Gazetxonlar huzurida

63

Urganchdagi «Xorazm palas» mehmonxonasida «Ishonch» va «Ishonch-Doverie» gazetalari tahririyati ijodiy jamoasining gazetxonlar bilan uchrashuvi tashkil qilindi. Mahalliy jurnalistlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda xalqimizning axborotga ehtiyoji oshib borayotgan, axborot texnologiyalari hayotimizga keng kirib kelayotgan bir davrda gazetalar nufuzini yanada oshirish lozimligi xususida so'z yuritildi.

Tadbir ishtirokchilari e`tirof etganidek, mamlakatimizda taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo'yilib, barcha sohalarda hayotbaxsh islohotlar jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, OAV va matbuot erkin va shaffof faoliyat yurita boshlab, yuraklar qatidan nish urib chiqqan orzu-umidlar ro'yobi o'z ifodasini topmoqda. Bu jarayon «Ishonch» va «Ishonch-Doverie» gazetalarida ham yorqin namoyon bo'lmoqda. Xususan, «Javob izlayotgan savollar», «Shaxsiy fikr», «Dolzarb mavzuda suhbat» ruknlari ostidagi har bir chiqish o'zining dolzarbligi bilan o'quvchilar e`tiborini tortmoqda. Berilayotgan maqolalar, intervyularda islohotlar jarayonlari keng tahlil qilinib, mavjud muammolarga yechim topish darajasi ortdi.
– Shu bilan birgalikda, gazeta e`tibor qaratishi lozim bo'lgan masalalar bir talay, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali professori, tibbiyot fanlari doktori Ibodulla Abdullaev. – Shaxsan men gazeta sahifalarida xorijiy davlatlar kasaba uyushma tashkilotlari haqida tahliliy maqolalar, ularning rahbarlari bilan jonli suhbatlar o'rin egallashini xohlardim.
– «Ishonch»da berilayotgan tahliliy maqolalarni sevib mutolaa qilaman, – deydi O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi matbuot kotibi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Dilrabo Quryazova. – Ushbu tahliliy maqolalar bilan birga, mavzu yuzasidan ekspertlar fikri ham berib borilsa, ularning ta`sirchanligi yanada ortgan bo'lardi. Bundan tashqari, gazeta ishchi-­xodimlar orasida turli mavzularda ijtimoiy so'rovlar o'tkazishni yo'lga qo'yib, shu asosda tanqidiy-tahliliy maqolalar berib borilsa, mehnat sohasidagi ko'plab masalalarning tezkorlik bilan yechim topishiga erishilardi.
– Sevimli nashrimizda aholining ekologik madaniyatini oshirishga yo'naltirilgan maqolalarni ko'paytirish orqali mavzu doirasini yanada kengaytirish imkoniyati bor, – deydi Urganchdagi 30-sonli mahalla faoli Qurbonbika O'rozmetova. – Qolaversa, ishxonalardagi ayrim muammolarning yuzaga kelishi insonlar ruhiyati bilan bog'liqligini inobatga olib, mutaxassislar maslahati berib borilsa, ayni muddao bo'lardi.
Ijodiy uchrashuvda Xorazm viloyati matbuot va axborot boshqarmasi boshlig'i Dilbarjon Bekjonova, yozuvchi va publisist Shuhrat Matkarim va boshqalar yurtdoshlarimizni kitobxonlikka, gazetxonlikka undashda ushbu nashr tajribasidan foydalanish maqsadga muvofiq ekanini qayd etdilar.
Mumtoz qo'shiqlarning mohir ijrochisi Azamat Otajonov konserti uchrashuvga bayramona ruh bag'ishladi. ASM xodimlari kasaba uyushmasi Yangibozor tumani kengashi raisi Raimboy Sherjonov yig'ilganlarni Pahlavon Mahmud ruboiylaridan bahramand qildi.
Bahs-munozaralar va fikr almashuvlar tahririyat jamoasiga ham, gazetxonlarga ham birdek manzur bo'ldi.

Muhabbat TO'RABOEVA,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar