Anna Germanning «Umid» yulduzi

206

O'tgan asrning 60-70-yillari Anna German yulduzi charaqlagan, har bir xonadonga dilbar qo'shiqlari bilan kirib borgan davr edi. Iste`dodli xonandaning «Umid», «Sevgi sadosi», «Bog'lar gullaganda», «Ave Mariya», «Charaqla, charaqla, mening yulduzim» kabi qo'shiqlari yangraganda konsert zallari olqishlardan larzaga kelardi. Bu qo'shiqlar hozir ham ko'pchilikni o'ziga maftun etadi, dilbar ohanglar, shirali ovoz shinavandalar qalbini junbishga keltiradi.

Ko'pchilik Anna Germanning o'zbekistonlik ekanini bilmaydi. Ha, shunday. Annaning kindik qoni Urganchda tomgan. Bo'lajak yulduz 1936 yil 14 fevral kuni Yevgeniy German va Irma Martens oilasida dunyoga kelgan. Anna bir yoshda ekanida otasi, kelib chiqishi olmon bo'lgani uchun, josuslikda ayblanib qamoqqa olindi. O'sha davrlarda bunday ayblovlar oliy hukm bilan tugardi. Yevgeniy German ham 1938 yil 11 oktyabrda qatag'on qurboni bo'ldi (1956 yilda oqlangan).
Annaning onasi o'qituvchilik qilar, o'z davrining ma`rifatli kishilaridan edi. Qaynotasi 1929 yilda qamalib, bedarak ketgani, yaqin qarindoshlari birin-ketin hibsga olinayotganini ko'rib turgani uchun mudom xavotirda yashardi. U onasi va qizini olib bexavotir joylarga ketishni istardi. Balki o'z yurtiga olib ketishga va`da bergan polyak German Bernerga turmushga chiqqanining sababi shudir…
Shu o'rinda bir yarim yoshda otasidan ayrilgan Annaning o'gay otasiga aytgan gaplarini eslashimiz kerak: «Men sizni onam sevgani uchun hurmat qilaman. Lekin sizni amaki deyman. Chunki mening otam bitta. Siz menga amakisiz».
Bu uyda polyak mumtoz qo'shiqlari yozilgan gramplastinkalarning tez-tez qo'yilishi Annaning musiqaga qiziqishini oshirib yubordi. Biroq urush­bosh­lanib, German Berner frontga jo'nab ketdi. Undan kelayotgan xatlar oqimi 1943 yilda birdan to'xtadi (1950 yili kelibgina uning Belarusdagi jangda halok bo'lganidan xabar topishdi).
Anna esa asta-sekin ulg'ayishda davom etdi. Bolalarga qo'shilib qo'ng'iroqday ovozi bilan qo'shiq kuylardi. Onasi uni olti yoshida bir kompozitorning ijodiy uchrashuviga olib bordi. Bu Annada katta taassurot qoldirdi. Keyinchalik u maktabda musiqa to'garagiga qatnay boshladi. Aynan Urganchdagi maktabda Anna pianino chalishni o'rgandi.
Urush tugadi. Irma polshalik bilan nikohi qayd etilgani uchun 1946 yilda onasi va qizi bilan birga umr yo'ldoshini izlab Polshaga yo'l oldi. Ularga Vroslav shahridan boshpana berishdi. Onasi avval kir yuvuvchi bo'lib ishladi, polyak tilini o'rganib olgach, o'qituvchilik qila boshladi. Annani 3-sinfga o'qishga qabul qilishdi. Qobiliyatli Anna polyak tilini tezda o'zlashtirdi. Buni 1947 yilda maktabda rus zobitlari bilan uchrashuvda uning tarjimonlik qilganidan ham bilsa bo'ladi. U 5-sinfda Yangi yil bayramida Qorqiz rolini ijro etdi va qo'shiq kuyladi. Boz ustiga maktab davrida Anna rassomlikka qiziqib qoldi. Lekin onasining maslahati bilan Vroslav politexnika institutining geologiya fakultetiga o'qishga kirdi.
Baribir san`atga bo'lgan qiziqish ustun chiqdi. Anna 1960 yilda talabalarning «Kalambur» havaskorlik to'garagida dastlabki qo'shiqlarini kuyladi. Aynan o'sha yili muhandis Zbignev Tuxolskiy bilan tanishib qoldi va shu tariqa ularning sevgi qissasi boshlandi. Annaning qobiliyatini ko'rgan Yulian Kshivka o'z ansamb­liga taklif etdi. Bu ijodiy hamkorlik 1963 yilda Sopot festivalida o'z samarasini berdi. U festivalda ikkinchi o'ringa munosib ko'rildi. 1964 yildan Anna Germanning yulduzli onlari boshlandi. Opol, Sopot, Vena, San-Remo kabi shaharlarda o'tkazilgan festivallarda Annaning yorqin iste`dodi e`tirof etildi.
Italiya kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga ko'ra Anna shu mamlakatda bir qancha konsert berishi kerak edi. 1967 yil 27 avgust kuni Forli shaharchasida berilgan konsertdan Milanga qaytib kelayotgan vaqtda haydovchi uxlab qolgani uchun katta tezlikda harakatlanayotgan mashina yo'ldan chiqib ketdi. Anna mashina derazasidan 10-15 metr nariga borib tushdi… Milan kasalxonasida Anna 14 kun hushsiz yotdi. Bu vaqtda Milanga yetib kelgan onasi va Tuxolskiy boshida parvona bo'ldi. Bir muddatdan keyin Anna gips holida Polshaga qaytdi va muolajani davom ettirdi.
Qilt etmay gipsda yotgan kunlarida Annaning ko'z oldidan Urganchda o'tgan beg'ubor bolaligi o'tardi. Tushlariga ko'xna ko'chalar kirib chiqardi.
Anna kasal yotgan vaqtida muxlislaridan minglab maktublar oldi. U urganchlik muxlisiga shunday javob yozgandi: «Bolalik yillarim hamon yodimda!»
Gipslangan Anna o'ng qo'lini harakatlantira olgan hamon o'zi haqida kitob yoza boshladi. Uyga ruxsat berishganda astoydil kirishib, «Sorrentoga qayt» asarini yozib tugatdi. 1970 yilda ko'p nusxada chop etilgan bu kitob zumda qo'lma-qo'l bo'lib ketdi. Gips­dan to'liq forig' bo'lgan Anna turmush o'rtog'i Zbignev Tuxolskiy ijaraga olgan pianinoda «Odamlar taqdiri» turkum qo'shiqlari ustida ishlay boshladi. Ular orasida Nikolay Dobronravov she`ri, Aleksandra Paxmutova musiqasi bilan aytiladigan «Umid» qo'shig'i ham bor edi. Anna hassaga tayangancha ovoz yozish studiyasiga borib yozdirgan bu qo'shiqlar gramplastinkalari qayta-qayta ming­lab nusxalarda sotuvga chiqarildi. Barchaning mehrini birday qozongan «Umid» qo'shig'i esa nafaqat shinavandalarga, balki Annaning o'ziga ham umid bag'ish­ladi:

Umid so'nmas yo'lchi yulduzdir,
Jasoratga mukofot – omad.
Yurt tuyg'usi muqaddas so'zdir,
Yurt haqida kuylang sarbaland!

Lekin sahnaga chiqib qo'shiq aytish uchun hali Anna zaiflik qilardi. Nihoyat, avtohalokatdan to'rt yil o'tganidan so'ng – 1971 yilda Varshava opera va balet teatrida qo'shiq kuyladi! Zal olqishlardan larzaga keldi! Shu bilan Anna ijodining ikkinchi hayoti boshlandi. Odamlar uni sog'inib qolishgan, tinglash uchun uzoq yo'llardan kelishar, har safar tik turgancha uzoq olqishlashardi. «Melodiya» studiyasida bir qancha qo'shiqlari yozib olindi. Dekabrda AQShga gastrol konsertlariga yo'l oldi. Tadbirkorlar ­gastrolni cho'zish maqsadida Annaga katta mablag' taklif qilishdi: «Bu mablag'ni ishlab topish uchun Polshada kamida o'n besh yil tinimsiz konsert berishingizga to'g'ri keladi».
– Shartnomangiz yaxshi, – dedi Anna. – Lekin men o'z uyimda o'n besh yil tinimsiz konsert berishga tayyorman. Ertaga uyimda bo'lish uchun bor narsamni berardim.
Bunday so'zlarni ma`naviyati yuksak kishigina aytishi mumkin. Ha, Anna German haqiqiy san`atkor degan nomga munosib yashadi.
AQSh gastrolidan qaytgan Annani aeroportda Zbignev Tuxolskiy kutib oldi. Ular birgalikda oila qurish uchun ariza berishga borishdi. O'n ikki yillik sinovdan o'tgan bu ­muhab­­­­­b­­at baxtga munosib edi. Zbignevni baxt­­li qilishni o'z burchi deb bilgan Anna shifokorlar taqiqlashiga qaramay farzand ko'rishga qaror qildi. 1975 yil 27 noyabrda o'g'li Zbishek dunyo­­ga keldi. Bir muddat farzand tarbiyasi bilan mashg'ul bo'lgan Anna yana ijodiga, sahnaga qaytdi.
Anna German ijrosidagi «Ave Mariya» qo'shig'iga alohida to'xtalmasak bo'lmaydi. Cherkovdagina yangragan bu qo'shiq Annaning ilohiy ovozi tufayli jahon musiqa xazinasidan mus­tahkam o'rin egalladi. Shu qo'shiqni qayta-qayta tinglagan Rim papasi Annani taklif qilib, uning qo'llarini o'pib minnatdorlik bildirdi.
1977 yilda xonanda yana bir umrboqiy qo'shig'ini ijro etdi. Gap «Taqdir» filmi uchun kompozitor Yevgeniy Ptichkin va shoir Robert Rojdestvens­kiy tomonidan Anna German ovozi uchun yozilgan «Sevgi sadosi» qo'shig'i ustida bormoqda:

Majnuntol bosh egib yetkazar rozing,
Yulduzlar yo'g'rilar shuurimizga.
Minglab chaqirimdan kelar ovozing,
Biz – sado,
Biz – sado,
Biz so'nmas sadomiz bir-birimizga!

Qo'shiq tugadi. Barcha sehrlanganday unsiz qotib qolgandi. Anna bu holdan hayron bo'lib, film rejissyori Yevgeniy Matveevdan so'radi: «Balki qo'shiqni boshqatdan ijro etarman». Shundagina barcha sergak tortdi, gulduros qarsak­lar yangradi. Matveev esa Annaga bu bebaho san`at asarini tak­ror ijro etishga hojat yo'qligini aytdi.
Ketma-ket uyushtirilayotgan gastrollarda yurgan Anna bu qo'shiqni kuylaganini unutgandi. Uni Moskvaga «Qo'shiq – 1977» festivaliga taklif qilishdi va «Bog'lar gullaganda» qo'shig'ini kuylashini eslatishdi. Festivalga kelgan Annaga muxlislar talab-istaklariga ko'ra dasturga «Sevgi sadosi» qo'shig'i ham kiritilganini aytishdi. U hayron bo'lib qoldi. Chunki qo'shiqni bir marta ijro etgandi, film esa hali namoyish etilmagandi. Xullas, festival tashkilotchilari xohishiga ko'ra «Sevgi sadosi» qo'shig'ini Lev Leshchenko bilan fonogramma yordamida ijro etishiga to'g'ri keldi. Lekin «Bog'lar gullaganda» qo'shig'ini jonli kuylaydi. Bu festivaldagi yagona jonli ijro edi. Ha, Anna German konsertlarda qo'shiqlarini faqat jonli ijro etishga odatlangandi.
1979 yil Annaning hayotida unutilmas iz qoldirdi. U o'zi orzu qilganday Markaziy Osiyoga keldi. Qirg'iziston va Qozog'istonda gastrolda bo'ldi. Gastrol davrida Toshkent va Samarqandda bo'lishga imkon topdi ­(Fikrimizni Toshkentdagi «O'zbekis­ton» mehmonxonasi va Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasi oldida tushgan suratlari tasdiqlaydi). Biroq uning Urganchga borgani-bormagani to'g'risida aniq ma`lumot yo'q. Lekin Annaning fe`l-atvoridan kelib chiqadigan bo'lsak, uning hech qanday dabdabasiz Urganchga ham borganini taxmin qilish mumkin. Negaki, ko'pchilik Annaning Toshkent va Samarqandda bo'lganini ham bilmaydi.
1980 yilda necha yillar gastrollarda bo'lib ishlab topgan puliga Varshava markazidan uy sotib oldi. O'sha yili Moskvadagi «Lujniki» stadionida konsertda ishtirok etdi. Qo'shiq tamom bo'lishi bilan uning salomatligi yomonlashgani uchun shifoxonaga olib ketishdi. Shundan keyin u faqat Avstraliya gastroliga mashaqqat bilan borib keldi. Qolgan vaqtini uyda va shifoxonada davolanish bilan o'tkazdi. Avtomobil halokati va kech tug'uruq o'z asoratini ko'rsatdi. 1982 yil 25 avgust­dan 26 avgustga o'tar kechasi Anna German mangu uyquga ketdi…

Yillar, asrlar o'taveradi. Biroq, bolaligida O'zbekiston havosidan nafas olib voyaga yetgan mashhur estrada yulduzi Anna Germanning «Umid» yulduzi san`at shinavandalarining yo'llarini yoritaveradi, «Sevgi sadosi» oshiq-ma`shuqlarning rozlarini so'zlayveradi, «Bog'lar gullaganda» qo'shig'i ko'ngillarni ko'klam nafasi ila to'ldiraveradi.
Asror MO'MIN,
O'zbekistonda xizmat
ko'rsatgan jurnalist

Boshqa xabarlar