Milliy estrada muammolari Ularga qanday yechim izlanmoqda?

125

Ochig'ini aytganda, barchamiz qiziqadigan, kundalik hayotimizning bir qismiga aylagan bir soha bor: milliy estrada. Shu bois, gap-gashtak, gurunglarimizning asosiy mavzularidan biri ham u bilan bog'liq. Haqiqiy iste`dod egasi ham, adashib kirib qolgan «ijodkor» ham aralash-quralash bo'lgan ayni paytda bu sohani isloh qilish, milliy san`at darajasiga ko'tarish borasida qanday ishlar amalga oshirilyapti? O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida o'tkazilgan matbuot anjumanida «O'zbekkonsert» davlat muassasasi rahbari Odil Abduqahhorov xalqimiz tili va dilidagi ana shu savollarga javob berdi.

LISENZIYa RAD ETILDI. NEGA?

San`at ma`naviyatni shakllantirishda muhim rol o'ynaydi. Bugungi avlod ko'proq estrada qo'shiqlarini ting­laydi, ularning shaxsiga qiziqadi. Saviyasiz qo'shiqlar og'ushida mast bo'lib ulg'ayganlardan esa kim chiqishi ma`lum. Bu holatni «O'zbekkonsert» inobatga olmoqdami?
– Albatta, – dedi Odil Abduqahhorov. – Shu maqsadda tizimli ishlarni yo'lga qo'ydik. O'tgan yilda muassasaga 3598 nafar lisenziya talabgori hujjat topshirgan. Konsert-tomosha faoliyati uchun lisenziya soni 3433 donani tashkil etdi. Kengash xulosalari asosida malaka va mezon talablariga javob bermagani uchun 165 nafar lisenziya talabgoriga rad javobi berilgan. Shuning o'zi ham ayni savolga javobning o'zidir.

«SELFI»GA MUNOSABAT

Jahongir Poziljonovning «Zo'r» TV kanali bilan hamkorlikda suratga olingan «Selfi» qo'shig'i keng jamoatchilikning bahs-munozaralariga sabab bo'lgandi. Xo'sh, unga «O'zbekkonsert» qanday munosabat bildirgan?
– Prezidentimiz maqtash bo'lmaydi, amaliy ishlarga o'taylik, deya ko'p ta`kidlaydi, – dedi unga javoban Odil Abduqahhorov. – Davlatimiz rahbarining amalga oshirayotgan ishlarini butun dunyo ko'rib, tan olyapti. Bu ishlar estrada reklamasiga muhtoj emas. Bugun Jahongir Poziljonovga indamasak, ertaga bosh­qasi ham shunaqa qo'shiq aytib chiqishi mumkin. Kimgadir yaxshi ko'rinishni istayotganlar xalq uchun xizmat qilib, o'z ishini ­mas`uliyat bilan bajarsa, amalga oshirilayotgan islohotlarga oz bo'lsa-da hissa qo'shsa, maqsadga muvofiq bo'ladi. Aytish joizki, Prezident surati yoki davlat ramzlarini qo'llashda o'ziga yarasha tartib-qoidalar bor. Qaysi holatlarda ishlatish mumkinligi tegishli qonunlarda belgilab qo'yilgan. Shulardan kelib chiqqan holda kanal ma`muriyatiga klipni efirdan olib tashlash tavsiya qilindi.

SAVIYaSIZ KLIPLAR OLINMAYDI(MI?)

San`at, avvalo, insonni tarbiyalashi, to'g'ri yo'lga boshlashi lozim. Qo'yilayotgan kliplar, sahnada san`atkorlarning o'zini qanday tutishi, qo'shiq matni bu borada muhim vazifani bajaradi. Afsuski, ba`zilar buni o'z vaqtida anglab yetmay, qanchalab yosh avlodning kelajagini zaharlab qo'yayotganini bilishmayapti.
«O'zbekkonsert» lisenziyalash va bu jarayonni muvofiqlashtirishdan tashqari qo'shiq va kliplar, madaniy-ko'ngilochar konsert ­dasturlarining g'oyaviy-badiiy saviyasini ham o'rganadi, nazorat qiladi, tavsiya beradi. Ayni vaqtda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– 2018 yilning 1 fevralidan boshlab, har oyda ikki marotaba muassasada san`atkorlarning qo'shiqlarga ishlangan videokliplar saviyasini baholash Badiiy kengashi tashkil etildi, – dedi mutasaddi. – O'tgan yili ushbu kengashning 18 marta yig'ilishi o'tkazilib, san`atkorlar tomonidan 185 ta videokliplar taqdim qilindi. Shundan 75 ta videoklip tas­virida juz`iy kamchiliklar uchragani sababli qayta to'g'rilashga tavsiya berildi. 48 tasi umuman talablarga javob bermagani uchun rad qilindi.

JONLI IJROGA HAMMA TAYYoRMI?

Respublikamizdagi barcha konsert das­turlari jonli o'tadimi? Bu qachon amalga oshadi?
Ma`lumot berilishicha, ayni yilda konsert berayotgan har bir san`atkor 30 foiz, ­keyingi yil 60 foiz, undan keyin esa to'liq jonli ijroda kuylashga o'tadi. Xoh unvonli, xoh unvonsiz bo'lsin – barchasiga shu talab qo'yiladi. Bungacha o'zini tayyorlab bormagani o'z-o'zidan boshqa sohani tanlashga majbur bo'ladi. Ana shunda saragi sarakka, puchagi puchakka ajraladi. Haqiqiy iste`dodlargina bu maydonda qoladi.

ISTE`DODLILAR E`TIBORDA

«Yangi iste`dodlar» deb nomlangan tanlov e`lon qilinib, har bir hududdan bitta jonli ijroda kuylay oladigan yosh iste`dod kashf etilsa, ushbu viloyatning hududiy bo'lim rahbarini 5 million so'm miqdorida moddiy rag'batlantirish yo'lga qo'yilgan edi. 100 nafar yosh orasidan 16 nafari saralanib, Kons­titusiyamizning 27 yilligi munosabati bilan o'tkazilgan davlat tadbirida ular jonli ijrodagi konsert dasturida ishtirok etishga muvaffaq bo'lishdi. Qoraqalpog'iston Respub­likasi, Jizzax, Namangan, Farg'ona va Surxondaryo viloyatlari hududiy bo'lim rahbarlari 50 million so'm pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Aytish joizki, kimda kim o'zida iste`dodni anglasa, «O'zbekkonsert»ning telegram kanaliga o'z ijrosidagi qo'shiqni yuborishi mumkin. Ma`qul bo'lsa, bu ijodkor davlat tadbirlarida kuylash uchun tavsiya qilinadi.

«BRAVO»NING «BURAMA»SI QAChONGAChA?

Bugun istaymizmi-yo'qmi, «Bravo», «Dizayn», «Million» kabi jamoalarning konsert dasturida bo'sh o'rindiq qolmayapti. Xalq artistlarining konsertida tashkilotlarga bilet iltimos qilib o'tkazilayotgan bir paytda bu holat bo'lishi…
– To'g'ri, ularning ayrim hazillarini oila davrasida tomosha qilib bo'lmaydi, – deya javob berildi tadbirda. – Lekin ular el dilidagi gaplarni aytishsa, «kimlargadir» bu ta`sir qilishi mumkin, albatta. Lekin «Bravo» jamoasining so'nggi konsertida ayrim sahna lavhalari kengash talabi bilan olib tashlangan edi. Konsertning birinchi kuni ular bu talabga rioya qilishmadi. Chaqirib ogohlantirgandan so'ng keyingi kunlari bu sahnalar qo'yilmadi. Lekin disklarda birinchi kundagi dastur xalqqa tarqalib ketdi. Bu bo'yicha chora ko'riladi. Yaqin kunlarda bu haqda ma`lum qilinadi.

LISENZIYa NARXLARI TABAQALAShADIMI?

Ma`lumot berilishicha, shunday tartib joriy etiladi. Viloyat va tumanlarda san`atkorlarga to'lanadigan xizmat haqi ancha past bo'lib, poytaxt darajasi bilan taqqoslab bo'lmaydi. Shundan kelib chiqib, har bir hudud uchun alohida to'lov turi joriy etiladi. Hozirga qadar arzon lisenziya uchun eng kam oylik ish haqining 13 baravari miqdorida pul to'lanardi. Bu ko'rsatkich tumanlarda eng kam oylik ish haqining 7, viloyat markazlarida 10 barobari bo'ladi. Endilikda lisenziya va konsertlar uchun ruxsatnomalar olish internet orqali, on-layn tizimda amalga oshiriladi. Bu san`atkorlarga yengillik tug'dirish bilan birga, turli qog'ozbozlik va ovoragarchilik­larning oldini oladi.

MILLIY ESTRADA MILLIYLIKKA YuZ BURADIMI?

Ha, bu amalga oshadi. Oshishi kerak. Chunki bugun ba`zilar turli bachkana qiliqlari bilan el e`tiboriga tushishni o'ylayotgan bo'lsa, boshqalarning qo'shiq kuylari chet elniki. Bachkanalikdan odamlar bir kun zerikadi. Shunda u o'z-o'zidan e`tibordan chetda qoladi. Chet el kuylaridan foydalanayotganlar bo'yicha te­gishli tashkilotlar bilan hamkorlik o'rnatildi. Bu hol tez orada barham topadi. Kuyga yozilayotgan ba`zi «e`jod» namunalari ham o'z-o'zidan nazardan qoladi. Vaqti kelib san`atning asl vazifasini anglab yetgan, jonli ijroda kuylaydigan haqiqiy soha egalarigina qolganda o'zlariga o'xshagan iste`dod sohiblari, ya`ni shoirlar, bastakorlar bilan hamkorlik qiladi. Mumtoz adabiyotimizga murojaat etadi. Ana shunda milliy kuylar yaratiladi, estradamiz ham haqiqiy milliylikka yuz buradi.

Abdu RAHMONOV

Boshqa xabarlar