ILLATLARNI URChITAYoTGAN O'ZIMIZ(MI?)

220


Halollik va ma`naviyat. Bu tushunchalar zamirida tarbiya yotishi sir emas. Bu ta`lim dargohidagina emas, oilada, jamiyatda shakllantiriladigan tarbiyadir. Keyingi paytda nima uchun hayotimizda halollik va ma`naviyatni qaror toptirishga befarq bo'lib qoldik? Ushbu tushunchalar amalda emas, faqat so'zda qolib ketayotganiga sabab nima? Aksincha, unga teskari bo'lgan illatlarni rag'batlantirishga bizni kim majburlayapti?..

Jurnalist Barno Sultonovaning “Jamiyat” gazetasida chop etilgan maqolasida shu kabi savollarga javob izlanadi.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

UYaLMAY QO'YDIK

Bolaligimda har yakshanba otam bozorga olma sotishga chiqardi. Men birga borardim. Ammo hech qachon yonida turmasdim. Olmasini sotib bo'lguncha yo uzoqqa ketardim yoki aylanib yurardim. Chunki otam menga qarashib yubor, deyishidan qo'rqardim. Mehnatdan qochganim uchun emas, olmalarni sotishdan uyalardim, or qilardim. O'sha davrning ideologiyasi shunday edi. Savdogar, sotuvchilar «spekulyant» deb atalar va bu gap juda xunuk eshitilardi. Nohalol deganda biz mahsulotning ustiga narx qo'yib sotishni tushunardik. Shuning uchun qaysidir savdogar haqida gap ketganda, odamlarning ensasi qotib gapirardi: «Hm… falonchi savdogarmi?». Xo'p teskari zamonlar bo'lganda, o'zimiz o'rtahol yashasak-da, savdogarni mensimasdik…

Bugun halollik, vijdon haqida gapiramiz, ammo amalda teskarisini qilamiz. Ma`naviyat tushunchasini qamrab olgan barcha axloq normalariga, masalan, halollik, vijdon, rostgo'ylik kabi fazilatlarga nisbatan mehr, vijdonsizlik, poraxo'rlik, firibgarlik kabi axloqning teskari ko'rinishlariga esa nafrat uyg'otolmadik. O'sha davrlarda nima uchun odamlar savdogarlikni, poraxo'rlikni, firibgarlikni uyat hisoblardi. Chunki halollikni targ'ib etuvchi kitoblarimiz, kinolarimiz, hatto yozadigan maqolalarimiz ham shunga bag'ishlanardi.

Uzoqqa bormaylik, keyingi paytlarda ommaviy axborot vositalarida tarbiyaviy ahamiyatga ega maqolalar juda kamayib ketdi. Mustaqillik yillarida qurilgan inshootlarimizni, obodlikka qaratilgan dasturlarimizni, inson salomatligi, ta`lim tizimidagi yutuqlarimizni ko'rsatadigan maqolalarni ko'paytirdik. Diqqat-e`tiborimizni faqat shu mavzularga qaratdik. Ayni paytda esa faqat tanqidga ruju qo'ydik. Tarbiyaviy ahamiyati ko'rsatilmagan, faqat mag'zava ag'darishdan iborat tanqidga…

Axir o'sha inshootlarning ba`zilari xo'jako'rsinga qurilayotgani, tibbiyot sohasida poraxo'rlik avj olgani, shart-sharoiti yaxshilangan ba`zi maktablarda direktorlar pora bilan bolalarni maktabga qabul qilayotgani haqida nega bizga yozdirishmadi, degan savol hamon javobsiz. Ma`naviyat so'zining qadrsizlanishiga kinolarimiz, badiiy asarlarimiz, spektakllarimiz orqali aynan ma`naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega, ya`ni INSON irodasi, e`tiqodi, lafzi, g'ururi mavzulariga qo'l urdirilmagani sabab, deb o'ylayman.

Sevimli adibimiz Shuhratning «Jannat qidirganlar» asarida vatangadolik fojiasi ko'rsatib berilgan. Nimagadir o'sha kezlari xalqimizning chet elga borib ishlashi deyarli hech kimning xayoliga kelmasdi. Axir, o'shanda ham obod yashamaganmiz. Dang'illama hovlilarimiz, har ikki xonadonning birida mashina bo'lmagandi. Shunchaki, boriga qanoat qilardik. Qiynalib yashasak-da, negadir, birovning haqidan qo'rqardik. Do'konga nonga borsak, bir tiyin qaytimimizni qaytib berardi. Mana shu holatning o'zi ham bizga halollikni o'rgatgan.

Abdulla Qodiriyning «O'tkan kunlar» asarida uyat, uyatsiz degan ibora deyarli har bir sahifada ishlatilgan. Shuning uchun bu asar milliy romanimizga aylandi. Behayolik, andishasizlik fojiaga olib kelishini asarni o'qigan sari anglab boraverdik. Bugun andisha haqida gapiramiz-u, andishasizning ishini qilamiz. Masalan, keyingi paytlarda semiz odamning ovqatni reklama qilishi hecham uyat emas. Bilamiz, semizlik kasallik va bu kasalligidan istihola qilish kerak bo'lmasa-da, uyaladiganlar bor. Ammo semiz insonning kolbasa reklamasida ochko'zlarcha ovqatga tashlanishi rostdan ham juda uyatli ish.

Demoqchimanki, ba`zi hollarda nafsni tiymaslikdan tananing vazni ortib ketishini uyat hisoblamay qo'ydik. Ya`ni badnafslikni reklama qilish oddiy holga aylandi.

«Avtomobildan saqlaning» kinosini eslab ko'raylik-a. Kino boshdan-oyoq mansabdor va poraxo'r shaxslarning ustidan kuladi va tabiiyki, bu kulgi ortida nafrat bor. Yoki har hafta televidenie orqali ko'rsatiladigan, Ergash Karimov asos solgan «Miniatyuralar teatri» mavzulariga e`tibor bering. Yulg'ich, badnafs, ig'vogar, poraxo'r, o'z kasbini suiiste`mol qilgan shaxslarni har doim tanqid ostiga olib teatrlashtirgan. Yoki «Otalar so'zi — aqlning ko'zi» ko'rsatuvidagi qadriyatlarimiz, an`analarimiz haqidagi videofilmlar tarbiyaviy ahamiyatga egaligi bilan e`tiborni tortardi. Hammaga birdek manzur bo'lardi.

Masalan, O'tkir Hoshimov asari asosida yaratilgan «Bahor qaytmaydi» videofilmidagi havolanib ketgan san`atkorning fojiasini yodga olaylik. Bularning barini ko'rib, o'sib-ulg'aydik, qonida halollik bo'lmagan odamlar loaqal tiyilib yashadi, odamlarning nafratidan qo'rqdi.

Ma`naviyat so'zini nega yomon ko'rib qoldik. Aslida, bozor iqtisodiga o'tish davrida «ma`naviyat» so'zining kirib kelishi to'g'ri edi. Ammo uni to'g'ri yo'naltirolmadik, nazarimda. Ko'pchilik haligacha ma`naviyat o'zi nima degan savolga javob qidiradi. Hatto, ijtimoiy tarmoqlardagi bahslarda ham «ma`naviyat nima» degan izohlarni o'qib qolamiz.

Nega ma`naviyatni yomon ko'rib qoldik? Chunki ma`naviyat deb jar solish bilan odamlarni ma`naviyatli qilolmadik. Masalan, ma`naviyat haqida har kuni talabalarga saboq beruvchi o'qituvchilarning ba`zilari ochiqchasiga talabalardan pora ola boshladi. Ma`naviyatli bo'lishda jajji farzandlarimizga o'rnak bo'lishi kerak bo'lgan bog'cha opa ota-onalardan ochiqchasiga sovg'a kutdi. Chunki ularga o'rnak bo'lishi kerak bo'lgan ba`zi bog'cha mudiralari xodimlarining oldida bir kunlik normasi 52 klogramm go'sht mahsuloti ketishi kerak bo'lgan ovqatga 9 kilogramm kecha qaynatilgan go'shtni ertasiga yana qaynatib berdi (Bunday sharmandalik Shayxontohur tumanidagi bir bog'chada sodir bo'lgan). Eng achinarlisi, ana shunday ochko'z bog'cha mudiralarini, o'zining farzandlari, ota-onasini qoldirib chet elda o'zganing bolasiga, o'zganing ota-onasiga enagalik qilgan qo'ni-qo'shnilarimizni, pora olgich hokimlarni, firibgarlarni ma`rakalarimizning to'riga o'tqazdik, qahramoniga aylantirdik. Ulardan nafratlanib poygakka o'tqazish o'rniga, kiygan yaltiroq kiyimlari-yu dasturxoni to'kinligi o'g'irlik orqasidan ekanligini bila turib bolalarimiz ko'zicha faxrlandik: «Biram zo'r to'y qildi, bog'cha mudiri bo'lish kerak ekanda», yoki «falon joyning rahbari dang'illatib uylar qurgan-ey, ko'rib havasi ketadi kishining», deya og'zimizning suvi qochgani yolg'onmi?

O'ylab ko'rmadikki, nega rahbar yoki bog'cha mudirasi bizdan ozgina ko'proq maosh olib, ikki baravar yaxshi yashashi va dang'illatib to'y qilishi kerak? Ulardan nafratlanmadik va bu bizning kelajagimiz bo'lmish farzandlarimiz ongida ma`naviyatning qadr-qimmatini yo'qotib boraverdi. Ya`ni andisha poygakda ko'zini yerga tikib qoldi, hayosizlik, orsizlik to'rga chiqdi.

Ma`naviyatli inson internetdan to'g'ri foydalanadi, deb televizorda gapirdik, bong urdik, ammo aksini qildik. Bachkana klipli qo'shiqlar, saviyasiz kinolar, hashamni targ'ib qiluvchi filmlar bosib ketdi hamma kanallarimizni.

Chet el seriallariga shu darajada ruju qo'ydikki, oqibatda axloqimizni buzish borasida internet ham ortda qolib ketdi. Ma`naviyatli bo'lish kerak, deb aytildi, yozildi, ammo faqat qiymatsiz so'zga aylanib qoldi. Ma`naviyatchilarimiz ma`naviyatsizlikka qarshi faqat so'z orqali kurashdi. Amalda emas. Televidenieda berilayotgan ma`nisiz kinolar, yengil-elpi qo'shiqlar, yozilayotgan saviyasiz asarlarga qarshi kurashmadi.

Ma`naviyat kerakmi? Kerak! Faqat bu so'z o'zining qiymatini topishi uchun bu so'zni ishlatmasdan ma`naviyatga intilmoq kerak. Endi yozadigan asarlarimiz, maqolalarimiz, tasvirga tushiradigan kinolarimiz, barcha-barchasi halollikka, odob-axloqqa bag'ishlanishi kerak. Farzandlarimiz ochko'z, badnafs, poraxo'r odamlardan nafratlanishni o'rgansin. Ularga havas bilan qarab, o'rnak olishni emas. Nafratga o'rgatish uchun inson qalbini, olijanobligini ochib beruvchi filmlar, qo'shiqlar, asarlar yaratilishi lozim. Biz ularni tomosha qilganimizda, o'qiganimizda UYaTdan qizarib, kamchiliklarimizni, qusurlarimizni anglab yetaylik.

MA`NAVIYaT kerak! Chunki kitoblarimizda yozilganidek, «Ma`naviyat insonni ruhan poklanish, qalban ulg'ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baquvvat, iymon-e`tiqodini butun qiladigan kuch». Bu kuchni haqiqiy kuchga aylantirish uchun so'z bilan amal birligini e`tiqodga aylantiraylik.

Barno SULTONOVA

2019 yil 25 yanvar, 3-son

“Jamiyat” gazetasi

Boshqa xabarlar