Quruvchining qaddi-yu qadri qachon baland bo'ladi?

198

Kattaqo'rg'onlik O'ktam Erdonov quruvchi. Ko'p yillar shu sohada mehnat qilgan. Ammo u qurilishda shikastlangach, barmoqlari ishlamay, uyida o'tirib qoldi. Ammo hech kimga nolimadi, taqdir ekan, deb qo'ya qoldi. U mehnat qilgan tashkilot ham beparvo bo'ldi, jarohatlangan xodimi borligini mutlaq unutdi… Shu taxlit kunlar o'taverdi…

O'ktamning baxtiga Prezidentimizning 2017 yil 12 sentyabrdagi «Aholining kam ta`minlangan qatlamlarini qo'llab-quvvatlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori ora kirmaganida, bilmadik, yana qancha vaqt uyda o'tirgan bo'lardi. Qaror asosida uning qiynalgan oilasiga davlatimiz tomonidan yordam ko'rsatildi, o'zi bepul davolandi. Tibbiy muolajadan so'ng, uning barmoqlari ishlab ketdi. Quruvchi ishga qayt­­di. Iqtisodi nochorlashgan oilasini tiklashga intildi. Bir fursat mehnat qilgach, davlatimiz ajratgan galdagi mablag' evaziga yana qayta davolanib, soppa-sog' bo'ldi.
Shu o'rinda savol tug'iladi? Agar shunday ijtimoiy ko'mak bo'lmaganda, qo'ligul quruvchi ishidan ajrab qolaverarmidi?
Bu savol bizni mulohazaga chorladi. Ammo avval qurilishlar haqida batafsil so'z yuritsak.
Bugun qurilish maydonida javlon urayotganlarning aksariyati 20 dan 40 yoshgacha bo'lgan kishilar. Ayni navqiron, charchash nimaligini bilmaydigan, ishlab ro'zg'orni ko'taradigan yoshlar. Bunyodkorliklar jadalligini ana shu navqironlar ta`minlab berayotgani ham bor gap. Ammo…
– Tong yorishgandan to shomgacha mehnat qilamiz, – deydi quruvchi Akbar Nosirov. – Boshlangan qurilishni nihoyasiga yetkazguncha tinim bo'lmaydi. Yakshanba, sakkiz soatlik ish, degan tushuncha yo'q. Rahbarlarga bu haqda og'iz ochgan kuningiz pattangiz qo'lingizga beriladi.
– Mehnat huquqiga doir qanday imtiyozlardan foylanayapsiz, – so'raymiz undan.
– Shuncha ishlab rasman mehnat ta`tiliga sira chiqmaganman. Kasal bo'lsangiz, sog'aygach, ishni davom ettirishingiz mumkin. Lekin kasallik varaqasiga haq to'lash degan gap yo'q. Biz doimo mavsumiy ishchi sifatida ishga qabul qilinamiz. Ammo bu maqom qurilishda ishlayotganlarning hammasiga ham berilavermaydi.
Samarqand shahridagi qurilish bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdik. Eng achinarlisi, birorta qurilish maydonida ko'p qavatli binolar barpo etishda ishtirok etayotganlar korjomalar, zarur xavfsizlik vositalari bilan ta`minlanmagan. Biror quruvchining boshida kaska ko'rinmadi. Qurilish­larda mehnat muhofazasi talablaridan mutlaqo qanoat hosil qilib bo'lmaydi.
Mana, masalan, «Samarkand snebn» mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan shahardagi Rudakiy ko'chasiga yondosh maydonda ko'p qavatli uy barpo etilayotir. Yakshanba kuni bo'lishiga qaramasdan bu yerda o'n chog'li quruvchi mehnat qilayotgan ekan.
– Qariyb bir yildan buyon mazkur inshoot qurilishini amalga oshirib kelyapmiz, – deydi korxona ish bosh­qaruvchisi Bahodir Sanaqulov. – 20 nafarga yaqin quruvchi yollanma ishchi sifatida ro'yxatga olingan. Ishchi kuchiga talab katta. Yoz oylarida 20 kunlab qurilish ishlari to'xtab qolgan paytlari ham bo'ldi. Qurilishda ishlovchilar asosan Rossiya va boshqa davlatlarga chiqib ketayotganligi bois ishchi kuchi yetishmaydi.
Boshqaruvchidan mehnat muhofazasiga doir biror bir jo'yali javob ololmadik. Shu ko'chadagi «G'lorensya Samarkand» MChJ bunyodkorlari ham dam olish kuni ishlashga qaror qilgan. Ammo bu yerda ham mehnat muhofazasi talablariga rioya etish unutilgan.
Ana endi muddaoga kelsak. Biz behuda mehnat muhofazasiga urg'u berayotganimiz yo'q. Negaki, o'tgan 2018 yilning har bir oyida qurilishda ishlab chiqarish bilan bog'liq ko'ngilsiz hodisalar ro'yxatga olingan. Masalan, Oqdaryo tumanidagi «Ynusjon ayli» oilaviy korxonasi ishchisi Nodirjon Avazov qurilish ishlari olib borayotgan chog'da 5,5-6 metr balandlikdan tushib ketgan. Xuddi shunday holat «Qurilish invest» MChJ ishchisi Abubakir Tog'aev bilan ham sodir bo'lgan. Narpay tumanidagi «Olmos» MChJ ishchisi Sayfiddin Rahmatovni elektr toki urgan bo'lsa, Samarqand tumanidagi «Elite class shoes» MChJ quruvchisi tros uzilib ketishi natijasida qo'lda yasalgan badiyadan jarohatlangan. Xullas, ular orasida beton zina bosib qolganlardan tortib, temir ustun tagida qolganlargacha bor. Yuqoridagi holatlar jarohat jiddiyligi bois oshkor bo'lganlari. Qurilishda yengil tan jarohati olib, mehnat qobiliyatini yo'qotganlar soni ham ham anchagina. Taassuflanarlisi, ishlab chiqarish bilan bog'liq hodisaga uchraganlar geografiyasiga nazar solganimizda ular 19-35 yoshdagi norg'ul yigitlar bo'lib chiqdi. Hali mehnat ko'nikmasi, ish tajribasi, yetarlicha hayotiy tajribaga ega bo'lmagan bir qator yoshlarimiz mehnat safidan chiqib qolmoqda.
– Aksariyat xususiy korxonalarda mehnat muhofazasiga ortiqcha g'alva deb qaraladi, – deydi Samarqand viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi Mehnatni muhofaza qilish bo'limi mudiri Usmon Karimov. – Ishlab chiqarish bilan bog'liq barcha ko'ngilsizliklar kasaba uyushmalari tarkibiga kirmagan qurilish tashkilotlarida ro'y bermoqda. Viloyatimizda qurilish sohasida faoliyat ko'rsatayotgan 50ga yaqin tashkilot kasaba uyushma a`zoliliga qabul qilingan. Bu tashkilotlarda ish ­sharoiti attestasiyadan o'tkazilib, mehnat va texnika xavfsizligi bo'yicha o'quvlar, tushuntirishlar olib borildi. Mehnat xavfsizligi ustidan jamoat nazorati faoliyati yo'lga qo'yildi. Natijada, o'tgan bir yil mobaynida ishlab chiqarish bilan bog'liq biror bir ko'ngilsizlik sodir etilgani yo'q.
– Xususiy tashkilotlarni kasaba uyushmalari safiga tortib, xodimlar manfaatini himoyalash mumkin emasmi, – so'raymiz suhbatdoshimizdan.
– Mumkin. Tarmoq kasaba uyushma tashkiloti bilan hamkorlikda deyarli barcha qurilish tashkilotlarida bo'lganmiz, a`zolik afzalliklarini tushuntirganmiz, – deydi Usmon Karimov. – Ammo ularning aksariyati takliflarimizni o'rinli qabul qilishmaydi. Ko'pchiligiga kasaba uyushmalari safiga a`zo bo'lish majburiy emasligini, lekin ish beruvchi sifatida mehnat muhofazasini ta`minlab berishga majbur ekanligini anglatishga intilyapmiz. Shu choqqacha qurilish tashkilotlarining boshini qovushtiradigan idora yo'q edi. Endi-chi? Qurilish vazirligi, joylardagi boshqarmalari ish boshladi. Bu tashabbusni ular o'z qo'llariga olishiga umid bog'lab turibmiz.
Bizni doimo shunday savol qiynaydi. Jamiyatda qadri baland bo'lishi kerak bo'lgan quruvchiga nega bugun e`tibor yo'q?
Har qadamda «Haydovchi hushyor bo'l, seni oilang kutayotir» degan yozuvga duch kelamiz-u, bironta yangi qurilayotgan inshootda mehnat va texnika xavfsizligi haqida tushunchi beruvchi ko'rgazmali vositalarni-ku gapirib o'tirmaylik, hatto «Quruvchi hushyor bo'l…» degan da`vat yo'q. Nega? Axir, quruvchi ham odam, akamiz yoki ukamiz… Ular haqida qachon o'ylaymiz?…

Nurilla ShAMSIEV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar