PENSIYa TA`MINOTI TIZIMIDA NIMA GAPLAR? Yoxud xayr, «trudovoy»!

180

Yoshi ulg'aygan inson
keksalikning ta`minoti haqidagi tashvishlarga berilib qoladi. Ish staji yetarlikmi?
Pensiya olish huquqi necha yoshdan beriladi? Shunga o'xshash savollar va tizimda ro'y
berishi kutilayotgan o'zgarishlar haqida turli mish-mishlardan yiroq bo'lgan holda
javob olish maqsadida “Oila davrasida” muxbiri Shahobiddin
Rasulov O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi ijro etuvchi direktori Yorqin
Tursunovbilan suhbatlashdi.  

Maqolani to'liq quyida o'qing.

MEHNAT STAJI SOTIB OLINADI…MI?

Pensiya
ta`minoti tizimi haqida gap ketganda, bugungi kunda eng ko'p muhokama
qilinayotgan mavzu — pensiya yoshining uzaytirilishi bilan bog'liq munozaralar,
farazlar… 
Xo'sh,
nafaqaga chiqish yoshi haqiqatdan ham oshadimi? O'zbekiston Respublikasi Moliya
vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasi ijro etuvchi direktori
Yorqin TURSUNOV shu va boshqa savollarga atroflicha javob berdi.

«Staj qisqarmoqda, pensiya olish
esa…»


Bu haqda hali hech qanday qaror qabul qilingani yo'q, — deydi Yo.Tursunov.
Birinchidan, hozir jahon tajribasini o'rganyapmiz. Aslida butun dunyo bu tizimni o'zgartirgan. Eng past yosh
bizda. Erkaklarda 60, ayollarda 55 yosh. Ikkinchidan, solidar pensiya tizimi degan
tushuncha bor. Ya`ni, bugun ishlab turgan fuqarolarning to'layotgan badali hisobiga
hozirgi pensionerlar pensiyasi to'lanadi. Kelajakda ham xuddi shunday: keyingi
avlodning badali evaziga sizu biz pensiya olamiz. Hozir har xil variantlar
ko'rilmoqda. Aytaylik, pensiya yoshini qo'shni davlatlarga o'xshab mos ravishda 63 va 58
yosh etib belgilash yoki boshqacha tartib joriy etilishi ehtimoldan xoli emas. Bu
puxta va chuqur o'ylanadi. Bugun qabul qilinadigan qaror ertaga pensiya tizimiga
qanday ta`sir ko'rsatadi, eng muhimi shu.

Deylik, amaldagi yosh qoldi. Prognozlarga qaraganda, 2050 yilga borib aholining o'rtacha umr ko'rishi 80 yoshdan oshadi. Balki bunga 2040 yilda erishiladi. Biroq keyingi paytlarda nafaqaga chiqayotgan fuqarolarimizning ish staji yildan-yilga kamayib bormoqda. Masalan, 2011 yilda tayinlangan pensiyalarda o'rtacha staj 26,8 yil bo'lsa, 2014 yilda 21,6 ga tushdi. 2018 yilda esa 21 yilni tashkil etdi.

O'tgan
yili bu ko'rsatkich erkaklarda 24,4 yil, ayollarda 18,2 yilni ko'rsatdi. 2018 yilda 330,5 ming nafar fuqaroga
pensiya va ijtimoiy nafaqa tayinlangan bo'lib, 226 ming nafari bevosita yoshga doir
pensiya hissasiga to'g'ri keladi. Shulardan 68 foizi to'liqsiz ish staji bilan
tayinlangan pensiyadir. 
        Ko'rib turganingizdek, hozirgi staj
qonunchilikda belgilangan talabdan kam. Albatta, buning o'ziga yarasha ob`ektiv va
sub`ektiv sabablari bor. Odamlar pensiyaga chiqqandan keyin esa pensiya olish davri
ko'payib bormoqda. Ayniqsa, ayollarda bu ko'rsatkich 21 yil. Bu yaxshi albatta.
Aholining turmush farovonligi, umr ko'rish darajasi oshmoqda. Shunday bo'lishi ham
kerak.

Biroq
fuqaroning pensiyagacha bo'lgan ish staji kamayib ketaversa yoki nafaqaga chiqqandan
keyingi pensiya olish davri uzayib boraversa, ma`lum yillarga borib pensiya
jamg'armasining daromadlari xarajatlarni umuman qoplamay qoladi. Shu ma`noda maqsadimiz — pensiya yoshini
oshirib, xarajatni kamaytirish emas, balki odamlarni ko'proq ishlashga qiziqtirib,
pensiya jamg'armasi barqarorligiga hissa qo'shishini ta`minlashdan iborat. 

Ko'proq ishlab, ertaroq chiqing

Shunday ekan, jamg'armada ayni paytda biror
taklif bormi?
 
— Pensiya yoshini
to'g'ridan-to'g'ri oshirib qo'ymasdan, uni fuqaroning ish stajiga bog'lash masalasi
o'rganilmoqda. Deylik, erkak kishi 35 yil ishlagan bo'lsa, unga 59 yoshida pensiyaga
chiqish huquqini berish ko'zda tutilgan. Agar 30 yil mehnat qilgan taqdirda 60
yoshda, 25 yil staj uchun 61 yoshda, 20 yil uchun 62 yoshda, 15 yil uchun 63 yoshda, 10
yil uchun 64 yoshda va umuman staj bo'lmasa, 65 yosh etib belgilangan. Xullas, qancha
ko'p ishlagan bo'lsa, shuncha erta pensiyaga chiqish imkoni beriladi. 

Endi ayollarga to'xtalsak. Agar 25 yil ishlagan bo'lsa, 54 yoshda, 20 yil staj uchun hozirgidek 55 yoshda, 15 yillik mehnati uchun 56 yoshda, 13 yil uchun 57 yosh, 10 yil faoliyat uchun esa 58 yosh. Umuman ishlamagan bo'lsa, 60 yosh.

Shu o'rinda savol tug'iladi. Yuqorida keltirgan
misolingizda erkak kishining ish staji 32 yilni tashkil etsa, u holda nima
bo'ladi? 

        — To'g'ri, o'rtada uch yil yetmay qoladi. Ammo fuqaro 59 yoshda
pensiyaga chiqmoqchi. Bunday holatda unga qolgan muddat uchun badal to'lab, stajni
sotib olish imkonini taqdim etmoqchimiz. Nazarimda, bu adolatli. Ammo odamlar
umuman ishlamasdan stajni qo'lga kiritishga qiziqib ketmasligi uchun faqat 5 yildan
ortiq bo'lmagan muddatni sotib olishga ruxsat beriladi. 
        Alohida ta`kidlayman, bu shunchaki taklif.
Uning taqdiri muhokama jarayonida ma`lum bo'ladi. Bu keng jamoatchilikka taqdim
qilinadi.

Aksi bo'lsa, yana boshqa variantlar
ko'riladi. Ikkinchi tomondan, amaldagi 55 va 60 yoshda  qololmaymiz. Mazkur
qoida 1956 yilda o'rnatilgan va bugungi zamon talablariga javob bermaydi.

Yakka tartibda ishlovchilarni o'ylab…

— Norasmiy sektorda faoliyat yuritadigan,
o'zini o'zi band qilgan fuqarolarimiz ko'p.
Bunday toifadagi kishilar
pensiya jamg'armasiga sug'urta badali to'lasa, u mehnat stajiga kiritilishi
belgilangan. Ayni paytda bu borada biror natija bormi?


Haqiqatan ham oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri bunday kishilarni pensiya
jamg'armasiga badal to'lab, stajga ega bo'lishini ta`minlashdir. Negaki, bugungi kunda respublikamizda
14,5 million mehnatga layoqatli aholining faqat 5 millioni rasmiy tarzda ishlab,
jamg'armaga o'zining ulushini qo'shmoqda. Qolgan 9,5 millioniga ham kelajakda pensiya
olish imkoniyatini yaratib berish kerak.

Davlatimiz
rahbarining 2018 yil 26 apreldagi qaroriga asosan, 2018 yil 1 iyuldan boshlab,
dehqon xo'jaligi va 4 sotixdan kam bo'lmagan tomorqa yerida band bo'lgan yoki ushbu
uchastkada qoramol yoxud 50 boshdan kam bo'lmagan parranda parvarishlayotgan jismoniy
shaxslar Byudjetdan tashqari pensiya jamg'armasiga yiliga eng kam oylik ish haqining
bir barobari miqdorida sug'urta badali to'lasa, sug'urta badali to'langan yil
mehnat stajiga kiritiladi.

Yurtboshimizning 2018 yil 7 iyuldagi yana bir qaroriga muvofiq esa, 2018 yil 1 avgustdan boshlab xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarimiz jamg'armamizga eng kam ish haqining 4,5 (to'rt yarim) baravari miqdorida yillik sug'urta to'lovlarini ixtiyoriy ravishda to'lash tartibi joriy etildi. Ushbu to'lovlar amalga oshirilgan davrlar belgilangan tartibda davlat pensiyalarini tayinlash uchun mehnat stajiga qo'shiladi.
          

Boqimandaliksiz tizim

Prezidentimiz 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy
Majlisga  Murojaatnomasida pensiya va nafaqalarni tayinlash hamda to'lash
tartibini qayta ko'rib chiqish, ushbu tizimni tubdan isloh qilish zarurligi
ta`kidlangan edi.
Shu munosabat bilan, bugungacha nima ishlar
qilindi?
 


Darhaqiqat, Prezidentimizning Murojaatnomasidan kelib chiqib, 2019 yil 1
oktyabrga qadar  «O'zbekiston Respublikasida fuqarolarning davlat pensiya
ta`minoti tizimini isloh qilish» Konsepsiyasini ishlab chiqishimiz kerak. Endi ushbu hujjat qanday bo'ladi, degan
savol tug'ilishi tabiiy. Konsepsiya eng muhimi, adolatli, odamlarda boqimandalik
kayfiyatini keltirib chiqarmaydigan, ularni ko'proq ishlab katta miqdordagi pensiya
olishga undaydigan tizim bo'ladi.

Konsepsiya
doirasida 1993 yilda qabul qilingan «Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti
to'g'risida»gi qonun ham qayta ko'rib chiqiladi. Balki u butunlay yangi tahrirda bo'lishi ham mumkin.
To'g'ridan-to'g'ri amal qiladigan normalar kiritiladi. Uning moddalari ketidan bir
qancha normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish zarurati qolmaydi. Qonunosti
hujjatlar soni minimumga keltiriladi. Shunda u har xil talqinlar bo'lmaydi,
bir-biriga zid holatlar uchramaydi.

Ayni paytda Konsepsiyaning dastlabki
varianti tayyor. U avval kelishish uchun vazirlik-idoralarga yuboriladi. So'ng hujjat
umumxalq muhokamasiga qo'yiladi. Aholi qanday o'zgartish va qo'shimchalar kiritish
lozim deb topsa, bu ham albatta, inobatga olinadi.

Xayr, «trudovoy»!

  — Pensiya
tizimida odamlarga foydasi tegadigan yana qanday yangiliklar kutilmoqda?


Eng asosiylari haqida gapirsam. Birinchidan, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni Davlat xizmatlari
markazi orqali tayinlash davlat xizmatini yo'lga qo'yish. Buning me`yoriy-huquqiy
hujjati Adliya vazirligi bilan hamkorlikda shu yil 1 iyulgacha ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, mehnat daftarchasidan voz kechib, o'rniga ID karta joriy etish
masalasi kun tartibida turibdi.

Shu
bilan birga, pensiya jamg'armasining tuman (shahar) bo'limlari tomonidan guvohnoma
berish mexanizmini bekor qilish ko'zda tutilgan. Bu ortiqcha qog'ozbozlikning oldini oladi.

Va
nihoyat, arxiv bilan elek­tron ma`lumot almashishni yo'lga qo'yish. Bugungi kundagi eng katta muammo shu.
O'ylashimcha, bu masala bir-ikki yilda hal bo'ladi. Shundan keyin fuqarolarimizda
«spravka» uchun yugur-yugur bo'lmaydi. Faqat ariza beradi, hujjatlarni tutqazadi,
tamom.

Shahobiddin RASULOV,

«Oila davrasida» muxbiri

2019 yil 14 fevral, 6-son

“Oila davrasida” gazetasi

Boshqa xabarlar