«Unutilgan» yo'llar

200

Iqtisodiyot ravnaqi ko'p jihatdan yo'llarning ravonligiga bog'liq. Namangan ­viloyatiga kelgan kishi, taassufki, yo'llarning nosozligidan shikoyat qiladi. Bu sohada hech qanday ish amalga oshirilmayapti degani emas, shunchaki, amalga oshirilganlari yetarli bo'lmayotganidan dalolat.

Birgina misol: viloyat markazidagi ko'chalardan biri – Hamroh deyarli bir yildan beri kovlab tashlangan holda turibdi. Yoki «Sardoba» bozori atrofi, Marg'ilon ko'chalaridagi holatlar aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez ko'rinish berib turadi. Biroq bu masalaga munosabat bildirishi lozim bo'lgan mutasaddilardan negadir sado chiqmayotir.

Viloyatning qator tumanlaridagi yo'llar ham qoniqarli darajada emas. Chust tumaniga e`tibor qaratamiz. Xususan, mashhur Chust shahrining qadimiy bozori atrofida yurishga yaroqli yo'lning o'zi yo'q. Hunarmandchilik mahsulotlari bilan nomi dunyoga taralayotgan shahar aholisi yakshanba kunlik «Do'ppi bozor» (aslida, do'ppido'zlarga ham qiyin, tayinli hunarmandchilik rastasining o'zi yo'q, qish­li-qirovli kunlarda boshidan yog'in, oyog'idan loy tepchib, peshona teri mahsulini sotish ham bir azob), haftaning qolgan kunlarida qatnov yo'li sifatida botqoqlikdan foydalanadi, ochig'i yo'l, deyishga istihola qilasan kishi.

Avvalroq, 2018 yilning yarmiga qadar o'ydim-chuqur bo'lsa-da, asfalt yo'l bor edi. Rekonstruksiya qilish niyatida hunarmandlar rastasini buzib, yangidan yo'l qilishdi, biroq asfalt to'shama qilishni «unutib» qo'yishdi. Bu botqoq yo'l yoqasida yangi kapital ta`mirdan chiqarilgan bog'cha bor, mahallaning aksariyat bolalari shu yo'ldan maktabga, odamlar bozor-­o'charga qatnaydi. Ammo ularning loyga botib qiynalayotgani hech kimning parvoyiga kelmaydi.
Kishini o'ylatadigan yana bir jihat bor: mana shu botqoq yo'l yoqasida qadimiy Otchopar eshon honaqosi joylashgan. Bino 2017 yilda ­restavrasiya qilingan. Islom olamida nomi mashhur bo'lgan honaqo hozir ham ziyorat turizmining muhim ob`ektlaridan. Ammo unga nobop yo'l sabab ko'pchilik emin-erkin kela olmaydi.


Bugun biz so'z yuritgan masala: yo'llar va ulardan foydalanish masalasida qonunchilikda mukammal yechimlar berilgan. Hamma gap ana shu qonunlarning ishlamayotganida. Zero, «Avtomobil yo'llari to'g'risida»gi qonunning 9-moddasida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llari davlat mulki ekanligi qat`iy belgilab qo'yilgan bo'lib, mazkur mulkni «Yo'l tashkilotlari avtomobil yo'llarining soz holatda bo'lishini, ulardan transport vositalari muttasil va xavfsiz o'tishini ta`minlashi shart» (16-modda).
«O'zbekiston Respublikasi hududidagi avtomobil yo'llari mintaqasida xavfsizlikni ta`minlash va tashkil etish» qoidalariga binoan, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llarini (shahar ko'chalarini) bir yilda ikki marta (bahor va kuzda) mavsumiy ko'rikdan o'tkazish, ko'rik natijalari asosida yo'l harakati xavfsizligi tadbirlarini ishlab chiqish belgilangan. Bundan tashqari, ularning amalga oshirilishi monitoringini olib borish, harakat xavfsizligiga zid holatlar yoki yo'lning holatiga bog'liq bo'lgan yo'l-transport hodisalari ko'paygan yo'l qismlarini kelgusi yilda ta`mirlash rejasiga kiritish bo'yicha tegish­li organlarga taklif taqdim etish (mahalliy davlat hokimiyati organlari esa o'z rejalariga kiritishi) zarurligi belgilangan.
Aytmoqchi bo'lgan fikrimiz shuki, yo'llarimiz ahvoliga munosabatimiz shu tarzda davom etsa, bor asfaltlar ham yemirilib, loy ko'chalarda qolib ketaveramiz. Vaholanki, biz barcha imkoniyatlar orzularimizga uyg'un bo'lgan yurtda yashamoqdamiz.

Dildora RAHMONOVA,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar