Maqomning tolmas tadqiqotchisi

320

Ma`rifatparvarlik harakatining taniqli namoyandasi, qomusiy olim Abdurauf Fitrat arab, fors-tojik, rus, usmonli turk va turkiy tillarni yaxshi bilgan. 20-yillarda Rossiya oliy o'quv yurtlarida arab-fors tillaridan dars berib, professorlik unvonini olgan. Fitrat adabiyot tarixi, ayniqsa, aruz nazariyasini yaxshi bilganligi uchun o'zbek mumtoz musiqasi va uning tarixiga juda qiziqqan. Shu sababli 1926 yilda «O'zbek musiqasi va maqom yo'llari tarixi»ni o'rganish qo'mitasini tuzgan. Unda o'zbek musiqasi tarixi boshqa xalqlar musiqasi bilan qiyosan o'rganilgan.

Ta`kidlash joizki, Fitrat o'zbek musiqasining asoslarini belgilash, uni tashkil etgan unsurlarni aniqlash, kechirgan davrlarini izohlash masalalariga diqqat-e`tibor qaratgan. Musiqa nazariyasini yaxshi biladigan mutaxassislarsiz xolisona ilmiy xulosalar aytish qiyinligini e`tirof etgan. Eng muhimi, musiqashunoslikdagi kemtiklikni to'ldirish maqsadida to'plagan ma`lumotlarini matbuotda e`lon qilgan. Ilk bor maqom to'g'risida risola yozib, shaxsan ilmiy namuna ko'rsatgan. Fitrat «aruz» va «qofiya» ilmini, badiiy san`atlarni puxta bilgani uchun o'zbek maqom san`atini ozarbayjon, usmonli turk, fors, arab va hind maqomlariga solishtirgan holda ilmiy xulosalar chiqargan. Xususan, sharq musiqasi o'n ikki maqom asosida rivojlanganini tarixiy-nazariy asosda isbotlab bergan. Usmonli turk, ozarbayjon va o'zbek musiqalari orasidagi uslubiy ayirmalarni ham yorqin ko'rsatib o'tgani e`tirofga loyiq.
Fitrat o'zbek va ozarbayjon musiqasi orasida uslubiy jihatdan farq bo'lgani kabi ozarbayjon bilan usmonli turk musiqasi orasida ham farq borligini misollar yordamida ko'rsatadi. Bunday tafovutlardan qat`i nazar, ularning barchasini «Sharq musiqasi» atab, ularni bir xil nazariya va asoslar ostiga kiritish lozimligini ta`kidlagan.
Bundan tashqari, Fitrat o'zbek musiqasini islom dini va madaniyati bilan o'zaro bog'liq holda tadqiq etgan. Musiqamiz tarixiga doir qo'lyozmalarni o'rganish chog'ida «qator sorang» va «rok» degan kuylar bo'lganini aniqlagan. «Rok» so'zi hindcha «maqom» degan mazmunni bildirishi va Ovrupo musiqasida qo'llaniladigan «rok» atamasi ham shundan olinganini isbotlaydi. «Sorang» hind cholg'usi bo'lib, rubobning bir turi hisoblanadi. Fit­rat o'zbek musiqasi nafaqat arab, fors, balki hind musiqasidan ham bahramand bo'lganini shu tarzda ko'rsatib bergan.
Olim sharq musiqasining asosi bo'lgan o'n ikki maqomning rost, isfahon, iroq, kuchak, buzruk, hijoz, buslik, ushshoq, husayniy, zangula, navo, rohaviy kabi nomlarga ega ekanini aytib o'tadi. «Kuchak» maqomining ikkinchi nomi «zerafkan», «hijoz»ning boshqa bir atamasi esa «nigoriy» deb atalishini ham ma`lum qiladi. Qolaversa, maqomdagi cholg'u usullarining xususiyatlari ham olim e`tiboridan chetda qolgan emas. ­Fitrat biroz «o'zanib so'zanishi» his etilgan tovushning «nag'ma» deb atalishi va uni hosil qilish uchun cholg'uni mizrob orqali chertish kerakligini aytib o'tadi.
Ana shu chertish nag'maning bosh omili bo'lib, u «niqra» deb nomlangan. Mana shu niqralar bilan ular orasidagi tovushning bir muddat davom etib turishi esa «so'zanish» atalib, ularning bir-biriga bog'lash yo'lini ko'rsatish uchun sozandalar musiqada usul belgilagan. Ilgarigi musiqa nazariyotchilari kuyda bir-biriga bog'lanib kelgan niqralarning nomini «tan» shaklida sanab, uni «sababi hafif» deb atashgan. «Tan»dan keyin «tana» shaklida bo'lgani «sababi saqiyl», «tanan» shaklidagisini «fotad» deyilgan. Bularning yig'indisi quyidagi ko'rinishga ega bo'ladi: «Tan, tana, tanan, tananan». Tanburda chertiladigan shu tovush niqralarni yig'ib, sozanda maqomdagi musiqiy usullarni paydo qiladi. Bu usul doiralarini Fitrat sinchkovlik bilan o'rganib, uning o'n besh, o'n yetti, yigirma to'rt, hatto yigirma yettitaga yetkazilganini aniqlaydi. Biroq ular orasidan faqat o'n ikkitasininggina nomini topadi. Mana o'sha nomlar: hazaj, ramal, vofir, duyak, foxtazarb, turkiy, muhammas, saqiyl, chanbar, zarbul qadim, hafif, zarbulfath… Fitrat bu musiqalardagi usul doiralari aruzdagi bahrlarga o'xshab ketishini alohida ta`kidlaydi.
Bu aruz bilan sharq musiqasi orasida o'zaro bog'lanish borligini ko'rsatadi. Usul vaznidan ikki-uchtasiga «hazaj», «ramal», «vofir» kabi aruzdagi nomlar qo'yilgan. Fitrat bu nomlar shartli ekanini va «aruz» bilan «usul»ga teng deb qarash xato bo'lishini ta`kidlagan. Aruzdagi bahrlar bilan bu vaznlar orasida nomdoshlikdan boshqa munosabat yo'qligini dalillar bilan isbotlagan.
O'zbek musiqasida ikkita katta oqim mavjud bo'lib, unda usul bilan bog'langan kuylar qatori usulsiz bog'langan kuylar ham bor. Usul vazniga solingan kuylar musiqa nazariyasiga binoan ishlanib, ko'proq saroy odamlarining didiga moslangan. Usulsizlari esa oddiy xalq ashulachilari tomonidan bastalangan. Biroq bularga butunlay usul ohangidan mahrum, bo'sh ohang sifatida qarash to'g'ri emas. Ularning usulsizligi xuddi barmoqdagi she`r­larning aruzsizligiga o'xshaydi, xolos. Xalq kuylari va ashulalarida ham o'tli, alangali, yuraklarni larzaga soluvchi mungli ohanglar bor. Ulardagi ohang ham el yuragidagi tuyg'ulardan toshib chiqadi. Biroq ular hanuzgacha keng tadqiq qilinmagan. Xalq she`rlaridagi «barmoq vazni»ning turli shakllari ham yetarli o'rganilgan emas.
Endi «Shashmaqom» deb nomlanuvchi mumtoz o'zbek musiqasiga to'xtaladigan bo'lsak, Fitrat buzruk, rost, navo, dugoh, segoh, iroq deb ataluvchi olti maqomning har biri yana uchta tarmoqqa bo'linishini bildirgan. Birinchi tarmoq yolg'iz cholg'udan iborat bo'lib, «mushkilot» deyil­gan. Ikkinchisida cholg'u bilan qo'shiq, uchinchisida cholg'u bilan o'yin (raqs) uyg'unlashadi va «ufar» deb ataladi. Fitratning ta`kidlashicha, birgina «Buzruk» maqomining mushkilotida yettita kuy bor. Xorazm musiqiy nazariyotchilari esa yettinchi maqomni «panj­goh» deb atashgan. Fitrat esa bunday qarashlarga qo'shilmaydi va uni «mushkilot» deb ataydi. Olim yettinchi maqom deb atash uchun unda nasr ham, taronalar ham bo'lmog'i kerak, degan fikrni bildirgan.
Darhaqiqat, sharq musiqasida «panj­goh» nomi bilan atalgan biron-bir maqom mavjud emas. Lekin «Panj­goh» deb atalgan va «rost» maqomiga tegishli kuy bor.
Shu o'rinda aytib o'tish joizki, Fit­rat o'zbek musiqasidagi 24 usuldan bor-yo'g'i 16 tasinigina topa olgan, xolos. Ular saraxbor, tasnif, gardun, muxammas, saqiyl, sano`iy, chanbar, talqin, nasr, suvoriy, chapandoz, savt, qoshg'archa, soqiynoma, ufar, mustahzod usullaridir. Qolgan sakkiz usulning nomlarini esa topish mumkin bo'lmagan. Bulardan tashqari, Fit­rat «xalq kuylari», «termalar» nomi bilan son-sanoqsiz kuylar borligini ham eslatib o'tgan. Tabiiyki, ular «Shashmaqom» tarkibiga kirmaydi va maqom usullariga bo'ysunmaydi. Biroq shunga qaramasdan, ularning xalq o'rtasidagi obro'-e`tibori nihoyatda baland. «Barmoq vazni»dagi o'lchovga amal qiluvchi bunday kuy va qo'shiqlar ­beshlik, yettilik, to'qqizlik, o'nbirlik kabi shakllarda ijro etiladi. Afsuski, uning qaysi yo'l bilan bastalangani hanuzgacha ilmiy tadqiq qilinmagan.
Xulosa o'rnida aytadigan bo'lsak, Abdurauf Fitratning bundan salkam bir asr oldin yaratgan «O'zbek klassik musiqasi va uning tarixi» nomli risolasi bugun ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois, uni yosh ashulachi va musiqashunoslarga o'rgatish g'oyat foydali bo'lib, mumtoz musiqa san`ati, xususan, maqom tarixiga oid qimmatli ma`lumotlar bilan tanishtiradi.

Mahmud NAZAROV,
filologiya fanlari nomzodi

Boshqa xabarlar