KO'MIR TAShVIShIDA KEChAYoTGAN UMRLAR yoxud eski nog'ora qachongacha chalinadi?

139

«Mahallada duv-duv gap» filmini necha marta ko'rgansiz? «Omborga ketdim!» deya kabobxo'rlik qilib, uyquni uradigan baza mudiri esingizdami? O'nlab yuk mashinalari turnaqator bo'lib navbat kutadi, boqibeg'am mudirning esa parvoyi palak.

Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi «Poytug'» ko'mir ­omborida shunga o'xshash manzarani tez-tez kuzatish mumkin. Insof bilan aytganda, ombor egalari film qahramoni kabi uzoq vaqt tushlik qilmaydi. Biroq… Ko'mir tarqatilayotgan paytda qo'shimcha vagon kelib qoladi deylik. Yukni birato'la tushlikdan keyin bo'shatishga qaror qilinadi. Asosiy e`tibor shu tomonga qaratiladi. Barcha yumushlar – vagondan tushgan ko'mirni tartibga keltirishdan tortib mashinaga ortishgacha bitta texnika biriktirilgan. Bunday pallada kunning birinchi yarmida navbatga yozilganlarning safi kengayib, uch-to'rt soatgacha ekskavatorga sarg'ayib o'tirishlarini ko'ring!
Ko'mir ta`minoti «O'zbekiston temir yo'llari» tizimiga o'tgach, aholi Poytug'dagi ­omborda ham uni tarqatish bilan bog'liq tartib-tamoyillar o'zgarib, xaridorlarga qulaylik yaratilsa kerak, deb o'ylagan edi. Biroq ikkinchi mavsum boshlandiki, haligacha eski nog'oraga o'ynatishyapti. Bu yil bitta «yangilik» joriy etildi: ombor kassasi ma`muriy binodan 100 metr nariga – mahallaning ichiga ko'chirib qo'yildi. Nima bo'pti, deyapsizmi? Ko'mirni yuklatasiz, olib chiqib ketish bilan bog'liq mashaqqatlarni ortda qoldirasiz va… pulini mahallaga borib to'laysiz. To'lamaguningizcha olib chiqib ketib ko'ring-chi!
Bunisiga nima deysiz: mashinalarga ko'mir ortiladigan maydondan o'ttiz qadam narida, ya`ni temir yo'lning narigi tomonida tarozi joylashgan. Salkam o'n yildirki, avtoulovlar unga temir yo'ldan o'tolmay, bir kilometr aylanib, tuman markazi orqali borishyapti. Tarozidan o'tgach, yana bir dahmaza paydo bo'ladi – aksariyat holda ko'mir mo'ljalingizdan kam chiqadi. Masalan, bitta ko'chadagi beshta xonadon bir tonnadan ko'mir olmoqchi. Aytaylik, ekskavator 5 o'rniga 4 tonna yuklab qo'yadi. Nima qilish kerak? Mashina yana 1 tonna uchun tuman markazi orqali 1 kilometr yo'l bosib omborga qaytib kelishga majbur. Navbatda turganlar osonlikcha yo'l berishadi, deb o'ylaysizmi? Asabbuzarlik, «adi-badi» aytishish, baqir-chaqirlar…
Haydovchi qo'shimcha ko'mir yuklab ham chiqdi. Uchinchi marta yana markaz orqali taroziga qaytib keladi. Asab­lari mustahkam xaridorlar toqat qilar, ammo shashti sustroq odam «bor-e» deb qo'l siltab ketishi aniq.
Tarozini ko'chirsa bo'lmaydimi? Bo'ladi! Buning uchun ko'mir ta`minotiga bosh bo'lgan rahbarlar aholiga qayishishi kerak. Bundan o'n yillar avval omborga yondosh hududda 60 tonnalik tarozining borligini ko'pchilik yaxshi eslaydi.
Darvoqe, eng muhim gap: Bu yil ko'mirning bir tonnasi 273 ming, briket esa 375 ming so'mga narxlandi. Ammo Poytug'dagi omborda ko'mir briket narxida sotilyapti. Sababini so'rasak, yirik ko'mir briket o'rniga kelayotgan emish. 273 ming so'mlik ko'mir esa xuddi elakdan o'tkazilgan qora tuproqqa o'xshaydi. Shu sababli odamlar qimmat narxdagi ko'mirni olishga majbur bo'lmoqda.

«O'zbekiston temir yo'llari» aksiyadorlik jamiyatining «Temiryo'lyonilg'ita`minot» boshqarmasi Qo'qon birlashgan yonilg'i ombor xo'jaligiga qarashli Andijon viloyati ko'mir omborlari bo'linmasi (tashkilotning nomi naq 21 harfdan iborat ekan) rahbariyati bu muammolarga qanday munosabat bildiradi – buni vaqt ko'rsatadi. Lekin yog'in-sochinli kunlar boshlanishi arafasida chor­a-tadbirlar cho'zilib ketmasa bo'lgani…

Nurillo NO'`MONOV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar