Ezgulikni maqsad qilgan inson hamisha g'olib

245

Haqiqiy ijodkor odamlar orasiga kirganda, qalbi olovlanadi. Yuragidagi so'z ishqi yana yangi ranglar bilan jilolanadi. Shuning uchun ham OAV vakillari mushtariylar bilan yuzma-yuz bo'lishni o'zlariga odat bilishgan. Ayni shu uchrashuvlar yangidan-yangi o'quvchilar topish uchun o'ziga xos imkoniyat, doimiy mushtariylarning ­fikr-mulohazalaridan o'ziga xos g'oyalar olish uchun noyob fursat vazifasini o'taydi.

Namangan viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi Ma`naviyat markazida «Ishonch» va «Ishonch-Doverie» gazetalari vakillari bilan o'tkazilgan ijodiy uchrashuv qatnashchilarga juda manzur bo'ldi. Unda gazeta mundarijasini yanada boyitish yuzasidan qimmatli fikrlar o'rtaga tashlandi. O'z o'rnida, gazetxonlar tomonidan yangragan iliq tilaklar, samimiy izhorlar hamda ijodiy takliflar ijodkorlarga o'ziga xos rag'bat berdi.

– Darhaqiqat, «Ishonch» va «Ishonch-Doverie» gazetalari bizga har jihatdan yordamchi bo'lmoqda, – dedi Namangan viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi Shuhrat Musaev. – O'z sohamizga doir hujjatlar bilan ham mazkur gazetalar orqali tanishamiz. Shuningdek, tizimda uzoq yillar mehnat qilgan, o'z tajribasiga ega, yutuqlari bisyor fidoyilar haqida ham chiqishlar qilinmoqdaki, ular bilan tanishish asnosi har bir yetakchida havas uyg'onishi, ularga intilish hissi kuchayishi tabiiy.
Yig'ilishda, shuningdek, kasaba uyushmalari faollari o'z mulohazalarini bildirishdi.
Ikromxon Sharafiddinov, ASM xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining viloyatdagi mas`ul tashkilotchisi:
– Ezgulikni maqsad qilgan inson hamisha g'olibdir, deyishadi. O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining maqsadi ham, faoliyati ham insonga naf keltirishga yo'naltirilgan. Muassis faoliyati, kundalik hayotini izchillik bilan targ'ib qilish niyatida tashkil etilgan gazetaning ustuvor maqsadi ham ezgulik asosiga qurilgan. Gazetaning har bir sonini shunchaki varaqlamayman, materiallarning mag'zini chaqishga harakat qilaman. Sevimli nashrimizda «Ishonch telefonlari» ishonchlimi?» kabi maqolalar, Azamat Otajonov bilan «Sen suvora ayt, men yayrab yig'lay…» kabi diltortar suhbatlarni o'qish barchamizga yoqimli. Yoki adabiyot namoyandalari haqida berib borilayotgan turkumlar mushtariylarni gazetaga yanada yaqinlashtirdi, deyish mumkin.
Shermuhammad Begmatov, NamDU kasaba uyushma qo'mitasi raisi:
– Gazeta sahifalarida «A`zolik biletini olgach…» degan rukn tashkil qilinib, kasaba uyushmaga a`zolikni afzallik­larini yanada ko'proq asoslasak. Men doimo talabalarga shu haqda gapiraman, mehnat staji emas, kasaba uyushmasiga ­a`zolik staji ko'plab ijtimoiy imtiyozlar kafolati ekanini tushuntiraman. Biroq bu tushuntirishlar tor doirada bo'lib qolmasligi kerak.
Tadbir jonli, qiziqarli va taassurotlarga boy o'tdi. Gazetxonlarning fikrlari ijodkorlarni faoliyatni yanada takomillashtirishga undadi, ijodiy kayfiyatini ko'tardi.

«Ishonch» muxbiri
Dildora Rahmonova
yozib oldi.

Boshqa xabarlar