Bemisl imkoniyatlar diyori Rossiya haqida biz bilgan va bilmagan ma`lumotlar

375

Rasmiy nomi Rossiya Federasiyasi deb nomlangan mamlakat Sharqiy Yevropa va Shimoliy Osiyo­­da joylashgan bo'lib, hududi bo'yicha jahonda birinchi o'rinda turadi, maydoni 17 125 191 km²ni tashkil qiladi (salkam Janubiy Amerika qit`asiga teng).

2018 yilgi ma`lumotlarga ko'ra, Rossiya aholisi 146 880 432 kishidan iborat bo'lib, bu jahonda to'qqizinchi o'rin demakdir.
Rossiya Federasiyasi 85 ta sub`ektdan iborat va shundan 46 tasi oblast (viloyat), 22 tasi respublika, 9 tasi o'lka, 3 tasi federal darajadagi shahar, 4 tasi muxtor okrug va 1 tasi muxtor viloyatdir. Mamlakatda jami 157 mingta aholi punkti bor.
Rossiya 20 ta davlat bilan chegaradosh, bu jahondagi eng yuqori ko'rsatkichdir. Rossiya – ko'pmillatli davlat bo'lib, xilma-xil etnomadaniyati bilan ajralib turadi.
Rossiya sanoati rivojlangan va fazoni tadqiq etuvchi yetakchi davlat sifatida tan olinadi, boy madaniy merosga ega mamlakatlar ro'yxatiga kiradi. Rus tili BMT, YuNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlarning oltita rasmiy tilidan biri hisoblanadi. Rossiya veto qo'yish huquqiga ega bo'lgan BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a`zosidir.
Ilk bor yozma shakldagi «Rosiya» (yunoncha Ρωσία) iborasi X asrda tilga olinadi. Bu ibora Vizantiya imperatori Konstantin Bagryanorodniyning «Marosimlar haqida» va «Imperiya­­ni boshqarish to'g'risida»gi asarlarida ishlatilgan. Kirillchada «Rosiya» (Rѡsїѧ) so'zi ilk bor 1387 yilning 24 aprelida mitropolit Kiprianga berilgan maqomda – «Kiev va Butun Rosiya mitropolit» deya qo'llanilgan. XV-XVI asrlarda Moskva knyazligi yerlari «Rosiya» sifatida ko'rilgan. 1547 yilda Ivan IV toj kiyganidan keyin mamlakat nomi «Rossiya podshohligi» sifatida rasman e`lon qilingan. Ikkita «s» harfi bilan «Rossiya» deya yozilish XVII asr o'rtalarida boshlanib, Pyotr I davrida mustahkamlab qo'yildi.
1721 yil 22 oktyabrida Pyotr I Butunrossiya Imperatori deya e`lon qilindi va mamlakat Rossiya imperiyasi deya ataldi. 1917 yilning 1 sentyabrida Rossiya respublika deya e`lon qilindi, 1918 yilning 10 yanvarida mamlakat nomi Rossiya Sosialistik Federativ Sovet Respublikasi deya nomlandi (1936 yilda «Sovet» va «Sosialistik» so'zlarining o'rni almashtirildi). O'shandan boshlab «Rossiya Federasiyasi» atamasi ishlatiladi.
Rossiya – jahondagi suv bilan ta`minlangan mamlakatlardan biridir. U jahondagi eng yirik chuchuk suv zaxirasiga ega. Xususan, Baykal jahondagi eng katta zaxirali va eng chuqur ko'l sanaladi.
882 yilgacha Rus davlatining poytaxti Novgorod, keyinchalik Kiev bo'lgan. So'ng Moskva poytaxt sifatida tanlangan, 1712 yilda poytaxt Sankt-Peterburgga ko'chirildi. 1728-1732 yillarda poytaxt yana Moskvaga qaytarildi, 1732 yilda yana Sankt-Peterburg­ga (1914 yil 18 (31) avgustidan Petrograd deb atalgan) ko'chib bordi.
1918 yil 12 mart kuni Moskva yana poytaxt maqomini oldi.
1999 yilning 31 dekabrida prezident Boris Yelsin iste`foga chiqishi borasida bayonot berdi. RF Hukumat raisi V.V.Putin prezident vazifasini vaqtincha bajarib turuvchi etib tayinlandi.
2000 yilning mart oyida bo'lib o'tgan prezidentlik saylovida Vladimir Putin g'alaba qozondi va Rossiya Federasiyasining ikkinchi Prezidenti etib saylandi. 2000-yillarda Rossiya­­da keng qamrovli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar o'tkazildi. 2005 yil sentyabrida sog'liqni saqlash, ta`lim, qishloq xo'jaligi va turarjoy siyosati masalalarida muhim ijtimoiy vazifalarni hal qilishga qaratilgan «Milliy loyihalar» hayotga tat­biq etila boshlandi. 2000 – 2008 yillarda Rossiyada o'tkazilgan islohotlar samarasi o'laroq iqtisodiy o'sish sur`atlari ko'zga tashlandi, aholining daromadlari ko'paydi, siyosiy barqarorlik yuzaga keldi. Shu davr mobaynida aholining qashshoqlik darajasi ancha pasaydi. Buning natijasi sifatida vertikal ijroiya hokimiyat mustahkamlandi va hukmron partiya shakllandi.
2007 yilda joriy etilgan onalik sarmoyasi tug'ilishni rag'batlantirishga xizmat qildi, ko'pbolali oilalarni qo'llab-quvvatlash esa Rossiyada demog­rafik vaziyatni barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

2000 yilda Rossiya Federasiyasi prezidentining federal okruglardagi muxtor vakili lavozimining joriy qilinishi hokimiyat obro'sini mustahkamladi, Rossiya parchalanib ketishi xavfining oldini oldi. 2000 yildan boshlab markaziy (federal) hukumatni mustahkamlash va ayrim mintaqa rahbarlarining umumdavlat siyosatiga aralashuvini susaytirish siyosati olib borildi. Bir qator yirik korxonalarning davlat ixtiyoriga o'tkazilishi tufayli federal hukumat ta`siri kuchaydi.
2008 yilda Rossiya Qurolli kuchlarini keng qamrovli isloh qilish ­boshlandi, bu, o'z navbatida, jangovar salohiyatni kuchaytirdi.
2010 – 2014 yillarda go'daklar o'limi Yevropaning ayrim mamlakatlariga qaraganda keskin kamaydi. Bu Rossiya sog'liqni saqlash tizimida jiddiy o'zgarishlar yuz berganidan dalolat edi. Yo'l- transport hodisalari tufayli o'limlar hamda o'z joniga qasd qiluvchilar soni kamaygani qayd qilindi.
Rossiyada 77 ta siyosiy partiya ro'yxatdan o'tgan bo'lishiga qaramay, faqat oltita partiya vakillarigina Davlat Dumasida faoliyat yuritadi.
Bugungi kunda Rossiya BMTga a`zo 189 ta davlat bilan diplomatik munosabat o'rnatgan, 144 ta mamlakatda diplomatik vakolatxonasi bor. Rossiya pasporti bilan 76 ta davlatga vizasiz borish mumkin, 32 ta mamlakatda esa borilgan zahotiyoq avtomatik tarzda viza olinadi.
G'alla eksporti bo'yicha Rossiya jahondagi yetakchi davlatlardan biridir. U 84 ta mamlakatga g'alla eksport qiladi. Shuningdek, chorvachilik ham taraqqiy etgan.
Rossiyada ichki va tashqi sayyohlik rivojiga katta e`tibor qaratilmoqda. U sayyohlar tashrifi borasida jahonda 9-o'rinda turadi.
Rossiya avtomobil yo'llarining uzunligi 1 million kilometrdan oshib ketadi.
Mamlakatda 1218 ta aeroport bo'lib, jami 46 ta aviakompaniya faoliyat yuritadi.
Rossiyada 200 dan ortiq millat va elat yashaydi, xalqlar 100 dan ortiq til va lahjalarda gaplashadi. Eng ko'p tarqalgan til rus, tatar, boshqird, ukrain va chuvash tili. Aholining 80 foizini ruslar tashkil qiladi.
Tahlilchilarning so'zlariga ko'ra, Rossiyaning oyoqqa turishida adabiyotning, jumladan, xalq og'zaki ijodining o'rni katta bo'lgan. Rossiya­­da dunyo­viy adabiyot XVII asrga kelib paydo bo'ldi va rivojlandi. XVIII asrda V.K.Trediakovskiy, A.D.Kantemir, M.V.Lomonosov, G.R.Derjavin, N.M.Karamzin, A.P.Sumarokov va ­D.I.Fonvizin kabi shoir, yozuvchi va dramaturglar paydo bo'ldi.
XIX va XX asrlarda esa rus diyori A.S.Griboedov, N.V.Gogol, A.N.Ostrovskiy, D.V.Grigorovich, M.E.Saltыkov-­Shedrin, F.M.Dostoevskiy, I.S.Turgenev, L.N.Tolstoy, A.P.Chexov, M.Gorkiy, M.A.Bulgakov, I.A.Bunin, A.I.Kuprin, I.E.Babel, V.V.Nabokov, V.G.Korolenko, A.P.Platonov, K.G.Paustovskiy, V.F.Tendryakov, A.I.Soljenisыn, V.P.Astafev, V.G.Rasputin, V.N.Voy­novich kabi buyuk ijodkorlarni yetishtirdi. Ularning asarlari dunyo xalqlarining turli tillariga tarjima qilindi va to hanuz jahon adabiyotining durdonalari sifatida tan olinadi.
Rossiya nazmini V.A.Jukovs­kiy, A.S.Pushkin, M.Yu.Lermontov, F.I.Tyutchev, N.A.Nekrasov, A.A.Blok, A.M.Dobrolyubov, S.A.Esenin, N.S.Gumilev, O.E.Mandelshtam, V.V.Mayakovskiy, M.I.Svetaeva, B.L.Pasternak, A.A.Axmatova, A.T.Tvardovskiy, K.M.Simonov, A.A.Tarkovskiy, V.S.Visoskiy, R.I.Rojdestvenskiy, A.A.Voznesenskiy, B.A.Axmadulina, B.Sh.Okudjava, R.H.Hamzatovlarsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Rossiyalik to'rt adib: Bunin (1933 yili muhojirlikda), Pasternak (1958), Sholoxov (1965) va Soljenisыn (1970) Adabiyot bo'yicha Nobel mukofotini olgan.
Jahon musiqasini M.I.Glinka, ­A.P.Borodin, P.P.Bulaxov, M.P.Musor­gskiy, P.I.Chaykovskiy, N.A.Rims­kiy-Korsakov, A.N.Skryabin, S.V.Raxmaninov, S.S.Prokofev, I.F.Stravinskiy, D.D.Shostakovich, A.I.Xachaturyan kabi rus kompozitorlarining asarlarisiz tasavvur qilib bo'lmaydi.
Alla Pugachyova, Valeriy Leontev, Muslim Magomaev, Edita Pexa, Iosif Kobzon, Lev Leshenko, Yuriy Antonov, Filipp Kirkorov, Dima Bilanlarning qo'shiqlarini ko'pgina xalqlar sevib tinglashadi.
Rossiya muzeylari soni va muzey fondi bo'yicha jahonda oldingi o'rinlarda turadi. 2027 ta muzeyda 60 milliondan ziyod noyob eksponat saqlanadi. Bir yilda Rossiya muzeylariga 70 million kishi tashrif buyuradi. Davlat Ermitaji jahondagi eng yaxshi 10 ta muzey ro'yxatiga kiritilgan.
Rossiyada ilk nashrlar XVIII asrda paydo bo'lgan, biroq bosma ommaviy axborot vositalari XIX asr oxirlarida taraqqiy etdi.
Etakchi axborot agentliklari sifatida TASS (1904 yilda asos solingan), «Rossiya segodnya» (2013 yilda tashkil etilgan), «Interfaks» (1989 yilda tuzilgan) faoliyat yuritadi.
Xitoy, Hindiston, Braziliya, JARning Rossiya bilan birgalikda BRIKS tashkilotini tuzganiga ancha bo'ldi. Shanxay hamkorlik tashkilotining ham mavqei ortib bormoqda. Turkiya o'z ishlarini Rossiya bilan bamaslahat olib borishga harakat qilmoqda. Jahon miqyosidagi global muammolarni bartaraf etishdagi Rossiyaning muvaffaqiyatlari uning atrofida mazlum mamlakatlarning to'planishiga zamin yaratmoqda. Bularning bari dunyo­ning yangi qutb ­doirasida birlashayotganidan dalolat berib turibdi.
Hokimiyat tepasiga kelgan ilk yillarda Vladimir Putin deyarli parchalanish arafasiga kelib qolgan Rossiyani oyoqqa turg'azish, qotillik va jinoyatchiliklar sonini kamaytirish, armiya qudratini oshirishga kirishdi. Mamlakatda tartib va xavfsizlik qaror topgach Rossiya yana global miqyosdagi buyuk davlatga aylandi. Kremlning dunyo siyosati sahnidagi o'rni hamda mavqei kuchaydi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish dunyo maydonida Rossiyaning tutgan o'rniga yuksak baho berdi. Uning ta`kidlashicha, Rossiya doim jahon siyosatining markazida bo'lib keladi. Hattoki, iqlim o'zgarishi yoki ekologiya masalalari ham Rossiyaning ishtirokisiz hal etilishi mumkin emas. Ayniqsa, xalqaro terrorizm muammosi Rossiyasiz butkul hal bo'lmaydi. Shu sabab ham Antoniu Guterrish Vashington va Moskva ochiq, shaffof, adolatli hamda pozitiv ruhda muloqot o'tkazishlari lozimligini ta`kidlaydi. Bu esa o'zaro aloqalarni yaxshilashga olib keladi. Natijada mavjud muammolarni hal etishda barcha mexanizmlar harakati to'liq tartibga solinadi.
Eng ko'p qo'shniga ega bo'lgani, muayyan davlatlar bilan faol iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy hamkorlikni rivojlantirishga majburligi nuqtai nazaridan zamonaviy Rossiyaning milliy va davlat manfaatlari quyidagilarda ko'rinadi:
1. O'zining siyosiy, iqtisodiy va boshqa maqsadlariga erishish uchun har qanday urushni, harbiy kuch qo'llashni rad etadi.
2. Tashqi siyosatida hech qaysi bir davlatga o'zining dushmani sifatida qaramaydi.
3. Rossiya o'z g'oyasini emas, balki o'zining muhim hayotiy manfaatlarini himoya qiladi.
4. Tashqi siyosat «xarajatli» emas, aksincha o'zaro manfaatli bo'lishi kerak.
Suverenitet, yaxlitlik va birlikni saqlab qolish mamlakatning bosh milliy manfaati ekanligi bois tashqi siyosatdagi asosiy yo'nalishlar ham shunga yarasha shakllanmoqda. Bugungi kunda Rossiya tashqi siyosatidagi birinchi darajali vazifalardan biri Ukraina voqeasidan keyin G'arb mamlakatlari bilan yuzaga kelgan sovuqchilikni bartaraf etish, barqaror ishonchli munosabatlarni o'rnatish hisoblanadi. Zero, jahon hamjamiyati muammolarini yechishda Yevropa muhim o'rin tutadi.
Ayni vaqtda Rossiya, shuningdek, yirik Osiyo davlati ham hisoblanadi. Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo, Kavkaz, Janubiy hamda Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uchun kuchli sanoat mamlakati, fan, ta`lim, madaniyat markazi sifatida sherik bo'lishi mumkin.
Rossiya tashqi siyosatida ob`ektiv qonuniyat – mintaqaviy umumiylik, umumiy manfaatlar, yaxshi qo'shnichilik munosabatlari, iqtisodiy kooperasiya kabi qonuniyatlar harakatga kelgan. Bu siyosat ko'proq MDHga qaratilgan.
Bugun Rossiyaning asosiy dip­lomatik va savdo sheriklari safida Xitoy, Belarus, O'zbekiston, Qozog'is­ton, Hindiston, Armaniston, Eron, Germaniya, Fransiya, Ozarbayjon kabi davlatlar nomini tilga olish mumkin.
Rossiya Federasiyasi xalqaro energetika xavfsizligini ta`minlashda asosiy rollardan birini o'ynayotgan davlat. Jahon bozoriga neft va gaz yetkazib berish uchun yangidan-yangi energoquvurlar qurayotgani, shartnomalar imzolayotgani fikrimizga yaqqol dalil bo'la oladi.
Ta`kidlash kerak, bir necha yil oldin Rossiya iqtisodiyoti dinamik tarzda rivojlanayotgan yetti mamlakat safidan o'rin oldi. Biroq ayni paytda Rossiya hukumati ko'p bora ta`kidlayotganidek, transport, moliya va ekologik infratuzilmani yanada takomillashtirmoq zarur.
