Valievni taniysizmi?

239

Qabul qilinayotgan qonun hujjatlariga 500 tadan ortiq taklif jo'natgan Rustam Valiev haqida eshitganmisiz? Viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasining «Ijtimoiy himoya» bo'limi mudiri vazifasida ishlaganida tizim korxonalari amaliyotida qo'llab kelinayotgan 5 ga yaqin imtiyoz va kafolatlarni jamoa shartnomasiga kiritgan. Yana… Bu ro'yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Bundan bir necha yil ilgari tuzilmaviy takomillashuv jarayoni agrosanoat majmui tizimida ancha og'ir kechdi. Bir qancha tashkilotlarda shu bahona bo'lib bosh­lang'ich kasaba qo'mitalari tugatildi. Ayrimlari esa jamoat tashkiloti tarkibidan silliqqina chiqib ketish taraddudiga tushib qoldi. Ayniqsa, bu holat Samarqand shahridagi nodavlat tashkilotlarda ko'p edi. Shu bois shaharda tarmoq tuzilmasini tashkil etishga qaror qilindi. Bu vazifa tugatilgan tarmoq kengashining sobiq xodimi Rus­tam Valievga topshirildi.
– Tizimda joriy etilgan yangi vazifani egallagan ­mas`ul tashkilotchi Normurod aka bilan ikkimizga o'shanda ancha qiyin bo'lgandi, – deya xotirlaydi Rus­tam Valiev. – Bilsakki, kechagina hamkorlik qilib kelgan bir qator xususiy biznes vakillarida boshqacha tushuncha paydo bo'lgan ekan. Ulardan ba`zilari «Endi tarmoq kengashi tugab ketdi, biz ham kasaba uyushmalaridan voz kechishga qaror qildik», deya ro'y-rost aytishgacha bordi. Tuzilmani qayta tiklab olguncha anchagina ter to'kishga to'g'ri keldi.
Tarmoqning yangi rahbari zimmasiga juda katta vazifa yuklatilgan edi. Tarmoq kasaba uyushmasi safini kengaytirish, yangi tashkilotlarni tizimga qo'shish, jamoat tashkilotining pasayib ketgan nufuzini oshirish lozim edi. Yetakchining yutug'i shunda bo'ldiki, u yoniga kasaba uyushmalarida ishlab pishigan, odamlar bilan til topa oladigan munosib nomzodni top­­di. Rasul Suyunov xonada cho't qoqib o'tirmasdan, rais bilan bab-barobar yelib-yugurdi. Bosh­lang'ich tashkilotlar ham, a`zolar soni ham kundan kunga ko'payib bordi. Bir qator xorij inves­tisiyasi hisobiga faoliyat ko'rsatayotgan korxonalar ham ASM tarkibidan muqim o'rin egalladi.
Ana shunday qaynoq ish ketayotgan bir paytda kengash adliya idoralari e`tiroziga uchradi. Tizimda o'tkazilayotgan tadbirlar xususida viloyat adliya bosh­qarmasiga yozma ma`lumotlar kiritmagani sababli sud qarori bilan tarmoq kengashi raisiga eng kam oylik maoshining yuz barobari miqdorida jarima qo'llanildi. O'z haq-huquqini yaxshi anglagan yetakchi bu holatga jim qarab o'tirmadi. Garchand bildirilgan e`tiroz qonuniy bo'lsa-da, yillar davomida ijrosini ta`minlashning asosi va nizomi ishlab chiqilmaganini sudda isbotlab berdi. Sud kasaba uyushma yetakchisini haq deb topdi va qo'llanilgan jazoni bekor qildi.
Tarmoq faoliyatini jonlantirish, a`zolar sonini ko'paytirish borasidagi ­sa`y­-harakatlar o'z samarasini berdi. Samarqand shahridagi 5 ta yirik qo'shma korxona safga qo'shildi. Birgina «Pulsar» qo'shma korxonasi bilan qariyb to'rt yil mobaynida muzokara o'tkazildi. Oxir-oqibat xorij korxonasi tarmoq tarkibida o'z boshlang'ichini tashkil etdi. 2015 – 2016 yillar natijalariga ko'ra ASM Samarqand shahar kengashi barcha natijalar reytingida tuman va shahar kengashlari orasida birinchi o'ringa ko'tarildi.
– Bundan olti-etti yil ilgari Rustam aka bizning korxonada bo'lgan yig'ilishda qatnash­­di, – deydi Zarafshon ITHB qoshidagi Nasos stansiya­­si va energetik bosh­qarmasi bosh­lang'ich kasaba uyushma tashkiloti raisi Yodgor Egamberdiev. – Jamoat tashkiloti faoliyatiga doir bir qator takliflar berdim. Shundan so'ng, u kishi meni qo'mita a`zoligiga tavsiya qildi. Olti-etti yil jamoat tashkilotining jamoat ishlarida qatnashib yurdim. O'tgan yili korxonamizda bo'lib o'tgan hisobot-saylov konferensiya­sida rahbarlikka nomzodim ko'rsatildi. Hozirda kasaba uyushmani boshqarayapman. Qoyil qoladigan joyi, ustoz ishlaydigan, mehnatdan qochmaydigan faol kishilarni darhol qanotiga oladi.
Tarmoq kasaba uyushmasi tashabbusi bilan o'tgan yillar mobaynida 354 nafar kasaba uyushma a`zolari mamlakatimizning turli shaharlariga sayohat qildi. 151 nafar salomatligida nuqson sezgan xodimlar imtiyozli tarzda sihatgohlarda dam oldirildi.
Yigirma yildan buyon kasaba uyushmalari mavqei, e`tiborini oshirish, xodimlarga munosib ish va turmush sharoi­­ti yaratilishiga hissa qo'shib kelayotgan Rustam Valievning mehnati ko'p bor rag'batlantirilgan. O'tgan yili u kasaba uyushmalarining bosh mukofoti – «Ehtirom» nishoni bilan taqdirlandi.
«Yurt taraqqiyoti yo'lida birlashaylik» shioriga amal qilayotgan kasaba uyushma tashkilotlari xalqimiz ishonchini qozonmoqda. Bugun fuqarolar kasaba uyushmalariga suyanmoqda.
…Tanimagan bo'lsangiz, tanib oling: Rustam Valiev mana shunday odam!

Nurilla ShAMSIEV,
«Ishonch» muxbiri

Boshqa xabarlar