Sohibqironning «vannasi» qaerda?

158

«Ishonch» gazetasining 2018 yil 15 sentyabrdagi sonida chop etilgan «Gidlar nimalarni hikoya qilmoqda?» sarlavhali maqolasida bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri ko'tarilgan.

Haqiqatan ham gidlar masala mohiyatini to'g'ri so'zlab bermasa, tinglovchida noto'g'ri tasavvur paydo bo'ladi. Bunga bir necha bor guvoh bo'lganman. Masalan, O'zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi ­Respublika kengashining tashabbusi bilan Rossiyaning turdosh kasaba uyushmasi bo'lgan «Ros­ximprofsoyuz»ning Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo'yicha hududiy tashkiloti hamda Belarusning turdosh kasaba uyushmasi – «BELXIMPROFSOYuZ» tashkiloti vakillarini Samarqand shahrining tarixiy yodgorlik­lari va madaniy ob`ektlari bilan tanishtirishni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida ­gidlar yordamidan foydalanishga to'g'ri keldi.
Rossiyaning turdosh kasaba uyushmasi vakillari bilan bo'lgan suhbatda gidning saviyasi va bilimi, nafaqat Samarqand, balki Markaziy Osiyoning tarixini mukammal bilishi hamda Islom dini to'g'risidagi ma`lumotlari barchani hayratga soldi. Lekin Belarusning turdosh kasaba uyushmasi tashkiloti vakillari bilan bo'lgan suhbatdagi gidning saviyasi buning aksi bo'lib chiqdi. U Amir Temur maqbarasiga kirishdagi ayrim arxeologik topilmalar haqida noto'g'ri so'zladi. Uning tushuntirishicha, maqbaraga kiraverishdagi xarsang toshdan o'yilgan idish Amir Temurning yuvinish vannasi (?) ekan… Holbuki, bu idishdan Amir Temur ko'p yillik safarlari oldidan lashkarlarini qo'l bilan sanash bexosiyat ekani sababli idishni anor suvi bilan to'ldirib, ularga ichirgan va qaytgandan so'ng ham shu tadbirni qaytarib, o'rtadagi farq bilan safarda qancha odamini yo'qotganini aniqlagan. U shu kabi anchagina haqiqatdan yiroq ma`lumotlarni keltirdi. Bunday salbiy holatlarga Buxoro va Xorazmdagi tarixiy yodgorlik­lar ziyoratida ham guvoh bo'lganman.
Shunday ekan, gidlarning bilimi va saviyasi bilan alohida shug'ullanadigan payt keldi, deb o'ylayman. Buning uchun yuqori darajadagi davlat komissiyasi tuzilib, ular bir yoki ikki yilda imtihon qilinsa, shundagina bu kasb bilan shug'ullanishi uchun tegishli sertifikat berilsa, nur ustiga nur bo'lardi.

Bahriddin YuSUPOV,
«Samarqandkimyo»
aksiyadorlik jamiyati kasaba
uyushma qo'mitasi raisi

Boshqa xabarlar