Albatta, Rossiyaning olg'a siljiyotgani, tobora dunyodagi o'rni mus­tahkamlanib borayotganini ko'rolmaydiganlar ham topiladi. Taniqli G'arb politologlaridan biri o'z monografiyasida Rossiyani «qora teshik» deb ta`riflagan, hududini yo'qotish uning uchun asosiy muammo emas, deb yozadi. Shu bilan birga Rossiyaga «o'z tanasini» (hududi) qo'shnilari bilan bo'lishishga chaqiradi.
Rossiya Federasiyasi – yirik eksportchi. Yalpi ichki mahsulotining haj­mi bo'yicha dunyoning 10 ta yirik sanoatlashgan davlatlari sirasiga kiradi. Milliy sanoatchiligi raqobatbardosh mahsulot tayyorlashni uddalamoqda; bu qurol-yarog', energetik uskunalar, atom sanoati va kosmik tadqiqotlar. Germaniya, Gollandiya, Xitoy, Italiya va bosh­qalar uning yirik savdo sheriklari hisoblanadi. Ayrim davlatlarning sanksiyalariga qaramay, uning jahon savdo aylanmasidagi ulushi oshib borayotgani e`tiborli. Rossiya neft sanoati – davlatning jahon iqtisodiyotida roli oshib borayotganining asosidir. Uning hisobiga RF OPEK davlatlari bilan bellasha olishga qodir. Shu o'rinda ayrim raqamlarga to'xtalish foydadan xoli bo'lmaydi. Bir tomondan, u eng katta tabiiy resurslarga ega bo'lgani uchun «dunyo ombori» nomini olgan. Yer yuzi aholisining atigi 2 foizini tashkil etgani holda, jahon tabiiy zaxiralarining 30-40 foiziga egalik qiladi, qidirib topilgan tabiiy gaz zaxiralari (32%), toshko'mir (23%), temir ruda (28%), torf (47%), tuz, titan, nikel, olmos, kumush, o'rmon zaxiralari (23%) va ichimlik suvi (20 %) bo'yicha birinchi o'rinda. Bu Mosk­vaga geosiyosiy va geoiqtisodiy munosabatlarga sezilarli ta`sir ko'rsatish imkoniyatini beradi.
Rossiya o'z tashqi siyosatida O'zbekiston bilan munosabatlarni rivoj­lantirib, unga Markaziy Osiyodagi eng muhim davlat sifatida qarayotganini ta`kidlamoq joiz.
Shuningdek, O'zbekiston va Rossiya xalqaro maydonda bir-birini qo'llab-quvvatlab kelayotganini va Rossiya O'zbekiston uchun uzoq muddatli, vaqt sinovidan o'tgan strategik hamkor ekani oliy darajadagi muloqotlarda e`tirof etiladi.
Xabaringiz bor, O'zbekiston va Rossiya Federasiyasi strategik va ittifoqchilik munosabatlariga ega davlatlar. O'zbekiston-Rossiya hamkorligi hozir eng ijobiy va tez rivojlanayotgan davrni boshidan kechirmoqda, bizning aloqalar o'z mazmuni bo'yicha butunlay boshqa darajaga ko'tarilmoqda.
Munosabatlarning bu qadar rivojlanishiga O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil aprel oyida Rossiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi natijalari muhim o'rin tutdi. Ushbu tashrif natijasida ikki mamlakat orasida umumiy qiymati misli ko'rilmagan  – 16 milliard dollarni tashkil qilgan shartnomalar imzolangan va eng asosiysi, ikki mamlakat prezidentlari o'rtasida o'zaro ishonchli shaxsiy munosabatlar o'rnatilgan.

Xullas, birgalikda qilingan ­sa`y-harakatlar Rossiya va O'zbekis­ton xalqlarining do'stona manfaatlariga, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mus­tahkamlash maqsadlariga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, Rossiya va O'zbekiston orasida 2004 yilning 16 iyunida imzolangan strategik hamkorlik haqidagi, 2005 yilning 14 noyabrida imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari haqidagi shartnomalarning va 2012 yilning 4 iyunida imzolangan Strategik hamkorlikni chuqurlashtirish dek­larasiyasi mamlakatlararo munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqqaniga shubha yo'q.

Sharofiddin TO'LAGANOV
siyosiy sharhlovchi

Boshqa xabarlar