TURIZM QANDAY RIVOJ TOPADI? yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar bu savolga javob bo'lmoqda

254

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning «O'zbekiston Respublikasida turizmni tezkor rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi farmoni hamda «Turizm tarmog'ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori soha rivojini yangi bosqichga olib chiqadigan, dunyo tamaddunida o'z o'rniga ega jonajon diyorimizni yanada tanitishga ulkan hissa qo'shadigan muhim hujjat bo'ldi.

– Biz turizm sohasida mehnat qiluvchi tadbirkorlar va turistik firmalarga belgilangan imtiyozlarni ko'p yillardan buyon kutayotgan edik, – dey­di Qashqadaryo viloyati Turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Shohruh Jalolov. – Farmonga ko'ra, 2019 yilning 1 fevralidan 45 davlat fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilinadi. Bu esa, tabiiyki, sayyohlarning yurtimizga tashrifi ortishiga zamin yaratish bilan birga ularga xizmat ko'rsatadigan turistik firmalar, mehmonxonalar ishining samaradorlik darajasi oshishiga, qo'yingki, yurtimiz iqtisodiyotining yanada yuksalishiga olib keladi.
Qarordagi imtiyoz va imkoniyatlar mehmonxonalar vakillari, tadbirkorlar, hattoki, oddiy fuqarolarning ham katta qiziqishiga sabab bo'ldi. Unda qayd etilganki, tadbirkorlar 3 yulduzli toifa uchun 50 ta xonadan kam bo'lmagan va 4 yulduzli toifa uchun 100 ta xonadan kam bo'lmagan xonalar fondiga ega mehmonxonani 2022 yil 1 yanvargacha foydalanishga topshirishgan taqdirda, mehmonxona toifasi tasdiqlangach yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun investorlar xarajatlarining bir qismi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan qoplab beriladi.
Bungacha tadbirkorlar mehmonxonasi toifasi yuqori bo'lishidan manfaat ko'rmas, aksincha, mehmonxona darajasi qanchalik o'sib borsa, shunchalik ko'p soliqqa tortilardi. Endi ular qator imtiyozlarga ham ega. Jumladan, mehmonxonalar olishi kerak bo'lgan, mehmonxona ichida joylashgan yoki unga tegishli bo'lgan alkogol mahsulotlari (bar, mini-bar, kafe, res­toran) sotuvi bilan shug'ullanadigan umumiy ovqatlanish ob`ektlari va savdo nuqtalari uchun alohida ruxsat guvohnomasi olish bekor qilindi. Aeroportdan, temir yo'l va avtoyo'l vokzallaridan mehmonxonaga, shuningdek, turizm ob`ektlariga o'zining ijarachilari uchun transport xizmatlarini ko'rsatishda ham ruxsatnoma kerak bo'lmaydi.
Ya`ni, mehmonxona egasi keladigan mehmonga sifatli taksi xizmatini tashkil qilib, o'z daromadlarini yanada oshirishga ega bo'ldi.

Shu o'rinda bir misol. Masalan, Shahrisabzni ziyorat qilib yurgan ikki xorijlik sayyoh Qamashiga, Langar ota ziyoratgohiga borishni ixtiyor qildi, deylik. U Langar otaga qanday borilishini so'rab, bizga murojaat etadi (Oqsaroy majmuasida turistik informasion markaz faoliyati yo'lga qo'yilgan). Biz yo'ldagi biror mahalliy tanish haydovchini to'xtatib, mehmonlarni ularning uloviga mindiramiz va Qamashiga olib borib qo'yish­­ni iltimos qilamiz. Mehmonlar to ziyo­ratgohga yetib borguncha qirq marta qo'ng'iroqlashib, xavotirlanib o'tirardik.

Endi mehmonxona egalari o'zlarining taksi xizmatlarini joriy etib, xorijiy tilni biladigan xodimni ishga olib, sayyohlarga sifatli taksi xizmati ko'rsatish imkoniga ega bo'ldilar.
– Rahmatli dadam Dilmurod Nuraliev butun hayotini turizmga bag'ishlagan inson edi, – deydi shahrisabzlik tadbirkor Jamoliddin Nuraliev. – U kishi O'zbekiston jahon tillari universitetini tamomlab, Shahrisabz­dagi «Inturist» mehmonxonasiga tarjimon sifatida ishga yuborilgan. Bu sohada 35 yil mehnat qildi. Shundan 27 yilida «Inturist» mehmonxonasiga rahbar bo'ldi. Rossiya va Angliya davlatlarida malaka oshirib kelib, Shahri Keshda turizmning oyoqqa turishida o'z ulushini qo'shdi. 2016 yilda esa «Dilmurod bobo» mehmonxonasini ishga tushirdi.
Mehmonxonada asosan oila ­a`zolarimiz ishlashardi. Chunki onam Mavjuda Suyunova rus va ingliz tillarida dars bergani, dadamning mohir tarjimon bo'lgani bois, uch nafar singlim Feruza, Nargiza hamda Nilufar xorij tillarini mukammal bilishardi. Mehmonxonaga kelgan xorijlik sayyohga namunali xizmat ko'rsatishda deyarli muammolar yuzaga kelmasdi.
2017 yilning dekabr oyi oilamiz uchun qayg'uli bo'ldi. Dadam vafot etdi.
Bu vaqtda men poytaxtda, neft va gaz sohasida faoliyat yuritardim. Shundan so'ng, mehmonxona ishini yurgiza olishimga ko'zim yetmadi. Onamni poytaxt­­ga ko'chirib olib ketmoqchi bo'lgandim, ko'nmadi. «Dadang shuncha ishni qilib, mehmonxonani ishga tushirdi. Ishini davom ettirmay, tashlab ketsak, ruhi ozor chekmaydimi?», deb Toshkentga borishga rozi bo'lmadi.
Shundan keyin mehmonxona ishini davom ettirishga ahd qildim. Onam, singillarim, dadamning do'stlari menga bu ishda ko'makchi bo'lishdi.
2018 yilda Shahrisabzda birinchi xalqaro maqom san`ati festivalining o'tishi arafasida singlim ikkimiz bankdan kredit olib, «Jamol» va «Shahzoda» oilaviy mehmon uylarini tashkil etdik.
Xalqaro anjuman vaqtida oilaviy mehmon uylarimizda yashagan xorijlik mehmonlarni hayot tarzimiz bilan tanishtirdik, ularga milliy taomlarimizdan tayyorlab berdik. Pirovardida, ularning hayajonli, minnatdorlik balqib turgan dil so'zlarini, tashakkurini eshitish baxti nasib etdi.
Prezidentimizning turizmni jadal rivojlantirish yo'lida chiqargan farmoni va qaroridan ruhlanib, ayni paytda «Dilmurod bobo» mehmonxonasini kengaytirish harakatini bosh­lab yuborganmiz. Hozirda yetti xonadan iborat 16 o'rinli mehmonxonani 3 yulduzliga aylantirmoqchimiz. Qurilish ishlari boshlandi. Xonalar sonini 15 taga, o'rinlarni esa 40 taga yetkazishni rejalashtiryapmiz.
O'tgan yili Shahrisabzda o'tgan maqom san`ati anjumani sabab mehmonxonamiz ancha ko'p mehmonni qarshi oldi. Foydamiz ham yaxshi bo'lib, bankdan olgan kreditlarni to'lashda yordami tegdi. Davlatimiz rahbari Qashqadaryoga tashrif buyurgan paytida Shahrisabzni festivallar shahriga aylantirish haqida ham gapirib o'tgandi. Bundan behad ruhlandik.

Shahri Kesh yil davomida ko'p­lab san`at bayramlari, festivallar, turli xalqaro seminarlarga mezbonlik qiladi. Bu esa davlatimiz iqtisodiyotiga ulush qo'shish bilan birga, biz kabi turizmga aloqador tadbirkorlarga juda qo'l keladi. Tikkan sarmoyamizni ko'paytirish imkoni tug'iladi.

Akmal ABDIEV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar