Orol bo'yida katta o'zgarishlar Mo'ynoq qayta tug'ilmoqda

175

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2018 yil 15-16 noyab­­r kunlari Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrifi davomida Mo'ynoq tumani aholisi bilan ham muloqotda bo'lib, bu yerda ko'plab bunyodkorlik hamda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi, Yangi shahar – Mo'ynoq Sity qurilishi borasida qimmatli fikrlar bildirgandi.
2019 yil Mo'ynoq aholisi uchun qutlug' va barakali bosh­landi, desak aslo mubolag'a bo'lmaydi. Tuman markazi ko'z o'ngimizda yangicha qiyofa kasb etayotgani bizni shunday fikr­lashga undamoqda. Ko'p qavatli imoratlardan dastlabki 14 tasining poydevori uchun handaq qazish ishlari boshlab yuborildi.

– Mo'ynoq markazida har biri 24 xonadon uchun mo'ljallangan 4 qavatli 20 ta turar-joy barpo etilishi rejalashtirilgan, – deydi tuman hokimligi bosh mutaxassisi Muxtar O'teshov. – Ajiniyoz ko'chasida 1000 o'rinli ochiq teatr qurilishi uchun yer ajratildi. Madaniyat markazida hamda markaziy stadionda rekonstruksiya ishlari boshlandi.
Bugun bu yerdagi o'zgarishlar, kichik sanoat zonasida birin-ketin ishga tushirilayotgan korxonalar, foydalanishga topshirilgan madaniy-maishiy ob`ektlar va ko'p qavatli uy-joylarni bunyod etish ishlari beixtiyor faxr-iftixor tuyg'ularini jo'sh urdiradi.
– «Mo'ynoq gerbish» mas`uliyati cheklangan jamiyatini ta`sis etdim, – deydi nukuslik Nurmuxammed Turdiqulov. – Korxona uchun yer maydoni ajratib berilsa, aprel oyiga borib har kuni 100 ming dona pishgan g'isht ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod ishga tushiriladi.

Ha, yaqin kunlarda qurilishbop materiallar, ayniqsa, sifatli va arzon g'ishtga bo'lgan talab kuchayishi tabiiy. Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ayni paytda yangi ish o'rinlarini tashkil etish degani hamdir. Shu bilan birga olisdan tashib keltiriladigan qum va shag'al, temir-beton qurilish materiallari va tom yopgichlarni yetkazib berish borasida ham o'ylab ko'rish kerak, albatta.
Yo'l olisligi sabab, Qoratau va Nukus shahridan mashinalarda tashib keltiriladigan qurilishbop hamda tayyor materiallar narxi o'z-o'zidan ko'tarilib ketishi mumkin. Aynan shunga ko'ra Qo'ng'irot tumani bilan Mo'ynoq tumani oralig'ida temir yo'l tarmog'i tortilsa ayni muddao bo'lardi. Shu tariqa kelajakda tuman korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni mamlakatimiz bo'ylab keng va arzon narxlarda yetkazib berishga ham zamin tayyorlanadi.

Tarixiy manbalarning shohidlik berishicha…

Orol dengizi sathi bir necha bor tushib-ko'tarilgan bo'lib, masalan, lV-Vl asrlarda dengiz sathi 10 metrdan ko'proqqa pasaygan. Vll-Xlll asrlar davomida daryo qirg'oqlarida suvdan muhofazalash dambalalari tiklangach, dengiz sathi ko'tarilib, mutlaq balandligi 54-55 metrni tashkil etgan.
Mo'g'ullar istilosi davrida Xorazm xonligi hududi katta vayronagarchilik­larni boshdan kechirgan. Bosqinchilar tomonidan daryo qirg'oqlaridagi suv to'siq – dambalari buzib tashlangach, Amudaryo suvi Sariqamish ko'li tomon yo'nalgan. Ko'l to'lishi bilan suv O'zboy o'zani orqali Kaspiy dengiziga borib tushgan.
Dengiz bergan ne`mat, rizq-nasibadan ko'plab xalqlar o'z zamonasida bahramand bo'lishgani ma`lum. O'tgan asrning 20-yillarida Volga bo'ylari, O'rol tog'lari tevarak-atiroflaridagi hududlarda ocharchilik, qahatchilik avj oladi. 1921 yilning oktyabr oyida V.Ulyanov Orol dengizi ishchilari va baliqchilariga maktub yo'llagan. Murojaatda: «Hurmatli o'rtoqlar, qozonlik, ufalik, samaralik hamda astraxanlik birodarlaringizni och qo'ymang! Orol dengizida ovlangan baliqlar ochlik jabrini tortayotganlar joniga aro kirishi mumkin. Tezkorlik va saxiylik bilan yordam qo'lini cho'zing, azizlarim!…» Iltimosni burch deb bilgan o'zbekistonlik baliqchilar ming-minglab pud baliqlarni Rossiyaga jo'natishgan. Keyinchalik bu odat tusiga aylangan. Orol sohilida yashagan bag'rikeng, soddadil aholi buni pisanda qilishni xayoliga ham keltirmagan.
O'tgan asrning 80-yillarida Sibir daryolarining suvidan besh foizini Orol dengiziga yo'naltirish rejasi amalga oshirilishi borasida katta-katta davralarda so'z o'yini boshlandi. Xalqimizda «egan og'iz uyalar», iborasi bor. Lekin Rasputin boshchiligidagi ziyolilar «guruhi» uch daryoning arzimagan suvini dengizga yuborishga qarshi chiqishdi. Yegan og'iz uyalmagani kabi, yuzlar qizarmadi ham. Orol muammosi, albatta, ijobiy hal etiladi deb ishongan butun bir avlod vakillari qattiq adashdilar.
O'zbekiston Qahramoni, otashnafas shoirimiz Abdulla Oripov «Orol uchun» she`rida shunday xitob qilgan edi:
Goho miyamizni qoplasa savdo,
G'alat tasavvurlar xayolga kelar.
Registon yo'qolib qolsa mabodo,
Ayting-chi, do'stlarim ne hol yuz berar?
Ayting-chi, qandayin ko'yga tushardik,
Buxoro bo'lmasa, bo'lmasa Xevoq!
Ular abadiydir deya behadik,
O'tib borayotir umrimiz mudroq.
Shaharlar joyida turibdi bu kun,
Ularning zavoli kelmas xayolga.
Merosiy xudbinlik borligi uchun,
Qaramay qo'yibmiz, afsus, Orolga.
Otang ketsa agar, ota bo'lursan,
Onangning o'rnini bosgay qiz, singil.
Dengizing qurisa ne ham qilursan,
Qayga bosh urursan, ey, munglug' ko'ngil?!

Farhodlari bordur bu azim yurtning

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida, yuksak minbardan turib dunyo hamjamiyatiga Orol muammosi tafsilotlarini boricha bayon etib berishi bugun o'zining izchil va ijobiy natijalarini bermoqda. Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik asosida trast jamg'armasining tashkil etilishi olamshumul voqea bo'ldi. Ushbu fondga donor davlatlar ajratayotgan yordam mablag'larining tusha boshlagani ham so'zimiz isbotidir.
Orol dengizi bugun o'z qirg'og'ini tashlab, yuzlab kilometr ichkarilab ketdi. Dengiz ultonida paydo bo'lgan besh million gektardan ko'proq maydonda qumli sahro vujudga keldi.
Ko'plashib ko'tarilgan yuk yerda qolmas ekan. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusiga labbay, deya javob bergan asl, yurt farzandlari Mo'ynoq tomon shoshilmoqda. Orolqum sahrosi chin ma`noda mardlar maydoniga aylandi. Mamlakatimizning barcha viloyatlaridan kelgan insonlar hamjihatlik bilan dengiz tubida yashil o'rmonzor barpo etishga kirishgan. Hududda yuz berishi mumkin bo'lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan to'qayzor barpo etish chora-tadbirlari peshma-pesh amalga oshirilmoqda.
– Dengiz tubida yashil o'rmon, saksovulzor barpo etish uchun bugun Orolga O'zbekistonimizning barcha hududlaridan ko'plab texnika va ishchi kuchi jalb qilingan, – deydi O'zbekiston Respublikasi O'rmon xo'jaligi ilmiy-tadqiqot instituti bo'lim boshlig'i Asqar Yunusov. – Maydonlardan imkon qadar to'kis nal (unib chiqadigan ko'chat) olish uchun ekish jarayoniga ilmiy yondashish talab etiladi. Noqulay ob-havo va namlik kam bo'lgan cho'l sharoitida yerga tashlangan saksovul urug'idan ko'chat olish oson kechmaydi.
Ilmiy xodimlar Jahongir Hayitov va Jahongir Urinovlar viloyatlardan kelgan o'rmon xo'jaligi xodimlari bilan ishchilarga o'zlarining maslahatlarini berib, yo'l-yo'riqlar ko'rsatishmoqda.
O'zbekiston Respublikasi O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasining O'rmon xo'jaligi ilmiy-tadqiqot instituti bergan ma`lumotga asoslansak, dengiz ultoniga ekilayotgan bir gektar saksovulzor 4 yoshida yiliga 835 kilogramm kislorod chiqarib, 1158 kilogramm uglekislotani qabul qilib olar ekan. Shuncha maydondagi cherkez o'simligi yiliga 1 tonna 548 kilogramm uglekislotani qabul qilib, 1 tonna 116 kilogramm kislorod ishlab chiqarar ekan. Agar to'qayzor maydoni ming gektarni tashkil etsa, qancha zaharli gazni xavfsizlantirib, qancha kislorod ishlab chiqaradi, million gektarlik o'rmon insoniyatga, atrof-muhitga, ekologiyaga qancha foyda keltiradi, bu yog'ini o'zingiz hisoblayvering…
Har yili suvdan bo'shagan maydonlarning 12 ming gektariga saksovul ekilib kelingan bo'lsa, hozir bir oyga yetmasdan 63 ming 547 gektar dalaga ushbu o'simlik urug'i tashlandi. Xayrli yumushlar uchun mingdan ortiq ishchi kuchi va 416 ta texnika jalb etilganligi ham ish ko'lami qanchalik ekanini tasavvur etishga imkon beradi.
Bir kilogramiga 15 ming so'mdan haq to'lanayotgan urug'likni yetishtirishda viloyatlar ham munosib ulush qo'shayotir. Shu kunga qadar Qoraqalpog'iston 80 tonnadan ko'proq, Navoiy viloyati 70 tonna, Buxoro viloyati 51 tonna 300 kilogramm va Qashqadaryo viloyati 36 tonnaga yaqin urug'lik yetishtirib berdi.
Dengiz ostida 5 mln. gektardan ortiqroq to'qayzor barpo etilsa, Orol dengizi akvatoriyasida ekologik holat o'zgarib, hudud iqtisodiyotini ko'tarishga zamin tayyorlanadi. Bu yerda qoramol chorvachiligi, tuyachilik, yilqichilik va echkichilik sohalarini rivojlantirish uchun mustahkam ozuqa bazasi yaratish, yaylovlar barpo etish nazarda tutilgan. Yana bir jihat. Ushbu yo'nalishda keng ko'lamli ishlar bajarilsa, Mo'ynoq shahrida go'sht, sut va terini qayta ishlash korxonalarini tashkil etish zarurati tug'iladi. Ya`ni ko'plab yangi ish o'rinlari yaratiladi. O'z navbatida, Yangi Mo'ynoq atrofida ekologik muhit yaxshilanib, iqtisodiyot yuksaladi va ijtimoiy soha rivoj­lanadi. Ekoturizm yo'nalishida faol harakatlar boshlanadi.

Mavzuga qaytib

Yodingizda bo'lsa, o'tgan yili may oyi­­da ro'y bergan ob-havo injiqligi borasida, gazetamizning 2018 yil 7 iyun 67-68-sonlarida, «Vahimaga asos yo'q» sarlavhali maqolada mutaxassislar fikri batafsil yoritilgan edi. Unda 20 maydan so'ng Ustyurt tekisligida havo harorati besh kunga qadar +39 darajaga ko'tarilgani va yerning ustki 10-15 sm. qatlamida namlik bug'lanib ketganligi, shimoli-g'arbiy tarafdan kelgan sovuq havo esa 10-15 m/s esayotgan shamolning tezligini 22-27 m/s ko'tarib yuborgani haqida ma`lumotlar berilgan edi. Natijada kuchli shamol Ustyurt tekisligining Kaspiy dengiziga yaqin hududidagi yerning namsiz 10-15 sm. qatlamini atmosferaga osongina olib chiqqani va Qoraqalpog'is­ton Respublikasi hamda Xorazm viloyatida noqulay ekologik vaziyatni yuzaga keltirgani haqida so'z yuritilgandi.
Olingan ma`lumotlar va keltirilgan dalil-isbotlar Gidrometeorologiya bosh­qarmasiga kosmik stansiya tomonidan berilgan faktlarga asoslanib yozilgandi. Inkor etmaymiz, dengiz atrofidagi yerlarda Orol tuzi bo'lishi tabiiy bir hol bo'lib, lekin 2018 yilning 26 may kuni atmosferaga ko'tarilgan changli bo'ron markazi, Ustyurt tekisligining Kaspiy dengiziga yaqin hududdan boshlangani isbot talab etilmaydigan haqiqatdir.
– Bunday ekologik holat har yili kamida ikki bora kuzatiladi. Chunonchi, 14 aprel kechasi ro'y bergan ekologik holatni ko'pchilik sezmay ham qoldi. Sentyabr oyining ikkinchi yarmida ushbu jarayonning qaytalanishi kutilmoqda. Odatda, bunday holatdan keyin yomg'ir yog'ishi kuzatiladi va pirovard natijada tabiat injiqligi sezilmay qoladi, – degan edi o'shanda Qoraqalpog'iston Respub­likasi Gidrometeorologiya boshqarmasi boshlig'i Aybosin Qidirniyazov.
Darhaqiqat, sentyabr oyida noqulay ekologik holatni hech kim sezgani ham yo'q.

Ezgulik jamg'armasi

Ayni paytda Mo'ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash, kam ta`minlangan oilalarni moddiy va ma`naviy jihatdan qo'llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan maxsus hisob raqamiga tashkilotlar, korxonalar hamda yurtdoshlarimiz homiylik mablag'larini o'tkazayotir.
Saxovatpesha, mehridaryo vatandoshlarimizdan, AKB Agrobank Mo'ynoq tumani bo'limida ochilgan h/p: 20212000203958519004, INN: 202669236, MFO: 00594 raqamli hisobraqamiga muttasil ravishda xayriya mablag'lari kelib tushmoqda.
Jumladan, «QOQON YOGʻ-MOY» AJ 200 mln., «GOLDEN PALOS TERMEZ» MChJ 150 mln., Xivadagi «Oq suv» fermer xo'jaligi 20 mln. so'm mablag' o'tkazgan bo'lsa, termizlik Umida Safarova 49 mln. 750 ming, qo'shko'pirlik Bekmurod Rasulov, Ozod Jumaniyozov va Jasur Maxmudovlarning har biri 500 ming so'mdan xayriya pullarini bankning Mo'ynoq tuman bo'limi hisobiga tushirgan. Xo'jayli tumani 7-sonli maktabning 5-sinf o'quvchisi Rasul Adhamov esa yig'ib yurgan 7 ming 600 so'm jamg'armasini ezgu ishga hadya qildi.
Ushbu ishlarning ertasiga chin dildan ishonib, yurak va vijdon amri bilan savobli ishlarga bosh qo'shayotgan himmati baland, olijanob xalqimizning ahilligiga va hamjihatligiga aslo ko'z tegmasin deb qolamiz.

Ortiqboy MAMUTOV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar