«MEN O'ZIMNI SEVAMAN…» yoxud quvnoq kayfiyatning salomatlikka ta`siri xususida

865

Do'stlarimdan biri menga bir gapni takror va takror aytishdan charchamaydi:
– Senga havasim keladi. Har doim kayfiyating chog', xushchaqchaqsan. Xuddi bu dunyoning tashvishlari senga tegishli emasday…
«Kishi o'z kayfiyatini o'zi ko'tarmasa, hech kim unga tirgak bo'lolmaydi», – mening fikrim shunday.

Psixolog va shifokorlarning ta`kidlashicha, ruhiy tanglik, muammolar, ish va oiladagi ­mas`uliyat inson asablarini tarang holatga keltiradi. Ba`zi hollarda u haddan ziyod taranglashishi mumkin. O'z navbatida, bu insonni tushkunlikka tushirib, doimiy ravishda ezgin kayfiyatda yurishiga sabab bo'ladi. Noxush xotiralar, hafagarchiliklar, yurakda to'plangan qo'rquv kishi uchun yashashning ma`nosini yo'qqa chiqargandek bo'ladi go'yo.
Kundalik hayotda doimiy ravishda xo'mraygan, nimadandir norozi bo'lgan tund chehralar, biologik yoshiga nisbatan 5-10 yoshga katta (ba`zida undan-da kattaroq) ko'rinuvchilarga ajablanishning aslo hojati yo'q. Ba`zida bu kabi salbiy ruhiyatning bosh­qalarga ham yuqish ehtimoli ham yo'q emas.
Oliy toifali jarroh, tibbiyot fanlari nomzodi va ajoyib ijodkor Alijon Faqirovning fikricha, hozirgi paytda turli kasallik­larning 90 foizi insonning doimiy ravishda ruhiy iztiroblar changalida qolishi bilan bog'liq. Gapning indallosi, bunday holatning uzoq davom etishi biron-bir kasallik orqali o'zini ko'rsatadi. Bunday holatda inson tezda o'z kayfiyatini o'zgartirishga harakat qilmasa, kasallik bemorning oyog'idan chalaveradi.
Modomiki, hayotdan umidingiz bor bo'lsa, marhamat, «otni qamchilab» qoling. «To'rt devor ichidagini faqat to'rt devor biladi», deydi xalqimiz. Har kimning dardi ichida. Kishi o'z kayfiyatini qanchalik ko'tara bilsa, qilayotgan ishlari-yu, oldiga qo'ygan maqsad sari intilishi oson va tezroq kechadi.
Ha-ha, dard — insonga xudo tomonidan berilgan jazo emas. Aksincha, bu hayotga bosh­­qa nazar bilan qarash kerakligi haqida ogoh etishdir, xolos.
Xo'sh, salbiy kayfiyatni tezkorlik bilan ijobiy tomonga qanday o'zgartirish mumkin?
Quyidagi tavsiyalar ko'pchilikka asqotsa, ajab emas.
1. Mazali taom tanovul qilish. Taom bir necha sezgi organlariga ta`sir qiladi — xushta`mlik, xushbo'ylik va go'zal manzara. Bu esa kishi kayfiyatini sezilarli darajada o'zgartira oladi. Lekin ovqatlanishda me`yorga amal qilgan ma`qul. Ba`zilar stressga tushganda o'zi bilmagan holda ko'p ovqat yeb qo'yadi va bu holat ortiqcha vazn yig'ishga sabab bo'ladi.
2. Ishongan kishisiga qo'ng'iroq qilish. Bunda sizga ishonadigan, og'ir kuningizda yelkasini tutib, tog'dek qalqon bo'lib turib bera oladigan inson nazarda tutiladi. Iloji boricha atrofingizga shunday kishilarni to'plang va bu sizga o'z ijobiy natijasini ko'rsatadi.
3. Internetdan kulgili video yoki latifa topish. 5 daqiqalik kulgi tufayli olam sizga yanada go'zal ko'rina ­boshlaydi.
4. Yengilgina badantarbiya yoki sayrga chiqish. Faoliyatni o'zgartirish miyani tez tozalaydi. Tomirlar kengayib, qon yurishi tezlashadi va miyani band qilib turgan yomon fikrlarni tezlik bilan haydashga yordam beradi.
5. Adrenalinni portlatuvchi o'yin o'ynash. Qanday ­o'yinligi muhim emas. Masalan, otishma, avtopoyga…
6. Ko'zgu oldida turib 5 daqiqa tabassum qilib turish. Bunday holat sizga dastlabki 2 daqiqa g'alati ko'rinishi mumkin. Lekin ishoning, bu holat, albatta, o'z natijasini beradi.
7. Sevimli musiqani qo'yib raqsga tushish. O'zingizga yoqadigan musiqalar jamlanmasini tuzib qo'ying. Bu kayfiyatni ko'taruvchi eng zo'r omillardan biri.
8. Do'konlar yoki bozorni aylanish. Yoqtirgan buyum, kiyim-kechak yoki biror-bir yemakni xarid qilish salbiy kayfiyatga uch barobar zarba beradi. Bunday «muolaja» asosan ayollarga juda tez yordam beradi…
Aslida, kishi kayfiyatini ko'taruvchi usullar juda ko'p.

Xulosa o'rnida aytsak, «atrofdagilar nima der ekan?» , deb yashamang! Mashhur fransuz dizayneri Koko Shanelning «Men haqimda ­boshqalarning nima deb o'ylashi zarracha ahamiyatga ega emas. Men ular haqida umuman o'ylamayman!», degan so'zlarini yodingizda tuting. Hadislarda «Alloh o'zini sevgan bandasini sevadi», deya aytilgan. Har bir insonning «men» i bor, albatta. U kimdadir ko'proq, kimdadir kamroq namoyon bo'ladi. Hech qachon o'zligingizni yo'qotmang. Hech kimga hech qachon kayfiyatingizni tushirish­lariga yo'l qo'ymang. Hatto o'zingizga ham.

Dilorom Xudoyberganova
«Ishonch»

Boshqa xabarlar