Mehnat qadrlangan joyda unum va baraka bo'ladi

240

«O'ztransgaz» aksiyadorlik jamiyatining «Urganchtransgaz» unitar korxonasi Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi iste`molchilarga gaz yetkazib berish barobarida o'zbek gazini MDH davlatlariga eksport qilish va turkman gazining tranzitini ta`minlash bo'yi­­cha davlatlararo shartnomalar asosida faoliyat yuritadi.

Xorazm viloyati va Qoraqalpog'is­ton Res­publikasining Ustyurt kengligida hududiy jihatdan tarqoq joylashgan 15 bo'linmadan tashkil topgan korxonaning kasaba uyushma qo'mitasi ibratli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, 2841 nafar kasaba uyushma a`zolari uchun munosib mehnat ­sharoiti yaratish, mehnat muhofazasi, dam olish va salomatligini ta`minlash doimiy e`tiborda.

Samarali faoliyat garovi

Xodim qachon samarali faoliyat ko'rsatadi? Albatta, sog'lom bo'lsa. Kasaba uyushmasining xodimlar salomatligini tizimli ravishda mustahkamlab borish haqidagi taklifi ish beruvchi tomonidan ham ma`qullandi. Bu talab jamoa shartnomasi bilan mustahkamlandi. Natijada ishchi-xodimlar va ularning oila a`zolarini, shuningdek, korxonada 10 yildan ortiq mehnat qilib, pensiyaga chiqqan faxriylarni sog'lomlashtirish maqsadida 2018 yilda respublika sanatoriylariga 602 ta yo'llanma imtiyozli ravishda ajratildi. Bu bilan ishchi-xodimlardan 322 nafari, ularning oila a`zolaridan 191 nafari, pensionerlardan 89 nafari imtiyozli sog'lomlashtirildi.
Albatta, bolalar salomatligi ham ­e`tibordan chetda emas. Korxonaga qarashli «Xiva gulshani» bolalar sog'lomlashtirish oromgohida o'tgan mavsumda 550 nafardan ortiq, jumladan, Qoraqalpog'iston Respublikasidan 260 nafar bola sog'lomlashtirildi.
Salomatlikni mustahkamlashda sportning o'rni beqiyos. Shu bois, ishchi-xodimlar sport sog'lomlashtirish tadbirlariga muntazam jalb qilib kelinmoqda. Buni sport tadbirlariga 27 million so'mga yaqin mablag' ajratilgani misolida ham ko'rish mumkin.
Bundan tashqari, turli bayramlar munosabati bilan sport musobaqalari muntazam uyushtirilib boriladi. Xususan, «Urganch­transgaz» birinchiligi uchun ikki bosqichda sportning shashka, shaxmat, stol tennisi, mini-futbol turlari bo'yicha musobaqalar o'tkazildi.

Daromadlar oshmoqda

Yaqinda mamlakatimizda o'rtacha ish haqi 2018 yilda 1 million 800 ming so'mdan to'g'ri kelganligi haqida ma`lumot tarqatildi. Nimagadir buni ayrimlar noto'g'ri qabul qilishdi. O'rtacha ish haqi qaysi mezonlar asosida hisoblanishini ko'pchilik bilmaydi chog'i. Agar korxonada Jamoa shartnomasi mavjud bo'lsa, xodimlar qo'shimcha ta`til, mukofot pullari, ustama, moddiy yordam olish va bosh­­qa qator imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega bo'ladi. Bizning korxonada Jamoa shartnomasida belgilangan ishchi-xodimlarni, ularning oila a`zolarini, ayniqsa, yoshlarni, ayollarni ijtimoiy-iqtisodiy himoyalashga qaratilgan imtiyozlar va barcha band­lar ijrosi kasaba uyushma tomonidan muntazam nazorat qilib borilmoqda. Ko'rsatilgan majburiyatlarning bajarilishiga erishilishi natijasida 2018 yil davomida o'rtacha ish haqi miqdori 2,5 million so'mdan oshdi.

Ehtiyojmandlarga ko'mak

Qancha ish haqi olishidan qat`i nazar, xodim boshiga ayrim tashvishlar tushishi, salomatligini tiklash, farzandiga ­kiyim-bosh yoki o'quv qurollari olishda, oilasidagi kam-ko'stni to'g'rilashda qiynalishi mumkin. Bunday holatlarda kasaba uyushmasi doimiy ko'makdosh. O'tgan yili korxona kasaba uyushmasi tomonidan 162 nafar yordamga muhtoj oila vakillariga 27 million so'mga yaqin moddiy yordam ajratildi.

Ishchanlik kayfiyatiga quvvat
Davlatimiz rahbarining 2018 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo'shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko'chirish to'g'risidagi va ichki turizmni rivojlantirish to'g'risidagi farmon va qarorlariga muvofiq uzaytirilgan bayram kunlari korxona ishchi-xodimlarining bo'sh vaqtlarini sermazmun o'tkazish maqsadida korxona ishchi-xodimlaridan 104 nafari, faxriylardan 25 nafari uchun Buxoro va Samarqand shaharlariga ­sayohatlar uyushtirildi.

Muhofazalangan mehnat mahsuli

Korxona tizimida mehnatni muhofaza qilish masalalariga e`tiborni kuchaytirish, ishlab chiqarish madaniyatini yuksaltirish, mehnat muhofazasi to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ma`muriyat va kasaba uyushma qo'mitasi o'rtasida Mehnat muhofazasi bo'yicha 2018 yil uchun 66 ta tadbirni o'z ichiga olgan va ularni bajarish uchun 187,6 million so'm mablag' ajratilishi ko'zda tutilgan Kelishuv imzolangan edi. Samarali faoliyat natijasida uning ijrosi to'liq ta`minlandi. Korxona bo'linmalarida saylangan Mehnat muhofazasi vakillarining 30 nafari korxonaga qarashli o'quv markazida o'qitilib, ularga maxsus guvohnomalar topshirildi.
Bu borada amalga oshirilgan ishlarni uzoq sanashga hojat yo'q. Korxonamiz mehnat muhofazasi bo'limi boshlig'i Sobirjon Bozorboev O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan «Eng yaxshi mehnat muhofazasi mutaxassisi» deb e`tirof etilgani bu borada qilinayotgan samarali ishlarning munosib bahosidir.

Saxovatda hikmat ko'p

Korxona tomonidan nafaqat xodimlar qo'llab-quvvatlanmoqda, balki iqtisodiy foyda evaziga bosh­qalarga ham yordam qo'llari cho'zilmoqda. Bu boradagi ishlar 2018 yilda ham izchil davom ettirildi. Xususan, korxonaga tegishli ko'p qavatli ma`muriy bino turar joy xonadonlariga moslashtirilib, to'liq ta`mirlandi va 13 ta kam ta`minlangan oilaga beg'araz berildi. 5 ta xonadon korxona xodimlariga belgilangan tartibda ajratildi.
«Obod qishloq» dasturi doirasida ishlar qizg'in ketayotgan Oqdarband qish­log'i hududida bolalar uchun maydoncha tashkil qilindi. Ushbu qishloq bolalari uchun Kasaba uyushma qo'mitasi hisobidan kitoblar, futbolkalar va voleybol to'pi sovg'a qilindi.
Qoraqalpog'iston Respublikasining Qoraqalpog'iston va Jasliq pos­yolkalarida olib borilgan «Obod qish­loq» dasturi asosidagi qurilish-ta`mirlash, obodonlashtirish ishlarida ham hamkasblarimiz faol ishtirok etdi.
Yil davomida «Hech kim e`tibordan chetda qolmasin» shiori ostida bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni va 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan nogiron farzandi bor ishchi-xodimlarga moddiy yordam ko'rsatildi.
«SOS O'zbekiston bolalar mahallalari» uyushmasining Urganch shahridagi filialida hisobda turadigan 40 nafar bola korxonaga qarashli «Xiva gulshani» oromgohida bepul sog'lomlashtirildi.

Hech kim e`tibordan chetda emas

Uzoq yillar ishlab, soha rivojiga munosib hissa qo'shgan, bugungi kunda pensiyada bo'lgan 500 nafardan ziyod faxriylarga har oyda korxona hisobidan qo'shimcha pensiya to'lanmoqda. Qishki mavsumga oziq-ovqat mahsulotlari sotib olish uchun 400 nafarga yaqin pensionerga eng kam ish haqining 3 barobari miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratildi.
Korxonada ishlab pensiyaga chiqqan, hozirda ijtimoiy himoyaga muhtoj pensionerlarning 100 nafariga Mus­taqillik bayrami yana 100 nafariga Yangi yil bayrami arafasida bepul oziq-ovqat mahsulotlari ajratilib, ularning holidan xabar olindi.
Yangi yil bayrami kunlarida Xorazm viloyat musiqali va drama teatrida ishchi-xodimlar farzandlari hamda «SOS O'zbekis­ton bolalar mahallalari» uyushmasining Urganch shahridagi filialida hisobda turadigan 74 nafar bola uchun bayram tashkil qilindi va sovg'alar ajratildi. Qoraqalpog'is­ton Respub­likasidagi 1-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga bayram sovg'alari taqdim etildi.
Yilni xayrli ishlar bilan bosh­ladik. Jamoamizning kayfiyati ishchanlik ruhida. Yangicha g'ayrat-shijoat bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga kamarbasta bo'lishga intilmoqdamiz.

Ravshanbek EShChANOV,
«Urganchtransgaz» unitar
korxonasi kasaba uyushma
qo'mitasi raisi

Boshqa xabarlar