OLIY TA’LIM: “5” NING NARXI QANCHA?

118

Oliy talim. Talabalik baxti. Bu
nomga erishgan borki, sal kam mutaxassisga aylanadi. Lekin bugungi kunda asosan
u bu dargohdan o’z sohasining bilimdoni bo
lib chiqishdan kora, faqat “diplom” olib, qoshtirnoq ichidagi
mutaxassisga aylanib ketyapti. Tushuntirib aytadigan bo
lsak, kopchilik talabalar oliy talim muassasasini “soqqa”
bilan tamomlayapti. Vaqti kelib mutaxassisligi bo
yicha biror joyga ishga kirsa, eplab ketolmasligi
ayon haqiqat. Bu yerda yana “soqqa” muhim vazifani bajaradi, natijada
korrupsiya ildizi chuqurlashadi. Buning ortidan bu eshikka bosh urganlar turli
muammolarga duch keladi. Oliy ta’limdagi bu illat – korrupsiya haqida “Ma’rifat”
gazetasida chop etilgan Sardor MUSTAFOEV quyidagi maqolasida o’qiysiz.

Maqolani t o‘liq quyida o‘qing.

 

KORRUPSIYA OLIY TA’LIM TIZIMINI YEMIRMOQDA

Oliy ta’lim tizimini uzoq vaqtdan beri ichdan yemirayotgan xastaliklar bor. Shulardan biri — o‘quv semestrlari yakunidagi tamagirlik, korrupsiya holatlari. 

“5”ning narxi qancha? 

Bir tanishim maoshdan uzish sharti bilan mo‘maygina qarz ko‘tardi. Sababini so‘rasam, oliy o‘quv yurtida o‘qiyotgan ukasining semestr baholarini olishi uchun zarur ekan. Uning aytishicha, naq bir oylik maoshiga teng summa bor-yo‘g‘i 4-5 ta fanni “yopish”ga yetarkan. Tanishimning ukasi bilan suhbat esa quyidagicha bo‘ldi: 

— Hamma o‘qituvchilar “oladi”mi? 

— Yo‘q, “olmaydiganlar”i ham bor. 

— Bitta fan uchun qancha berasizlar? 

— “Stavka”siga qarab. 

— Masalan… 

— Agar semestrni “3”ga tamomlayotgan bo‘lsangiz, “4” va “5”ga “yopayotgan”lardan kamroq berasiz. O‘rtada 100—200 ming so‘mgacha farq bor. 

— Ochiqdan-ochiq so‘rashadimi? 

— Yo‘q, guruh sardorlari orqali… 

Afsus… Bu holat faqat o‘sha tanishim, uning ukasi va u o‘qiyotgan muassasada bo‘lganida edi, ehtimol, uni og‘ir xastalikka qiyoslamasdik. 

O‘qigan ham, o‘qimagan ham — barobar 

Oliy o‘quv yurtiga qabul qilingan ayrim talabalar dastlab yuqori kursdagilardan muhim bir ma’lumotni surishtirib, aniqlashtirib oladi: semestr yakunida qaysi o‘qituvchi “oladi”, qaysisi esa yo‘q. Keyin o‘qish davomida shu “tavsiyalar” asosida ish ko‘riladi. 

— Ba’zi o‘qituvchilar uchun semestr davomida kimning qanday o‘qigani, darslardagi ishtiroki ahamiyatsiz, — deydi poytaxtimizdagi oliy ta’lim muassasalaridan birining bitiruvchi kurs talabasi. — Ayniqsa, nomutaxassislik fanlaridan dars o‘tuvchi o‘qituvchilar o‘qigandan ham, o‘qimagandan ham undirishga urinadi. Misol uchun, biz aniq fanlar yo‘nalishidagi fakultetda o‘qiymiz. Lekin dars jadvalimizga gumanitar fanlar ham kiritilgan. Bu fanlardan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishga urinsak-da, yakunda bahoni belgilangan “stavka”lar hal qiladi. 

Bugun o‘qituvchining mavqeyini oshirish bo‘yicha ko‘plab amaliy ishlar qilinayotgani hech kimga sir emas. Biroq talabaning cho‘ntagiga ko‘z olaytirgan, undan manfaat ko‘rish istagida turli nag‘malarni o‘ylab topayotgan pedagogning talabalar oldida qanday obro‘si, hurmati bo‘ladi?! Biror o‘qituvchi haqida gap ketganda, ortidan “E, qo‘ysang-chi uni, uning bahosi… so‘m…” degan so‘zlar aytilishini o‘sha domlaning o‘zi bilarmikan? 

Talabalar ham “oppoq” emas 

Semestr yakunidagi korrupsiya holatida faqat o‘qituvchilarni ayblash fikridan yiroqmiz. Masalaning boshqa tomoni ham bor. 

— Semestr tugashi arafasida ayrim talabalar “Domla, xizmat bo‘lsa, aytavering, biz tayyormiz”, “Bahoni yaxshilashning biror yo‘li yo‘qmi? Kelishaylik”, deb keladi, — deydi oliy ta’lim muassasalaridan birining ismi oshkor bo‘lishini istamagan o‘qituvchisi. — Na tortinish, na uyat bor ularda. Ba’zilari semestr davomida darsga umuman qatnashmagan, hatto fan bo‘yicha daftari yo‘q. Qo‘shimcha topshiriq beray, desangiz, bajarishga hafsalasi yo‘q. Ularni qayta top¬shirishga qoldirishni xohlasam-da, afsuski, ko‘pincha bahosini olib ketadi. 

— Siz baho qo‘ymasangiz, unda qanday oladi? — deyman suhbatdoshimga hayrat bilan tikilib. 

— Men qo‘ymagach, ular kafedra mudiriga yoki boshqa rahbarlarga murojaat qiladi. Xullas, yo‘li topiladi. Ayrim talabalar “yuqori”da ishlaydigan tanish-bilishlarining “iltimosi” orqali baho oladi. 

Korrupsiyaga yo‘l 

Oliy ta’lim muassasalaridagi baholash tizimi korrupsiyaga yo‘l ochadi. Masalan, ayrim fanlardan oraliq va yakuniy nazorat ishlarini baholashda shunday tizim amalda: o‘qituvchi ko‘pincha savollar yozilgan biletlarni talabalarga tarqatadi. Ular belgilangan vaqt oralig‘ida shu savollarga javobni maxsus muhrlangan daftarlarga yozishi kerak. Ammo savolga beriladigan javobning hajmi qancha bo‘lishi to‘g‘risida aniq to‘xtam yo‘q. Ya’ni, o‘qituvchi kimni qanday baholashni o‘zi hal qiladi. 

— Ayrim o‘qituvchilarimiz oraliq nazorat ishlarida — daftarni yarimlatsak, yakuniy nazoratda esa o‘n ikki varaq daftarni to‘ldirsakkina yuqori baho olishimizni aytishadi, — deydi bir talaba. — Vaholanki, ba’zi savollarga bir xatboshida ham tuzukkina javob berish mumkin. Ammo yaxshiroq baho olishni istaganlar ko‘proq yozishga majbur… 

Xulosa o‘rnida 

Oliy o‘quv yurti bitiruvchilari turli sohalarda yangi kuch sifatida ish boshlaydi. Ularga sohaning ertasi, zamonaviy bilimga ega kadr sifatida ishonch bildiriladi, umid bilan qaraladi. Ammo bugun oliy ta’lim muassasasida tamagirlik, korrupsiya holatlarining guvohi bo‘layotgan, o‘zi ham shunday qing‘ir yo‘llar orqali baho olayotgan talabaning, kadrning salohiyati qanday bo‘ladi? Ertaga u ish joyida yurt rivojini emas, o‘z manfaatini, cho‘ntagini o‘ylab ish ko‘rmaydi deb kim kafolat beradi? Hamma fojia shunda. 

Sardor MUSTAFOYEV

2019 yil, 9 fevral

“Ma’rifat” gazetasi 11-son

Бошқа хабарлар