O'RGANGAN KO'NGIL BIR KUN KELIB BARIBIR O'RTANADI(MI?)

305


Ijtimoiy loqaydlik — illat. Bugun biz aytmoqchi bo'lgan mavzu bir qaraganda kimlar uchundir mayda, arzimasdek tuyulishi mumkin. Ammo mulohaza qilinsa, kichkina ko'ringan muammoning ham o'z vaqtida payi qirqilmas ekan, ertaga u ortidan tog'dek balolarni boshlab kelishi turgan gap va bu tarixda ko'p bor isbotlangan haqiqat.

Avtoulovi borlar biladi, deyarli har kuni “zapravka”ga kirib turilmasa bo'lmaydi. Ba`zan avtomobillarga yoqilg'i quyish shoxobchalari (AYoQSh) xizmatidan ko'nglimiz to'lmaydi. Gohida “pistolet”chilarning “xizmat haqini bermaysizmi?” deya kiprik qoqmay tikilishidan kayfiyatingiz buzilishi ham bor gap. O'sha paytda cho'ntagingizda besh-to'rt so'm bo'lsa yaxshi, bo'lmasa ortingizdan “qurumsoq” deya so'kib qoladiganlari ham uchraydi. Shuning uchunmi, “pistolet”chilar hozir oldindan xizmat haqi olishga o'tgan. Aytaylik, o'ttiz-qirq ming so'm uzatsangiz, “aka, xizmat haqini shundan olib qolaverayinmi?” deb so'rab ham qo'yadi. Istamasangiz-da, past ketgingiz kelmay “olaver” deysiz. Qarabsizki, tabloda 29500 (39500) yoki 29700 (39700) raqamlari paydo bo'ladi. Rahmat esa har doimgidek nasiya.

Avvallari avtomobillarga yoqilg'i quyish shoxobchalaridagi dastyorlarga 100 so'm bersangiz, rozi bo'lib olaverardi. Hozir kamida 200, sovuq kunlari 500 so'm bermasangiz, norozi bo'lishi turgan gap. “Xizmatlaring uchun oylik olasizlar-ku?” deb savol bersangiz “bizga maosh berilmaydi”, degan javob tayyor. Tabiiyki, bundan sizning hayronligingiz oshadi: “nahotki ular bizning hisobimizdan kun ko'rishsa?!”.

“Benzin quyish shoxobchalaridagi bunday xizmat uchun 200–300 so'm olinishidan norozi bo'lib yurardim. Yaqinda avtoulovni gazga o'tkazgach, bu “zapravka”dagilarga ham xuddi shunday xizmat haqi uzatilib turilishiga guvoh bo'ldim. Kayfiyatingiz buzilishi naqd bo'lib turgach, bermaslikning ham iloji yo'q…”

“Bunday shaxobchalarda ishlayotgan yoshlarni anchadan buyon kuzataman. Ajablanarlisi, ayni paytda afsuslanarlisi ham shundaki ularning aksariyati na salomni biladi va na alikni. Binobarin, savol tug'iladi, ular qachon muomala madaniyatini o'rganadi? Kelganingizda qo'lini ko'ksiga qo'yib: “assalomu alaykum, keling aka, necha so'mlik quyay”, ketayotganingizda esa: “xizmatimizdan foydalanganingiz uchun rahmat, oq yo'l, yana kelib turing”, desa yoki choychaqa uzatsangiz: “uzr aka, bizda xizmat ko'rsatishga haq olinmaydi, buning uchun maosh olamiz”, deb qo'lingizni qaytarsa… Va umuman olganda, aslida ham shunday bo'lishi kerak emasmi?”

“Gapning dangalini aytganda, “pistolet”chilarni xizmat haqiga o'zimiz o'rgatdik. So'rasa-so'ramasa 500 so'm uzatamiz. Umuman, gap pulda emas. Agar ular muomalasini yaxshi qilsa, haydovchilarning o'zlari rozi bo'lib, to'rt-besh so'm berib ketadi. Ammo bermagandan so'rab, ta`magirlik qilmasligi kerak…”

Bu haydovchilar bilan ayni masalada yuzasidan bo'lgan suhbatlardan parchalar.

Haqiqatan ham, “pistolet”chilarning xizmat haqi so'rashiga ular aytganidek, oylik bermay ishlatayotgan boshliqlari aybdormi yoki olaverib ta`magir bo'lib qolgan xizmatchilarmi? Umuman, xizmat haqi berishga majburmizmi? Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qonunchiligida bu haqda nima deyilgan?

Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida, O'zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasiga murojaat qildik:

— O'zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 apreldagi “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi qonunining 21-moddasida (Shartnomaning iste`molchi huquqlarini cheklab qo'yadigan shartlari haqiqiy emasligi) sotuvchi (ijrochi) iste`molchini haq evaziga qo'shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo'shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek, ko'rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilangan, — deydi Federasiya huquqshunosi Botir Yunusov. — Jumladan, avtomobillarga yoqilg'i quyish shoxobchalarida yoqilg'i pulidan tashqari xizmatlarga (yoqilg'i quyish “pistoleti”ni ushlab turganligi, avtomobil oynasini tozalaganligi va h.k.) haq olish noqonuniy bo'lib, yuqorida ko'rsatib o'tilgan qonun normasining buzilishi deb hisoblanadi.

Xo'sh, xizmat ko'rsatilganda qo'shimcha haq olish qonunan taqiqlangan ekan, bu haqda AYoQSh rahbarlarining xabari bormi?

Xizmat haqi olishda anchayin “malaka”ga ega bo'lgan Farg'ona yo'li ko'chasida joylashgan “Geksan Oil” va “Oktan Petrol” AYoQShga qo'ng'iroq qildik:

— “Zapravka”mizda xizmat haqi olish haqidagi gap-so'zlarni sizdan endi eshitib turibman, — deydi “Geksan Oil” operatorlaridan biri. — Bizda hamma maosh olib ishlaydi. Xizmat haqi olayotgan bo'lsa, haydovchilarning o'zlari xohlab berayotgandir-da…

“Oktan Petrol” firmasi vakili esa savolimizga quyidagicha javob qaytardi:

— “Pistolet”chilarning besh-to'rt so'm olishini eshitganman. Ammo haydovchilarning o'zlari bersa olinglar, zinhor so'ramanglar, deb tayinlaganman. Majburlayotganlari bo'lsa, bizga tutib beringlar, shu kuni ishdan bo'shatamiz. Hech kimni oyliksiz ishlatmaymiz. Muomala madaniyati haqida bildirgan tanqidlaringiz o'rinli. Har doim ularga xushmuomalali bo'linglar, deb uqtirib kelyapmiz…

Avtomobillarga yoqilg'i quyish shaxobchalari mas`ullari “pistolet”chilarining aybini baribir tan olmadi. Ularga hozir bozor talablariga qarab ish tutilmasa bo'lmasligini aytib, “zapravka”ngizning kirish qismiga “bizda xizmat ko'rsatish bepul” deb katta harflar bilan yozib qo'yilsa bo'lmaydimi, mijozlaringiz ham yanada ko'paygan bo'lardi”, dedik. Ular taklifimizni qo'llab-quvvatlab, albatta, shunday qilishini aytdi. Chunki ayrim AYoQShda bunday e`lonlar bor va hech kim xizmat haqi ham so'ramaydi, haydovchilar ham uzatmaydi.

Albatta, ularning va`daga vafo qilishiga unchalik ham ishonmadik. Qolaversa, “pistolet”chilarning haydovchilarga “soliq” solishiga birinchi navbatda shunday imkoniyat yaratib bergan AYoQSh rahbarlari aybdor. Eng yomoni, bunday xatti-harakatlar bora-bora poraxo'rlik, ta`magarlikning “gullab-yashnashi”ga xizmat qilmaydi deb hech kim kafolat berolmaydi. Holbuki, “pistolet”chilarning aksariyati yoshlar, ular orasida talabalar, ertaga oliy ma`lumotli bo'lish umidida vaqtincha ishlab yurganlar ham bor. Taqdir taqozosi bilan bir kun kelib ular orasidan kimdir shifokor, sudya, kimdir murabbiy yoki soliqchi bo'lar. “O'rgangan ko'ngil o'rtansa qo'ymas” deganlaridek, bir paytlar “zapravka”da ishlagan shifokorga qo'l haqi bermasangiz, og'ir ahvoldagi bemorni davolamasa nima bo'ladi? Ta`magirlikka o'rgangan sudyaning “odilona” qarori bilan begunoh fuqaro qamalib ketsa, bola-chaqasi chirqirab qolmaydimi?! Murabbiy esa har bir imtihoniga falon pul deb narx belgilab olsa, ertaga u ta`lim bergan yosh mutaxassis jamiyat uchun katta zarar keltirmaydimi? Soliqchi faqat cho'ntagini o'ylasa, davlat byudjetiga qaerdan pul tushadi?

Ana endi yuqorida ta`kidlaganimizdek, ko'pchiligimiz o'ylagan “arzimagan, mayda masala”ning ertaga qanday oqibatlarga olib kelishi-yu iqtisodiy-ma`naviy zararini hisob-kitob qilavering. Chunki shu paytgacha bunday xatti-harakatlarni ko'rsak-da, “o'zbekchilik”ka borib: “qo'y-e, uning ham bola-chaqasi bordir, tirikchilik qilayapti, to'rt-besh so'm bilan hech kim boy yoki kambag'al bo'lib qolmaydi” deb vaqtida kurashmadik, e`tiborsiz bo'ldik, yashirdik. Natijasini esa ko'rib turibmiz. “Korrupsiya”, “poraxo'rlik”, “tanish-bilishchilik”, “ta`magarlik” shunchalik ildiz otib ketdiki, bugun bunday illatlarga qarshi qanchalik kurashmaylik hamon dunyo miqyosida 100-o'rindan pastga tusholmayapmiz — qutilishimiz juda-juda qiyin kechmoqda…

Ravshan MAHMUDOV,

O'zMTDP faoli

Boshqa xabarlar