Konvensiya talablari bajarilmoqda

128

Mamlakatimizdagi iqtisodiy jihatdan salohiyati hamda nufuziga ko'ra yetakchi korxonalardan biri hisoblanmish «Jizzax akkumulyator zavodi» aksiyadorlik jamiyatida «Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat sohasi istiqbollariga oid yuz yillik tashabbusini amalga oshirishda kasaba uyushmalarining vazifalari» mavzuida mintaqaviy seminar bo'lib o'tdi.

Unda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederasiyasidan ekspertlar, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmalaridan vakillar va ­ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Mintaqaviy seminarni Jizzax viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi raisi Nusratulla Pardaev kirish so'zi bilan ochib, ishchi-xodimlarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularga munosib ish sharoitlari yaratish, mehnatni muhofaza qilish borasida kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar xususida ma`lumot berdi.

Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktorining maxsus maslahatchisi Kari Tapiola o'z chiqishida XMTning O'zbekiston tomonidan ratifikasiya qilingan konvensiya­lari me`yor va talablari, korxona va tashkilotlar hamda tadbirkorlik sub`ektlarida ish beruvchi va xodim o'rtasida mehnat qonunchiligi ijrosini ta`minlash, bu jarayonda kasaba uyushmalarining faolligini yanada kuchaytirish, XMTning mehnat sohasi istiqbollariga oid yuz yillik tashabbusi to'g'risidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Bundan tashqari, tadbirda Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederasiyasining Butunevropa mintaqaviy kengashi maslahatchisi Goda Neverauskayte, XMTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo'yicha Byurosi bosh mutaxassisi Gocha Aleksandriya Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederasiyasining navbatdagi kongressida muhokamaga qo'yiladigan masalalar, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) konvensiyalari, xususan, O'zbekiston Res­publikasi tomonidan ratifikasiya qilingan konvensiyalar, fuqarolarning mehnat va bandlik sohasidagi huquqlarini ta`minlash xususida so'z yuritishdi.
– Anjumanda kasaba uyushmalari, ish beruvchilar va ishchi-xodimlarning o'zaro munosabat-muloqotini kuchaytirish, mehnatni muhofaza qilish, xodimlarning ijtimoiy himoyasi kabi dolzarb masalalarga to'xtalib o'tdik. So'ng­­gi yillarda O'zbekistonda xalqaro konvensiyalarga amal qilish borasida katta ijobiy o'zgarishlar kuzatilmoqda. Bugungi seminarda ham ana shu huquqiy hujjatlar ijrosini samarali ta`minlash, kasaba uyushmalarining jamiyat hayotidagi rolini yanada kuchaytirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi, – deydi Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo'yicha byurosi bosh mutaxassisi Gocha Aleksandriya.
– Ma`lumki, Xalqaro mehnat tashkilotiga dunyoning 187 ta davlati a`zo. Bir qator konvensiyalar qabul qilingan bo'lib, O'zbekiston ularning 14 tasini ratifikasiya qilgan. Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari bilan hamkorlikda bir qator hududlarda ana shu konvensiyalar ijrosi bilan tanishdik. Kuzatuv davomida joylarda konvensiya talablari bajarilayotganiga guvoh bo'ldik. Bugungi seminarda Xalqaro mehnat tashkilotining yetakchi mutaxassislari ishtirokida ishchilarga munosib mehnat shart-sharoitlarini yaratish, xodimlarning haq-huquqlarini himoyalash, bolalar va o'smirlarni majburiy mehnatga jalb etishning oldini olish kabi masalalar bo'yicha jahon tajribasi haqida atroflicha so'z yuritildi. O'ylaymanki, ushbu tadbir mamlakatimizda mehnat qonunchiligining sifatli ijro etilishiga xizmat qiladi, – deydi «Jizzax hududiy elektr tarmoqlari» AJ kasaba uyushma qo'mitasi raisi Ilhom O'rinov.
Seminarda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi kengashi apparati mas`ul xodimlari Federasiya tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, chora-tadbirlar haqida so'z yuritishdi.
«Jizzax akkumulyator zavodi» aksiyadorlik jamiyati Bosh direktori Tal`at Usmonov hamda korxona kasaba uyushma qo'mitasi raisi Ulug'bek O'rozboevning ishchi-xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, kasaba uyushmasining faoliyati haqidagi ma`lumoti ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi.
Tadbir so'ngida ishtirokchilar korxonaning ijtimoiy ob`ektlari va ishlab chiqarish uchastkalari bilan yaqindan tanishdi.

Alijon ABDURAHMONOV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar