Mehnat va sport uyg'un bo'lsa…

291

Kasaba uyushmalari tizimida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, mehnatkashlar va ularning oila a`zolari o'rtasida sog'lom turmush tarzini shakllantirishga alohida ­e`tibor qaratilmoqda.

Xususan, O'zbekis­ton kasaba uyushmalari Federasiyasining jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish Konsepsiyasi ishlab chiqilib, kasaba uyushmalari tomonidan korxona, tashkilot, muassasalarda ommaviy sportni targ'ib etish, turli sport musobaqalarini muntazam tashkil qilish orqali mehnatkashlarning salomatligini mustahkamlash, mehnat samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar amalga oshirilayotir.
Toshkent viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi va O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tasarrufidagi Jismoniy tarbiya va sport-sog'lomlashtirish ishlari boshqarmasi tomonidan «Maksam-Chirchiq» AJ bazasida tashkil etilgan o'quv-seminar shu maqsadga xizmat qildi.
– Jismoniy tarbiya va sport-sog'lomlashtirish ishlari boshqarmasi bilan hamkorlikda bosh­lang'ich tashkilotlarda ko'plab tadbirlar o'tkazilmoqda. Ishchi-xodimlar o'rtasida xodimlar gimnastikasini tashkil etish orqali o'z sog'liklariga mas`ulliklari ortib borayotgani, ayniqsa, ayollarimizning ish, uy yumushlari bilan bandliklari tufayli ushbu gimnastika bilan shug'ullanish ayni muddao bo'lyapti, – deydi Toshkent viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasining Madaniy-ma`rifiy va sport ishlari bo'limi mudiri Shahnoza Odilxonova.
Kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi, Jismoniy tarbiya va sport-sog'lomlashtirish ishlari boshqarmasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi vakillari, viloyat hududidagi yirik korxona, tashkilotlarning kasaba uyushma qo'mitalari raislari ishtirok etgan tadbir davomida «Maksam-Chirchiq» aksiya­dorlik jamiyati kasaba uyushma qo'mitasi tomonidan korxonada ­ommaviy sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Shu bilan birga, Jismoniy tarbiya va sport-sog'lomlashtirish ishlari boshqarmasi faoliyati, uning kelgusi rejalari, kasaba uyushmalari tomonidan sportning ommaviyligini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilishi lozim bo'lgan vazifalar to'g'risida tegishli ma`lumotlar berildi.

Davronbek ORIPOV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar