O'qituvchilar mavqei oshmoqda(mi?)

290

– Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019 yilda xalq ta`limi tizimiga davlat byudjetidan 17,1 trln. so'm ajratilishi ko'zda tutilgan. Joriy yil bu ko'rsatkich 12,1 trln. so'mni tashkil etganini inobatga olsak, bu juda katta o'sishdir, – deydi xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov. – E`tiborli jihati, 17,1 trln. so'm mab­lag'ning 90 foizi soha xodimlari oylik maoshlariga sarflanadi.

Xalq ta`limi tizimini qo'llab-quvvatlash davlat vazifasigina bo'lib qolmay, xalq harakatiga aylanayotgani, ayniqsa, quvonarlidir. Joriy yil davomida mahalliy byudjetlardan ham maktab infratuzilmasini takomillashtirish va ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga ­mablag'lar yo'naltirildi.
Shuningdek, ustoz-murabbiylarga yaratib berilayotgan sharoitlar natijasida 2018 yilda 13 ming nafar erkak o'qituvchi maktabga qaytdi. 11,5 mingdan ortiq oliy o'quv yurtini tamomlagan yosh mutaxassislar maktablarga ishga qabul qilindi. 2019 yil 1 yanvardan pensiya yoshidagi o'qituvchilarning pensiyasi to'liq to'lanishi munosabati bilan 7 mingdan ortiq tajribali o'qituvchilar qayta ishga olindi.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazida tashkil etilgan tadbirda xalq ta`limi sohasidagi shu kabi o'zgarishlar haqida so'z yuritildi. Ta`kidlanganidek, tizimda o'qituvchilarni majburiy mehnat va majburiy obuna, turli yig'ilishlarga jalb qilishga chek qo'yildi. O'qituvchilar yuritadigan hujjatlar soni 7 tadan 3 taga qisqartirildi. Shu bilan birga, maktab­larda tekshirishlar soni 26 baravar kamaydi.
Alohida e`tirof etish joizki, o'qituvchilarning oylik maoshi toifasiga qarab 40 foizdan 72 foizga oshdi. Psixologlar ish haqi 103 foiz, maktab direktori va o'rinbosarlari, Axborot-resurs markazi rahbari, kutubxonachilar maoshi 33 foiz ko'tarildi.
Tadbir asnosi OAV vakillari o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Davronbek ORIPOV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar