ZAMONAVIY TEXNOLOGIYaLAR ASRI insonlar ishsiz qoladimi?

247

Inson yoshi ulg'aygan sari o'tayotgan umrini sarhisob qilish bilan birga kelajakda amalga oshiradigan ishlarini rejalashtirib boradi. Umuman, inson zoti azal-azaldan o'z taqdiri – kelajagini anglashga intilib yashagan.

Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, o'tmishda ba`zi kishilar muchal va burjlarga doir yozilmagan qonun-qoidalarga amal qilib, hayot kechirgan. Harbiy yurishlardan tortib, davlat boshlig'ining hokimiyat tepasiga kelishi, katta-katta qurilishlar, nikoh marosimlari munajjimlar hisob-kitobiga qarab, amalga oshirilgan.
Shuni ta`kidlash joizki, so'nggi ikki yil mobaynida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida odamlarda ertangi kunga nisbatan ishonch uyg'ondi, fikrlash darajasi o'zgardi. Farovon turmushning negizi – mehnat bozorida islohotlar o'tkazildi. Albatta, tub burilishlar davrida «2019 yilda bizni nima kutmoqda?» degan savol ko'pchilikni qiziqtirishi shubhasiz.
Yaqinda dunyo miqyosida o'tkazilgan Jahon iqtisodiy forumida «Ishlarning kelajagi» deb nomlangan hisobot taqdim etilib, unda 2019 yilda kutilajak ishlarning bashorati bayon etildi.
Shu o'rinda Jahon iqtisodiy forumida qayd etilgan hisobotga to'xtalib o'tadigan bo'lsak, unda demografik va texnologik o'zgarishlar oqibatida 2020 yilga borib qariyb yetti milliondan ortiq ish o'rinlari yo'qolishi, shuningdek, ularning aksariyati ofis va ma`muriy ishlar ekani ma`lum bo'ldi.
Weforum.org sayti ma`lumotiga ko'ra, «Ishlarning kelajagi» loyihasida dunyodagi eng yirik 15 ta iqtisodiy yo'nalishlarning to'qqizta sohasi qamrab olingan. So'rovnomada 350 nafardan ziyod ish beruvchilar ishtirok etgan. Bu esa mehnat bozorining joriy yilgi rivojlanishi haqida bashorat qilish imkonini beradi.
Hisobotda bo'sh ish o'rinlari kelgusi bir necha yil ichida radikal o'zgarishlarga duch kelsa-da, yuqori talabga ega yangi kasblar ham vujudga kelishi taxmin qilinmoqda. Bundan tashqari, mavjud sohalarning ayrimlariga talab o'sishi ham kuzatilmoqda. Ularga quyidagilar kiradi:

Ma`lumot tahlilchilari. Ular 2020 yilgacha barcha sohalarda tobora ko'proq ahamiyat kasb etadi. Buning sababi shundaki, so'rov ishtirokchilari texnologik o'zgarishlarda hosil bo'lgan barcha ma`lumotlarni sezish uchun tahlilchilarning yordamiga muhtoj bo'ladi.

Kompyuter va matematika yo'nalishidagi ishlar kuchayib boradi. Bu jarayonga kompyuter dasturchi, dasturiy ta`minot ishlab chiquvchi, axborot xavfsizligi bo'yicha tahlilchi va boshqalar qamrab olinadi.
Arxitektura va muhandislik ishlari barqaror bo'lib qoladi. Keyingi to'rt yil mobaynida arxitektura va muhandislik sohasida ishlaydigan malakali ishchilarga talab ortib boraveradi. Xususan, biokimyo, nanotexnologiya, robototexnika va materiallarga yo'naltirilgan muhandislarga ehtiyojning o'sishi kuzatiladi.
Demak, o'z-o'zidan ma`lumki, 2020 yilga kelib butun dunyoda kompyuter va matematika, arxitektura va muhandislik sohalari bo'yicha 2 millionga yaqin ish o'rinlari yaratiladi.
Ixtisoslashgan savdo sotuvchisi ham kerak bo'ladi. Texnologik taraqqiyot sanoatni o'zgartirishda davom etmoqda. Kelajakda katta bozorlarda mahsulotni doimiy va yangi mijozlar (tadbirkor, davlat va iste`molchilar)ga taklif qilishda har bir kompaniya o'zining sotuvchilariga muhtojlik sezadi. Misol uchun aytsak, uyali aloqa telefonlaridagi iste`molning o'sishi raqamli media kompaniyalarining bilimdon va mobil telefon reklamasini tushunadigan xodimni yollashiga sabab bo'ladi.
Kompaniya tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarish jarayoniga o'tish davrida boshqarish uchun katta menejerlar kerak bo'ladi. Endilikda sanoat tarmog'ida yaratilayotgan korxonalar yuqori malaka darajasiga ega menejerga muhtojlik sezadi. Yangi qiyofadagi menejerlarga muhtoj bo'lgan sohalar o'z ichiga ommaviy axborot vositalarining ko'ngil ochar va axboriy yo'nalishlarini qamrab oladi.

Mahsulotni dizaynerlash ham muhim. Hisobotga ko'ra, 2020 yilga qadar turli kasb egalari orasida yangilikka o'ch ijodkorlarga talab katta bo'ladi. Albatta, joriy etilayotgan ishlarning avtomatlashtirilishi insonlarning fikrlash qobiliyatini cheklamaydi. Aksincha, texnikalashgan dizaynerlar, ayniqsa, tijorat va sanoat dizaynerlari kasbiga ehtiyojni yanada kuchaytiradi. Chunki talab­gor yildan-yilga yangicha ko'rinishdagi va qulay mahsulotni xarid qilishni xohlaydi.

Malakani qayta oshiruvchi shaxslar ham inobatga olingan. Texnologik va ijtimoiy-iqtisodiy o'zgarishlarda ba`zi bir ishlarning to'liq yo'qolishi bilan birga yangi ish o'rinlari yaratiladi va ularni to'ldirish uchun odamlar kerak bo'ladi. Ya`ni mavjud xodimlar yangi malakalarga o'rgatiladi. Xususan, hozirda respondentlarning 65 foi­­zi xodimlarni qayta o'qitishga sarmoya ajratmoqda.
Ko'rinib turganidek, inson resurslari bo'yicha ishlaydigan mutaxassislar nafaqat raqobatbardosh bozorda ishga joylashish, balki boshqa xodimlarning malakasini rivoj­lantirish uchun juda zarur.
Tartibga solish talabi va kompaniyalarda yangi texnologiyalarni qamrab olish munosabatlarining kengayishi hukumat bilan aloqalarni o'rnatuvchi mutaxassislar sonining ortib borishiga turtki bo'ladi. Zamonaviy kompaniyalarda so'nggi rusumdagi texnologiyalarning tatbiq etilishi, qo'llaniladigan ashyolarning qonuniy jihatlarini ham yaxshi biladigan mutaxassislarni yollashga zarurat tug'diradi. Chunki bu jarayonda an`anaviy avtomobil va texnologiya ishlab chiqaruvchi kompaniyalar haydovchisiz avtomashinalar ishlab chiqargani singari qonunlarni yaxshi tushungan holda tartibga soluvchi texnologiyani amalga oshiradigan ishchi bo'lish har ikki tomonga birdek foydali.
Xulosa qiladigan bo'lsak, biz qanday kasb egasi bo'lishimizdan qat`i nazar, o'zimiz bajarayotgan mashg'ulotimizni yurakdan sevmog'imiz kerak. Shunda oldimizga qo'ygan marraga yetishib, umrimizni bekorga o'tkazmaganimizga amin bo'lamiz.

Mahliyo UMIRZOQOVA,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar