm san`at akademiyasini tashkil qilish! Xorazm san`atining dunyoda qiyosi yo'q! Maqomdan tashqari, xalfachilik, folklor, baxshichilik, zamonaviy ijro va raqs yo'nalishlari butunlay o'ziga xos. Bizda, bilsangiz, erkaklar raqsi hamda maqom uforisi bor. Urganch davlat universiteti musiqa fakulteti musiqa o'qituvchilari tayyorlashga ixtisoslashgan. Hozir men faoliyat ko'rsatayotgan san`at kolleji san`at maktabiga aylanish arafasida. Yoshlar asl musiqa ilmini qaerda o'rganishadi? Axir, Toshkentdagi konservatoriyada Xorazm maqomlari alohida o'rgatilmaydi-ku. Vaholanki, Xorazm maqomlari ijrosida alohida uslub va shakllarga ega bo'lgan, usul va ritmi jihatidan «Shashmaqom»dan farq qiladigan alohida ijro maktabi hisoblanadi. Shu kunlarda meni o'ylantirayotgan eng dolzarb masala: Xorazm san`ati umrboqiyligini qanday ta`minlaymiz, degan savol. Siz bilan suhbatlashishga ham ushbu orzuim sabab. Fikrlarimni keng jamoatchilikka, xalqqa yetkazishda «Ishonch» gazetasining madadiga muhtojman. Nega aynan «Ishonch»? Chunki gazeta keyingi paytlarda ko'plab dolzarb masalalarni dangal ko'tarib chiqyapti. Orzuimdagi Akademiyada yetuk mutaxassislar tayyorlanishini istayman. Unda o'qiydiganlar musiqa, tarix, falsafa, tasavvuf, adabiyotdan ilm olishlari darkor. Bu yerda Navoiyshunoslik alohida ilm sifatida o'rgatilishi kerak. Umuman, barcha san`at va adabiyot yo'nalishidagi ilm dargohlarida Navoiyshunoslikni fan sifatida o'qitishni taklif qilaman.
Men ijodkorman. Qalbim, ruhim doim erkinlikka talpinadi. Hatto bo'yinbog' taqishni yoqtirmayman. Ba`zan tadbirlarda bo'yinbog' taqing, deb holi-jonimga qo'yishmaydi, ammo men maqom aytaman, bo'yinbog' esa ovozimni bo'g'ib qo'yadi. Mening ichim yonib turadi. Haq ishqi bilan, ijod zavqi bilan…

Ha, Azamat Otajonov asl iste`dod egasi. Uning yuzlab shogirdlari, minglab muxlislari bor. U bir suhbatda « Men san`atda Komiljon Otaniyozov singari inqilob qilolmadim», degan edi. Ammo, xalq biladi, e`tirof etadi, u san`atning Azamati. Yaqinda bir kishi «Azamat – daryo» deb qoldi. Biz esa aytamizki, u dengiz… Shunday dengizki, uning ijodida maqomning ulug'vorligi hududsiz jilvalanmoqda. Azamat Otajonov juda ko'p fikrlarni ilgari surdi. Mashrab, Omon Matjon ijodi to'g'risida. Sayyohlarga xizmat ko'rsatadigan avtobuslarda mumtoz ashulalarni eshittirishni yo'lga qo'yish kerak, degan taklifi, jamiyat barcha jabhada ilmli insonlarga muhtojligi, yurtni zuluklardan tozalash, madaniyat boshqarmasida bironta ham konservatoriyani tamomlagan mutaxassis yo'qligi, «Suvora» aytganda, qayroq chalinishiga qarshiligi…bularning hammasi o'ylab ko'rishga arzigulik masalalar. Balki ular haqida keyinchalik yanada kengroq to'xtalarmiz.

Muhabbat TO'RABOEVA suhbatlashdi

Boshqa xabarlar