Ba`zi seriallar bizni manqurtga aylantirmoqda yoxud xususiy telekanallar rahbarlariga ochiq xat!

403

Mana, bir necha kundirki, ijtimoiy tarmoqlarda turk seriallari haqida bahs-munozaralar avjiga chiqqan. Bahs-munozara kuchaygan sari telekanallarimizda turk seriallari haqidagi reklama ko'paygandan ko'paymoqda. Nima uchun? Xalqning talabi, xohish-istagi nega e`tiborga olinmaydi? OAVlarda, saytlarda bu haqda tinimsiz tahliliy, mulohazali maqolalar berib borilayotgan bo'lsa-da, keng auditoriya­­ni qamrab olgan telekanallar rahbarlari nega bu haqda o'ylab ko'rmayapti? Axir, hamma kanalni turk seriallari bosib ketdi.

Azaldan salla desa, kallani olib kelamiz – turklar bilan yaxshi hamkorlik degani ularning o'zida berishni man qilgan seriallari butun kanallarni egallab olsin degani emas-ku! Masalan, bir oilada ota ham, ona ham xiyonatkor, ularning uylangan o'g'li yoki qizi ham oilasiga xiyonat qiladi. Va bu tabiiy hol. Xuddi dunyoda erkak zoti qurib ketganidek opa singlisining eriga ko'z olaytirgan. Xuddi dunyoda qiz zoti qurib ketganidek yigit o'gay onasining qizini sevib qolgan. U o'gay ona ham eriga xiyonat qilib, yigitning otasiga tegib olgan, oqibatda yigitning onasi otasini tashlab ketgan, aslida o'gay singil bir paytlar otasining onasiga xiyonati mevasi – tug'ishgan singil!

O'ylab ko'raylik: xiyonatkorlikni targ'ib qiluvchi turk seriallari bizga nima beradi? Avvalo, yoshlarimizda o'sha millatga nisbatan mehr uyg'otadi. Mehrimiz balandki, qizlarimiz bugun turk yigitiga faxr bilan turmushga chiqib ketayapti. Turklarning kinodagi hayoti nafaqat ongimizga, balki xonadonlarimizga kirib kelmoqda. Yoshlar kinolar orqali boshqa millatning turish-turmushini o'rganadi, tarixiga qiziqa bosh­laydi. Men, albatta, boshqa xalqlarning tilini, urf-odatini, tarixini o'rganishga qarshi emasman. O'rganish bosh­­qa, mehr qo'yish boshqa… Qolaversa, bunday seriallar orqali emas. Yana serialki qizning onasi bilan teppa-teng gap talashishi, o'g'ilning ota bilan yoqa bo'g'ib qolishi… Kiyimlarini-ku aytmang. Havasimiz zo'rligidan Turkiyaning ko'ylagini kiymasak to'yga borolmaydigan bo'lib qoldik. Sarpolarimizda, albatta, turklarning libosi, hatto galstuk, paypoq, sovungacha. O'ylab ko'rmayapmiz: ular seriallar orqali kiyimlariga havas uyg'otib, iqtisodini rivojlantirayapti. Biz esa ko'p narsani yo'qot­yapmiz. Cho'ntagimizdagi pulimizni o'zga davlatning mahsuloti uchun o'n baravar qimmatiga sarflayapmiz. Achinarlisi, evaziga oladigan badalimiz nafaqat moddiy yo'qotish, balki MA`NAVIY tanazzulga olib kelyapti.
Qaysi kanalga olmang, qaysi kanalning dasturini kuzatmang – turk seriali. Ba`zida har bir kanal kelishib olgandek ketma-ketlikda qo'yiladigan «Gullar iztirobi», «Hovli» «Ayol», «Jasur va go'zal» kabi seriallar oqimi to'xtamayotganidan hayratga tushasan. «Ertug'ul», «Muhtasham yuz yil» kabi tarixiy kinolarga chidash mumkindir. Amerikaning jangari, urush sahnalariga boy bo'lsa-da, baribir insoniylikni, g'ururni, qahramonlikni targ'ib etadigan kinolariga chidash mumkin. O'zimizning ko'ngilni to'ldirar darajada ishlanmagan bo'lsa-da, milliy mentalitetni saqlab qolishga harakat qilgan seriallarga chidash mumkin, qahramonlarining ko'zidan hech yoshi tinmaydigan va shu bilan birga urf-odatlari bizga yaqinroq bo'lgan koreys seriallariga chidash mumkin, ammo Turkiya kinochilari tomonidan ishlangan, turklarning o'zlari ham ko'rishni ma`n qilgan, ularning hayotidan, turmushidan uzoq bo'lgan seriallarga chidab bo'lmaydi.
«Facebook» ijtimoiy tarmog'ida «Xalq bilan muloqot» guruhi bor. Ayni kunlarda ushbu guruhda turk seriallariga odamlar qanday munosabatda ekanini ularning turk seriallari haqidagi postlarga yozilayotgan fikrlaridan ham anglash qiyin emas.
B.Suyarov: Barcha turk seriallarini taqiqlashni taklif qilaman. TVning barcha kanallarini turk seriallari band qilmoqda.
G.Beyseitova: Bir tiyinga qimmat seriallar. Asoratini aytmaysizmi? Umuman ko'rmaslik kerak. Behayo xotin-qizlar va xotinboz erkak­larni ko'rib yoshlar nimani o'rganadi?
D.Xodjaev: Bu seriallarni ko'rsatishdan maqsad nima? Odamlarni benomus va yovuz qilishmi?
V.Xoliyarov: Haqiqatdan ham turk seriallari bezor qivordi odamni, ko'ngil ayniydigan darajada.
X.Madjidova: Serial muhokama qilishdan ­boshqa ish yo'qmi? Yoqmasa, ko'rmanglar, boshqa muhim masalalar ham bor.
Flu: Aynan o'sha muhim masalalarga aralasholmasligimiz uchun bizlarni chalg'itish uchun serial berishadi-da.
D.Toshnazarov: Hammasida bitta muammo. Bitta ayolning ikkita eri bo'ladi, shuyam kinomi? Yuqoridagi kommentlarda yoqmasa boshqa kanalni ko'ring, deyilibdi. Axir, qaysi kanalga olsak, turk seriallari ­navbat kutib turgan bo'ladi…
M.Mirhaydarov: Agar e`tibor bersak, turk seriallarini ko'klarga ko'tarib maqtayotganlarning ko'pchiligi ayollar. Endi farzandlarimizning taqdiri shu ayollarimiz qo'lida ekanini bir tasavvur qilib ko'ringsizlar-a…
X.Inayatov: Umuman bizga kerakmas turk seriallari, biz musulmonmiz deb, musulmonchilikka to'g'ri kelmaydigan ishlarni qilishayapti.
R.Mamanazarov: Ma`naviy xuruj bu turk seriallari.
F.Muhammadiev: Ayniqsa, qamoqdagi ayollar kurortda yurgandek tasvirlangan kinoni qiziqib ko'rishayapti… Bu esa juda achinarli holat…».

Turkiyada yashaydigan farzandinikida bo'lib qaytgan farg'onalik bir onaxon shunday deydi: «Turkiyada yangi seriallarning bir-ikki qismini namoyish etishadi, keyin odamlarning ijtimoiy tarmoqdagi mulohazasi kuzatiladi, agar yangi serial yaxshi baho olmasa qo'yilmaydi». Ammo bizda-chi, hatto jurnalistlar bu masalani ko'tarib chiqishiga qaramay turk seriallari to'xtatilmayapti. Nima, bu nopisandlikmi yoki «shahar bedarvoza» deganimi? Bu seriallarni targ'ib qilayotgan, qo'yishga ruxsat berayotganlarning asl maqsadi nima? Bugun Prezidentimiz xalqni kitob mutolaasiga chorlayotgan, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish siyosat darajasiga ko'tarilib turgan bir paytda bu siyo­satga qarshi qilinayotgan ishmi? Maqsad odamlarni kitobdan chalg'itish, faqat maishiy mavzudan boshqasiga ongi yetmaydigan, saviyasiz xalqqa aylantirishmi? Masalan, bojxona tomonidan falon pornografik film disklari ushlab qolindi, degan xabarlarga ko'zimiz tushadi. Ammo nega televidenieda berilayotgan pornografik kinolarning debochasi sifatida ishlangan seriallarni nazorat qilmaydi hech kim? Yoki buning ortida millatning ma`naviyatini o'ldirishdek ataylab uyushtirilayotgan g'oya yotibdimi? Bunga kim JAVOB BERADI? Ertaga bu seriallar tufayli pornografiyani ochiq-oydin ko'rsatadigan va tabiiy qabul qiladigan avlod yetishib chiqmaydi, deb kim kafolat beradi?
Bundan muddao nima? O'zbek madaniyati, ma`naviyatini butunlay yo'qqa chiqarishmi? Yosh avlod bugungi kunimiz tarixga aylanganda o'z tarixini mana shunday seriallar orqali yaratadimi? Turk seriallariga tobora ko'nikish, voqea­-hodisalarini tabiiy qabul qilish oqibatda hayotimizni ham shunga moslashtirishimizga, millat tanazzuliga olib kelishini esdan chiqarmaylik.

Bugun turk seriallarining ashaddiy tomoshabinlari, yoqlaguvchilari ham bor, albatta. Ularga ushbu seriallarning salbiy jihatlari haqida gapirsangiz, «bir paytlar qo'yilgan Meksika, Braziliya va h.k. seriallari unutilib ham bo'ldi», deguvchilar topiladi. Lekin jinoyatchilar, fohishalar aynan o'sha unut bo'lgan seriallarni ko'rib katta bo'lgan avlod vakillari, yarim yalang'och ki­yinib qo'shiq aytadigan, otasiga tik qarab gap qaytaradigan, o'zining nomussizligidan uyalmayotgan ba`zi qizlar, ayollar, yigitlar – o'sha seriallar qurboni, emasmi? Yillar davomida asabiylashib ko'rilgan, ong ostida to'planib yotgan salbiy hissiyotlarning yuzaga chiqishi oqibatlari bularning barchasi. Bugun o'zga millat vakiliga turmushga chiqishga havas qiladiganlar qaerdan paydo bo'lyapti, deb o'ylaysizlar? Yana 10-20 yildan keyin bundan ham battar bo'lishi mumkin. «Hovli» serialidagidek qamoqxonalar ko'paymasligiga hech kim kafolat berolmaydi.
Aytmoqchi bo'lgan gapim shuki, Sizlar ham shu millatning farzandlarimisiz, oilangizda ayollaringiz, qizlaringiz shu seriallarni ko'radimi? Ularning tarbiyasidan tashvishlanmaysizmi? Yoki sizlarga faqat daromad muhimmi? Men bu fikrlarim bilan sizlarning bu boradagi pozisiya­ngizni bilmoqchi edim. E`tirozlaringiz bo'lsa ham, marhamat, eshitishga tayyorman. Va shu bilan sizlar uzluksiz qo'yayotgan seriallarning inson ruhiyatiga qanchalik salbiy ta`siri borligini isbotlab berishga ham tayyorman.
Olimlarning fikricha, seriallar odamni zombiga aylantiradi. Ochiq xatimga ma`naviyatimiz orqasidan chorak asrdan buyon oila ­tebratayotganlar, mutasaddilar, qolaversa, parlament ham o'z munosabatini bildiradi, degan umiddaman.

Barno SULTONOVA,
jurnalist

Tahririyatdan: Mavzu OAVda qizg'in muhokama qilinmoqda. Biroq eng qizig'i, unga aynan ikkinchi tomon – ya`ni seriallarni namoyish etayotganlarning munosabati yo'q. O'ylaymizki, jamiyat rivojlanib borar ekan, har kim bunda o'z o'rni, mas`uliyatini sezishi kerak. «Ishonch» ikkinchi tomonga ham minbar taklif etadi…

Boshqa xabarlar