QISQA YO'LNING UZOQ G'AVG'OSI yoxud uch kilometrlik yo'l qachon soz bo'ladi?

132

Davlatimiz rahbari doimo davlat idoralari xalqni rozi qilish uchun xizmat qilishi zarurligini ta`kidlaydi. Bugun taraqqiyotimiz dasturilamali bo'lgan Harakatlar strategiyasining ustuvor yo'nalishlaridan biri ham shudir.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlariga qaratilayotgan e`tiborni xalqimiz mamnuniyat bilan qabul qilmoqda. Tabiiyki, fuqarolar o'z muammolari, dard va tashvishlarini bayon qilishga, ularning yechimlarini izlashga intila bosh­ladi.
Har bir tuman va shaharlarda «Xalq qabulxonasi», davlatimiz rahbarining «Virtual qabulxonasi» ish boshlagani natijasida ko'plab o'z yechimini kutib yotgan muammolar hal etilmoqda.
Biroq Chiroqchi tumanidagi Moylijar qishlog'i fuqarolarini qiynayotgan bir dolzarb masala borki, u na «Virtual qabulxona», na «Xalq qabulxonasi»ning aralashuvi bilan ham o'zining to'liq ijobiy yechimini topmayotir.
Gap shundaki, bundan bir necha yil muqaddam Chiroqchi tumanidagi Moylijar va Koson tumanining Olato'n qish­loqlari tutashgan joydagi 3 kilometrlik yo'lning asfalti qayta ta`mirlash maqsadida buzib tashlangan edi.
Biroq ta`mirlash jarayoni oxiriga yetmay to'xtab qolgani, qolaversa, yo'lda qatnovning ko'pligi tufayli uning holati yanada yomonlashdi va xalqning qiynalishiga, kayfiyati tushishiga sabab bo'ldi.
Shu o'rinda ma`lumot uchun aytib o'tish joizki, Moylijar qishlog'i Chiroqchi tumanining eng chekka hududi bo'lib, qishloq tuman markazidan qariyb 80 kilometr uzoqlikda joylashgan. Moylijar va unga yaqin qish­loqlar aholisi bozor-o'char uchun asosan Chiroqchi tumani markaziga emas, qo'shni Koson tumanining Olato'n ­qishlog'iga (to'rt kilometr uzoqlikda joylashgan) boradi.
Qishloq ahli viloyat markazi (60 km.) yoki Koson tumani markaziga (60 km.) biror yumush bilan boradigan bo'lsa, aynan nosoz avtomobil yo'lidan o'tishga majbur.
Shu qishloqda yashovchi Do'stmurod bobo G'anievning bildirishicha, bu orada yo'lning nosozligi tufayli «Qarshi-Taloqtepa» yo'nalishidagi (Moylijar «Taloqtepa» MFYga kiradi, Taloqtepa qo'shni qishloq) avtobus ham qatnamay qo'ygan…
Davlatimiz rahbarining xalq bilan muloqotga keng yo'l ochgani esa qishloq fuqarolari qalbida yangi umid uchqunlarini yoqdi. «Taloqtepa» MFY faollari 2017 yilning 14 mart sanasida Qashqadaryo viloyati avtomobil yo'llari hududiy bosh bosh­qarmasiga yo'l ta`mirlashga yordam so'rab murojaat qilishdi.
Biroq ishda oldinga siljish bo'lmagach, Prezidentimizning Qashqadaryo viloyatidagi «Xalq qabulxonasi»ga xat yozishdi.
Qashqadaryo viloyati avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasi mutaxassislari ariza mualliflariga quyidagi mazmunda javob qaytarishdi: «4R-95» avtomobil yo'lining 43-46 km.lari oralig'i tabiiy ofat oqibatida buzilib, ta`mirtalab holga kelib qolgani va ta`mirlash ishlari uchun joriy yilda res­publika yo'l jamg'armasidan mablag' ajratilmagani sababli 2018 yilda ta`mirlash ishlari bajariladi».
Shundan keyin qishloq aholisi 2018 yilni kuta boshladi.
Mazkur masalaga Koson tumani hokimligi ham (chunki buzuq yo'l Koson tumani hududida joylashgan) o'z munosabatini bildirgan va quyidagicha javob qaytargan:
«Chiroqchi tumanidagi «Taloqtepa» mahalla fuqarolar yig'ini Moylijar qishlog'ida yashovchi fuqaro Do'stmurod G'anievning Prezident «Xalq qabulxonasi»ga 3 km. yo'lni ta`mirlab berishni so'rab qilgan murojaati tuman hokimligi ishchi guruhi tomonidan o'rganib chiqildi.
O'rganish natijasiga ko'ra, «4 R 95» avtomobil yo'lining 43-46 km.da ta`mirlash ishlari bo'yicha yo'lning asosi to'liq ta`mirlanib, 700 m. qismiga asfalt yotqizilgani, moliyalashtirilgan mablag' yetishmagani sababli asfalt yotqizish ishlari to'xtab qolgani aniqlandi.
Fuqaro Do'stmurod G'anievga 2018 yilning boshidan yo'l dasturiy rejaga kiritilib, yo'lning qolgan qismini tezlik bilan bir oy ichida to'liq ta`mirlab berilishi tushuntirildi».
Bu xat 2017 yilning 18 noyabrida Qashqadaryo viloyati hokimligiga, nusxasi esa ma`lumot uchun D.G'anievga jo'natilgan.
Tong otadi, kun botadi. «Hash-pash» deguncha 2018 yilning ham avgusti kelib qoldi. Yo'l ta`miri oldinga siljiyvermagach, mahalla faollari va Do'stmurod bobo chidab turolmadi. Toshkentga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Virtual qabulxonasi»ga sim qoqishdi.
Bu murojaatga ham Qashqadaryo viloyati avtomobil yo'llari hududiy bosh boshqarmasidan javob keldi. Uning xulosa qismida shunday deyilgan:
…«Po'lati-sho'rbozor» avtomobil yo'lini ta`mirlash ishlari bo'yicha aniqlik kiritildi. Ta`mirlash ishlarini joriy yilning sentyabr oyida bajarib berish va yakuniga yetkazish tushuntirildi».
Ta`kidlash joizki, bu javob ariza mualliflari bilan birga ma`lumot uchun O'zbekiston avtomobil yo'llari davlat qo'mitasiga ham yuborilgan.
– Bu va`da ham bajarilmagach, 2018 yilning oktyabr oyida «Virtual qabulxona»ga yana qayta murojaat qildim, –deydi Do'stmurod bobo. – Bu gal O'zbekiston avtomobil yo'llari davlat qo'mitasidan javob keldi. Unda shunday deyilgan:
«…Murojaatingizda so'ralgan avtomobil yo'lining ta`mirlash ishlari ajratilgan limit mablag'lari doirasida joriy yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich amalga oshirilishini bildiramiz!».
(2018 yil, 26 noyabrdagi 02/6244-A 650/2 raqamli javob xati).
Shu tariqa 2018 yil murojaat qilish va «mutaxassislarning o'rganishi» bilan o'tdi, ammo yo'l ta`mirlanmadi.
Yaqinda Moylijar qishlog'ida bo'lganimizda Do'stmurod bobo bir yangilikni aytib qoldi. Qayta-qayta murojaatlardan so'ng joriy yilning yanvar oyida yo'lsozlar kelib, asfalti olib tashlangan yo'lni tekislab ketishibdi.
Balki endi ish oldinga siljir?
Ammo el dardini yengillatmoq orzu­sida «yoza-yozlar»dan, murojaatlar va «o'rganish jarayonlari»dan hafsalasi pir bo'lgan Do'stmurod bobo esa hali ham ishning ijobiy yakun topishiga ishonmayapti.
– «Mutasaddilar yo'lni bosqichma-bosqich ta`mirlab beramiz», ­deyishdi. Bunday holatda bir yilda 300 metr yo'l asfalt qilinsa, 3 km. masofani 10 yil ichida sozlab beradimi?», – deydi xunob bo'lgan Do'stmurod bobo.
Xulosa chiqarishdan oldin yo'l ta`miri murakkab jarayon ekanini yana bir bor ta`kidlab o'tishni joiz topdik. Shuning uchun uni tezlatish uchun amaliy yondashuv zarur. Ushbu muammoning ijobiy yechim topishiga ishonchimiz komil. Axir, ish boshida Avtomobil yo'llari davlat qo'mitasi turgan bo'lsa, muammo yechimi bilan viloyat hokimligi-yu Xalq va Virtual qabulxonalar mutasaddilari qiziqayotgan bo'lsa…
Xalqning davlat idoralariga bo'lgan ishonchi susaymasligi uchun ham ­3 kmlik yo'l ta`mirlanishi kerak. Bu juda muhim!

Akmal ABDIEV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar