Baliqqa bor suv odamlarga yo'q…

389

Suvsiz hayot yo'qligini hammamiz bilamiz. Lekin ko'pchilik uni to'liq tasavvur bilan tushunmaydi. Chunki ichimlik suvi bilan bog'liq muammolarga duch kelganmiz-u, oqar suvga muhtojlik nima ekanligini bilmaymiz! ­Uyimiz jo'mragidan bir muddat suv oqmay qolgandagina suvsiz yashab bo'lmasligini anglaymiz.

Mirzaobod tumani «Do'ngariq» MFY hududida yashovchi aholi bu yilgi yozni suvsiz o'tkazdi. 14 ta xo'jalikdan iborat qishloq ahlini ko'p yillardan buyon suv muammosi qiynab kelmoqda. «Do'ngariq» MFY raisi Faxriddin Ergashevning aytishicha, bir paytlar bu hudud ekin ekish va chorvachilik uchun qulay bo'lgan. Hududdagi kanalga keyingi yillarda suv kelmay qolgan.
Qishloq aholisi 4 km. uzoqlikdagi qo'shni Tuyakash qishlog'idan eshak aravalarda suv tashib keladi. Ulovi yo'qlar suvni sotib olishga majbur. Qish kunlarida esa yo'l nosozligi sababli arava ham yura olmay qoladi. «Tez yordam» mashinasi ham shoshilinch yordam ko'rsata olmaydi. Bolalar qo'shni qishloqdagi 4-sonli umumta`lim maktabiga qatnaydi. Ilgari avtobus qo'yilgan. Keyingi paytda esa bolalar o'qishga piyoda borishgan.
O'tgan yili qishloq ahli ichimlik suvi va yo'l muammosi bo'yicha Prezident portaliga murojaat qilgan. Tuman hokimligi qishloq 2018 yil dasturiga kirishini ma`lum qilgan, biroq haligacha hech qanday o'zgarish yo'q.
Qishloqqa yondosh hududda baliqchilik xo'jaliklari tashkil etilgan. «Baliqlarga topilgan suv odamlarga yo'q. Baliqchalik qadrimiz yo'qmi?», deydi qishloq aholisi biz bilan suhbatda.
Masalaning yechimini izlab tuman hokimligiga murojaat qildik. Tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivoj­lantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar masalalari bo'yicha o'rinbosari Rahim Anorboev bu qishloqdagi muammo bilan tanishligi, yaqinda o'quvchilarning maktabga qatnashi uchun transport qatnovi yo'lga qo'yilganini ma`lum qildi.
Tuman hokimining qurilish, kommunikasiya, kommunal xo'jalik va obodonlashtirish masalalari bo'yicha o'rinbosari Eldor Mamanazarovning aytishicha, 2018 yil rejasiga ko'ra tumandagi 19 km. uzunlikdagi yo'llarni ta`mirlash rejasi viloyat tashkilotiga taqdim etilgan. Biroq dasturga bor-yo'g'i 10,5 km. yo'l kiritilgan, xolos. Shu sababli qishloq yo'llari yana e`tibordan chetda qolgan.
Tuman «Suvoqova» DUK filiali rahbari Sherzod Shoimov bu masalalar bosqichma-bosqich hal bo'lishi, bu yilgi dasturga Tuyakash qishlog'i kiritilganini bildirdi. «Do'ngariq» mahallasi aholisini ichimlik suvi bilan ta`minlash uchun tik quduq qazish, suv minorasi va yangi suv ko'tarish nasosini o'rnatish hamda 1,5 km.lik suv quvurlarini tortish, buning uchun 110-120 million so'm mablag' talab qilinar ekan.
Kanal boshlig'i Hamroqul Xonimqulovning aytishicha, 2018 – 2021 yillar davomida kanalda betonlash ishlari amalga oshiriladi. Shu bois kanalga suv berish to'xtatilgan. Bedachilik va anorchilik fermer xo'jaligi ekinlarni sug'orish uchun Markaziy Mirzacho'l zovuridan nasos orqali suv oladi. Zovur suvi ichishga yaroqsiz.

Xullas, mutasaddilar muammoning yechimi sifatida «mablag' ajratilsa», «dasturga kiritilsa» degan bahonani ro'kach qilish bilan cheklanishmoqda. Lekin qishloq ahlining yuragida umid, ko'zlarida ishonch bor. Ular muammoning yechimi borligini bilishadi. Mutasaddilar amaliy sa`y-harakatini boshlasa, imkon topiladi. Bunga esa aslo shubha yo'q…

Ozoda MAMADALIEVA,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar