Bosh maqsad–inson huquqlari

610

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi milliy markazi muassisligi hamda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi, Oliy Majlisning inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) hammuassisligidagi «Demokratlashtirish va inson huquqlari» ilmiy-ma`rifiy jurnalining 4-soni o'quvchilar e`tiboriga havola etildi. Uch tilda chop etilayotgan jurnaldan yurtimiz ijtimoiy-huquqiy hayotida ro'y berayotgan o'zgarishlar, inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishga doir maqolalar o'rin olgan.

Jurnalning ilk sahifalarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi ishtirokchilariga tabrigi berilgan.
Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida o'tkazilgan ushbu tadbir BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy byurosi, BMTning O'zbekistondagi doimiy vakolatxonasi, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi va Istanbuldagi mintaqaviy markazi, YeXHTning O'zbekistondagi loyihalari koordinatori hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi, Yevropa Kengashi Parlament assambleyasi hamkorligida tashkil etilgan. Ushbu nufuzli anjuman «Osiyo forumi: «Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi: zamonaviy tahdidlar va real voqelik» maqolasida batafsil yoritilgan.
Jurnalda o'quvchi e`tiborini jalb qiluvchi yana bir rukn inson huquqlari Deklarasiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag'ishlangan. Unda BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Mishel Bachaletning «Inson huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilish: vena deklarasiyasini hamda harakatlar dasturini va keyingi ishlarini keng miqyosda amalga oshirish», Inson huquqlari bo'yicha O'zbekis­ton Respublikasi Milliy markazi Ta`lim bo'limi mudiri Farhod Hayit­boevning «O'zbekis­tonda bola huquqlari to'g'risidagi konvensiya: ijrosi va amalga oshirish prinsiplari», Andijon davlat universitetining ilmiy bo'limi mutaxassisi, mustaqil izlanuvchisi Mavluda Alimovaning «Fuqarolik jamiyatini shakllantirishda jamoatchilik nazorati institutining roli» va Navoiy davlat pedagogika instituti Bosh­lang'ich ta`lim kafedrasi o'qituvchisi Dildora Numonovaning «O'zbekistonning zamonaviy ma`naviy-madaniy taraqqiyotida ayollar mas`uliyatini oshirish» mavzusidagi maqolalarida fuqaro huquqlari va siyosiy huquqlar, umuminsoniy g'oyalarga qanday erishishga oid ko'plab huquqiy qarashlar mavjudligi haqida fikr bildirilgan.
Bundan tashqari, jurnaldan Konstitusiya­mizning 26 yilligiga bag'ishlangan turkum materiallar, O.Bo'riev va M.Usmonovning «Temuriylar Renecsansi – Uyg'onish davrida Turonda madaniy yuksalish va hozirgi zamon» maqolasi, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha mamlakatimizda bo'lib o'tgan anjuman, tadbir va taqdimotlar o'rin olgan.

Muqaddas RAZZOQOVA,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar