Aql gimnastikasi kuchi

26

Har bir ota-ona farzandining hayotda barcha qiyinchiliklarni yengib o'ta oladigan, oldiga qo'ygan maqsadlariga mustaqil yetishadigan bo'lib ulg'ayishini istaydi. Biroq ularda ijodkorlikka ishtiyoq uyg'otish va mustaqil fikrlash qobiliyatini qanday shakllantirish mumkin? Bu savolga har bir oilada turlicha yechim topiladi. Kimdir o'z farzandini raqs to'garagiga yo'naltirsa, ayrimlar sport mashg'ulotlariga olib boradi.

Boshqa birov bolasini texnik ijodiyot bilan shug'ullanishga jalb qiladi. Bu holatda tanlash imkoni ko'p. Ba`zi oilalar bolaning vaqti bekorga sarf bo'lmasligi uchun eng yaxshi usullardan biri sifatida shaxmatni tanlaydi. Bu bejiz emas, albatta. mazkur qadimiy o'yin bolaga katta quvonch bag'ishlash bilan birga aqliy salohiyati rivojida muhim ahamiyat kasb etadi. Shaxmat bola dunyoqarashini kengaytirib, uni o'ylash, fikrlash, eslab qolish, taqqoslash, kelajakni oldindan ko'ra olish va xulosa qilishga o'rgatadi. Bundan tashqari, shaxmat o'ynagan bolada e`tibor, qat`iyat, iroda, o'z-o'ziga tanqid va mustaqil xulosa qilish qobiliyatlari shakllanadi. Ayniqsa, giperfaol (bir joyda o'tira olmaydigan) bolalarni shaxmatga qiziqtirish juda foydali. Taniqli rus pedagogi V.Suxomlinskiy «Aql va xotira imkoniyatlarining to'liq rivojini shaxmatsiz tasavvur qilish qiyin», deganda juda haq edi. Kubalik mashhur shaxmatchi Raul Kapablankaning fikricha, «Shaxmat — shunchaki o'yin emas. Bu vaqt o'tkazishning ma`lum darajada badiiylik va ilmiylikka asoslangan intellektual foydali usuli. Jismoniy mukammallik uchun sport qanchalik muhim bo'lsa, aqliy salohiyat uchun shaxmat shunchalik muhim. U insonlarga xos bo'lgan alohida xususiyatlarni ­rivojlantirish va aqlni mashq qildirishning ­qiziqarli hamda qulay yo'lidir».
Ko'pchilik akademiklar, olimlar, matematika, iqtisod va boshqa fanlardan salohiyati yuqori bo'lgan kishilar bolaligidan shaxmat o'ynashga qiziqqan. Demak, bolaning intellektual rivojlanishida shaxmatning foydasi katta bo'lib, u iqtidorni rivojlantirishga ijobiy ­­ta`sir ko'rsatadi.
Xo'sh, necha yoshdan shaxmat o'ynashni ­boshlash mumkin? Bu savol ko'pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Dunyoga dong'i ketgan shaxmatchilarning tarjimai holi ularning bolalik chog'idayoq shaxmat bilan shug'ullana boshlaganini ko'rsatadi.

• Kubalik mashhur shaxmatchi Xose Raul Kapablanka (1888-1942) 5 yoshida otasiga qiziqib, shaxmat o'ynashni o'rgangan.
• Amerikalik grossmeyter Robert Fisher (1943-2008) shaxmat o'ynashni 6 yoshida opasidan o'rganganini e`tirof etgan.
• Jahon chempioni Garri Kasparov esa 5 yoshida shaxmatni o'rganib, 10 yoshida terma jamoa tarkibiga qabul qilingan.
• Rossiyalik xalqaro grossmeyster Anatoliy Karpov ham ilk shaxmat saboqlarini 5 yoshida ola boshlagan.
•O'zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov tarixda ikkinchi eng yosh (13 yosh) grossmeyster unvoniga sazovor bo'ldi. Jahondagi eng yosh grossmeysterlar ro'yxati 29 nafardan iborat bo'lib, Nodirbek Abdusattorov bu ro'yxatdan o'rin olgan birinchi o'zbekistonlikdir. Hamyurtlarimiz aka-uka Sindorovlar ham 8 yoshida shaxmat bo'yicha jahon chempioni bo'lishga erishishgan. Demak, shaxmatni maktabgacha bo'lgan yoshda o'rganish mumkin. Bu sport turi haqida bolaga ilk ma`lumotlarni ota-onalar berishi kerak. Misol uchun, «shaxmat» «shoh» va «mot» so'zlaridan yasalgani, «mot» arabchada «umri tugadi» degan ma`noni bildirishini, donalarning maqsadi shohni himoya qilish ekani, farzin — eng kuchli donaligi, har bir sipohining qanday yurishini o'rgatish unchalik qiyin ish emas. Agar kattalarning o'zi shaxmatni bilmasa, hozirda bu o'yinni mustaqil o'rganish bo'yicha ko'plab qo'llanmalar mavjud.

Shaxmat – shatranj xalqimizga begona emas. U necha ming yildirki, millatimiz ong-u shuuri va ijtimoiy hayot tarziga singib ketgan. 1996 yilda Dalvarzintepadan topilgan yigirma asrlik qimmatga ega shaxmat donalari ham buning isboti. Binobarin, biz shaxmat olamida yetakchi mavqega ega xalqlardan birimiz. Tabiiyki, o'zbekning qonida oqayotgan bu zakovat o'z-o'zidan paydo bo'lib qolmagan. Ilmga intilish va e`tibor tufayli u taraqqiy etgan.

Mamlakatimizda shaxmatni o'rgatishga davlat miqyosida katta e`tibor qaratilmoqda. «O'zbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Prezident qaroriga asosan joriy o'quv yilidan boshlab 150 ta umumta`lim maktabida tajriba tariqasida shaxmat fani o'qitilishi yo'lga qo'yildi. Bundan tashqari, shaxmat bo'yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o'smirlar Respublika sport maktabi hamda uning 11 ta filiali, shuningdek, 13 ta nodavlat shaxmat klubi va muassasalari ishlab turibdi. Shaxmat maktablarida tahsil olayotgan o'g'il-qizlarimiz kelgusida ajdodlarga munosib voris bo'lishi shubhasiz. Shunday ekan, bolalarga shaxmat o'rgating, aziz ota-onalar!

Zulfiya XOLMUHAMMEDOVA

Boshqa xabarlar