ANIQLANGAN MUAMMOLAR

103

Jamoatchilik komissiyasining Olmazor tumani aholisi bilan navbatdagi uchrashuvi «Allon», «Orzu», «Ziyo», «Universitet» mahallalarida bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori Rustam Qosimov, «El-yurt hurmati» ordeni sohibasi Dilbar G'ulomova, «Nuroniy» jamg'armasi raisi Shuhrat Jalilov va bir qancha mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Muloqot chog'ida O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiya­­si raisi, Jamoatchilik komissiyasi rahbari Qudratilla ­Rafikov yurtimiz obodligi va farovonligini ta`minlash yo'lida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlarga e`tibor qaratdi. Xususan, «Faol tadbirkorlik, innovasion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili» Davlat dasturi doirasidagi vazifalar, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari asosida keng miqyosdagi bunyodkorliklar amalga oshirilayotgani, «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturiga ko'ra yoshlarni ish bilan ta`minlash borasida salmoqli ishlar qilingani, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo'llab-quvvatlash birlamchi vazifaga aylangani tilga olindi.
Ishchi guruhlar tomonidan mahallalarda aniqlangan muammo va kamchiliklar bayon etilgach, mahalla fuqarolarining murojaatlari tinglandi.
Ishchi guruhning aniqlashicha, «Allon» mahallasi Farobiy shoh ko'chasida joylashgan «MAKRO» supermarketi qurilishi vaqtida piyodalar yo'lagi qazilib, kommunikasiya tarmoqlari o'tkazilgan. Ishlar tugagandan so'ng qariyb 100 metr masofadagi piyodalar yo'lagi chala ta`mirlanganicha qolgan.
Shu mahallada joylashgan 569-sonli maktabgacha ta`lim muassasasining shoxobchasi avariya holatida ekanligi bois faoliyat yuritmayapti. Fuqarolar uning o'rnida zamonaviy bolalar bog'chasi qurilsa, maqsadga muvofiq bo'lishini ta`kidlashdi.
Bundan tashqari, Farobiy ko'chasida bo'sh yotgan 3 sotix yer maydonida mahalla yoshlari uchun sport va bolalar maydonchalari qurish taklif qilindi.
Aksariyat mahallalarda kuzatilgani kabi «Allon» mahallasining Farobiy, Dutorchi va Ohakchi tor ko'chalarida 200 metr masofadagi ichki yo'llarning asfalt qoplamasi ta`mirtalabligi aniqlandi.
Aytib o'tilgan masalalarni hal etish va keyingi uchrashuvlarda aholiga batafsil axborot berish vazifasi mutasaddi tashkilotlar vakillari zimmasiga yuklatildi.
«Universitet» mahallasidagi o'rganishlar davomida ham ishchi guruh tomonidan bir qancha muammolar aniqlandi. Xususan, Allon tor ko'chasida istiqomat qiluvchi E.Shomirzaeva kommunal to'lovlardan qarzi mavjudligi sababli moddiy yordam so'rab murojaat qilgan. Farobiy ko'chasi, 356-uy, 1-xonadonda yashovchi fuqaro ­M.Ikromovaning uy-joyi ta`mirtalab, turmush o'rtog'i va o'zi 2-guruh nogironi.
Allon tor 5-berk ko'chasida yashovchi N.Rahmonovaning bildirishicha, ushbu ko'chada elektr tokining kuchlanishi 160 kvt.dan oshmaydi. Maishiy texnikalar deyarli ishlamaydi. Ko'chadagi 19 ta xonadon bundan aziyat chekmoqda.
Shu kabi ayrim tashkilot yoki muassasalarga taalluqli yoki birgalikda hal etish talab qilinadigan masalalar «Orzu» hamda «Ziyo» mahallalarida ham aniqlandi. Ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish borasida mas`ullarga tegishli vazifa va topshiriqlar berildi.

A`zam ABULFAYZOV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar