YoMON OTGA…

235


Xalqimiz bejizga yaxshi otga bir qamchi, yomon otga ming qamchi, demagan. Bir marta qilgan noto'g'ri ishidan xulosa chiqarmay, ketma-ket jinoyatga qo'l urgan Alisher Umarqulovni yaxshilikni bilmagan “nonko'r” deyish mumkin. Qamalib chiqsa ham “aqli” kirmadi. Aksincha, eski odatini boshlab, buzg'unchi g'oyalari bilan odamlarni to'g'ri yo'ldan adashtirishda davom etdi. Uning kirdikorligi haqida “Farg’ona haqiqati” gazetasida chop etilgan maqolada so'z boradi.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

E`TIQOD OVChISI

Oltiariqlik Alisher Umarqulov 1997 yilda Muhammad Mamarizaev bilan tanishib, undan diniy saboq oladi. Ammo bu tanishuv ham, zamirida tinchlikka rahna solish, o'zgalar qalbi va ongini zaharlashga qaratilgan “ta`lim” ham bo'ron singari hayotini alg'ov-dalg'ov qilib yuboradi.

Jinoyat ishlari bo'yicha Oltiariq tumani sudining 2000 yil 25 oktyabrdagi hukmiga ko'ra, “xizbut-tahrir” diniy ekstremistik oqimiga a`zo bo'lib, tashkilot faoliyatida qatnashib,  yig'ilishlarida ishtirok etib kelganligi uchun 7 yil ozodlikdan mahrum qilinadi. Xalqimiz kechirimli. 2003 yilda amnistiya aktiga asosan jazodan ozod etilib,  hayotini izga solish uchun unga imkoniyat beriladi.

Ammo mazkur insonparvarlik tamoyilining mohiyatini so'qir qalb egasi anglarmidi?! U yana  eski “qilig'i”ni boshlaydi.  2012 yil sentyabr oyida M.Mamarizaev bilan topishib,  uning uyida yig'ilib turadigan 3-4 nafar “xizbut”chilar bilan tanishadi. U yerda jinoiy sherigining kuyovi A.Maxsudovni oqimga a`zolikka qabul qiladilar. Keyinchalik R.Xaydarov ham ularning biriga aylanadi.

Ijtimoiy tarmoqdagi  “Xizb” to'ri

O'zlarini “buyuk ishning yo'lboshchilari” deb bilgan “to'rtovlon”  har oyda yig'ilib, Oltiariq tumani hududida “xizbiy xalqa”  tashkil qilishadi. Ular internetda o'zgalarga tuzoq qo'yadilar.

O'zi singari e`tiqodi zaif, zamiri puch g'oyalarning etagidan tutadigan kimsalarni izlab topishadi. Qarmog'iga ilinganlarni  o'z tarafiga og'dirib, elektron diniy adabiyotlar bilan saboq berishadi. A.Umarqulov o'zining xalqasiga A.Yakubov, A.Mamarizaev va B.Mamatovni, M.Mamarizaev – M.Rahimov, “Ahad”, A.Mo'minov, A.Azizboevni, I.Voxobov – A.Abdullajonov, A.Mirzarahmonovni, R.Xaydarov – “Tursunali”ni, A.Mahsudov esa B.Boboev, M.Yulchiev, A.Qo'ziev, X.Karimov, A.Ergashev, M.Xaydarov va D.To'tabaevni jalb qiladilar.  Ular yig'ilishlarda  internet tarmog'i orqali oqimning yangiliklari va g'oyalari bo'yicha o'zaro fikr almashgan.   Virtual jamoaga birlashgan holda tashkilotning moliyaviy  jamg'armasi hisoblangan “taborruot” pullarini to'plash hamda boshqa tashkiliy masalalarni muhokama qilib kelishgan.

Bu orada A.Umarqulov garchi turmush o'rtog'i, farzandlari bo'lsa-da,  o'zi singari chirkin g'oyalari bilan tarmoqlarda kezayotgan N.Aripova bilan tanishib qolib, u bilan 2013 yilda sha`riy nikohdan o'tadi. Endilikda ular  oqimga qiziqishi bo'lgan shaxslarni jamoat a`zosiga aylantirish, ularga “xizbut-tahrir” tashkiloti nashriyotiga tegishli kitoblardan saboq berib, ongini zaharlashga zo'r beradilar.

A.Umarqulov ularning orasida “mushrif” darajasida faoliyat yuritib,  safdoshlarini kengaytirishga “astoydil” kirishib ketadi. O'zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini Konstitusiyaga xilof tarzda  buzishga ochiqdan-ochiq  da`vat qilib, ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g'oyalari bilan yo'g'rilgan ma`lumot va materiallarni tarqatib keladi.  O'zining “jamoat”, “xalqa” hamda internet tarmog'ida  “virtual jamoat” diniy ekstremistik tashkilotlarini tuzib, ularga rahbarlik qiladi. Hattoki 2013 yilning fevral oyida balandlikdan yiqilib tushib, oyog'ini sindirib olganida ham uyiga kelib turadigan A.Mamarizaev, B.Mamatov, A.Yakubovlarga diniy aqidaviy tushunchalardan ta`lim beradi.

Kunida singan ko'za

2013 yil sentyabr oyida jamoat a`zolari Oltiariq tumanining Poloson qishlog'ida istiqomat qiluvchi M.Mamarizaevning xonadonida  to'planib, o'z faoliyatini aniq bir maqsad sari amalga oshirish va bevosita oqimning  yuqori turuvchi rahbarlari  bilan aloqa  o'rnatishga kelishib oladilar.

A.Maxsudov  internet tarmog'i orqali Qirg'iziston Respublikasida faoliyat yuritayotgan gumashtalari bilan bog'lanib,  biron-bir yuqori turuvchi shaxslardan ko'rsatma va yo'l-yo'riqlar berilsa, faoliyatini rivojlantirishga turtki bo'lishini aytib, rahnamolik qilishlarini so'raydi.

Mazkur yilning oktyabr oyida A.Umarqulov Qirg'iziston Respublikasi Qadamjoy tumaniga  o'tib, u yerda o'zini “Xoji” deb tanishtirgan diniy ekstremistik oqimining Qirg'iziston Respublikasidagi vakili bilan uchrashib, unga faoliyatlari haqida ma`lumot beradi. Xalqani yanada kengaytirishga qaratilgan tavsiyalar olib, ijtimoiy tarmoqda da`vatlarni kuchaytiradi.

“Ko'za kunda emas kunida sinadi” deganlaridek vaqti-soati  kelib,  jinoyatchilarning sirlari fosh bo'layotganda esa oila a`zolariga ishlash maqsadida Rossiya Federasiyasiga ketayotganligini aytib, sheriklari bilan  Qirg'iziston Respublikasi Qadamjoy tumaniga o'tib ketadilar.    Ijtimoiy tarmoq orqali  bir-birlari  bilan  doimiy ravishda bog'lanib turishadi. Shunday holatda ham qilmishini anglamagan nobakor er endilikda turmush o'rtog'i Z.Umarqulovaga ta`sir o'tkazib,  uni  oqimga a`zo bo'lishiga  da`vat  qiladi. Unga  profil ochib berib, 2014 yilning  avgust  oyiga qadar muloqotda bo'lib turishadi. Ammo tez vaqt ichida xotini qonun oldida javob berishiga to'g'ri keladi va sudlanadi. Ongini ham, qalbini ham zulmat chulg'ab olgan er turmush o'rtog'ining taqdiridan zarracha o'kinmaydi. Hech narsa bo'lmagandek, Qizilqiya shahridagi dehqon bozorida pishiriq sotish bilan shug'ullanuvchi F.Mirzaeva  bilan tanishib, u bilan yashay boshlaydi.

Bir-biri bilan ko'risholmagan qochqindagi “birodarlar”  virtual olamda  bo'y ko'rsatishlari bilan faoliyatlari huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan yakunlanadi. A.Umarqulov safdoshlarining siyraklashib qolganidan xavotirga tushib, tarmoqda o'ziga boshqa o'lja izlay boshlaydi. D.Nazarov, F.Usmonov va B.Usmonov yangi “hamrohlariga” aylanadi.  Ularga oqimga tegishli bo'lgan mavzulardagi  maqolalarni  ijtimoiy tarmoqlarga joylab, o'zlariga o'xshash  shaxslarni tanlab olish,  “virtual jamoat” tashkil qilish vazifasi yuklanadi. D.Nazarov  turmush o'rtog'ini hamda “Otabek”, “Ne`mat” ismli jiyanlari, ishchilari “Murod” va “Nuriddin” ismli shaxslarni oqimga da`vat etadi hamda  ularga “ustoz”lik qiladi. Xalqaga keyinchalik tojikistonlik  “Abdulloh”, “Abdurashid”, qo'qonlik “Sher”, “Polvon” taxallusli kimsalar ham qo'shiladi.

2018 yilning 12 yanvar kuni  e`tiqod ovchisining faoliyati xotima topadi. Qirg'iziston Respublikasi O'sh shahrida Qirg'iziston Davlat  milliy xavfsizlik qo'mitasi xodimlari tomonidan qo'lga olinadi va O'zbekiston Respublikasi huquq-tartibot idoralari xodimlariga topshiriladi.

Jinoyat ishlari bo'yicha Farg'ona viloyat sudi tomonidan A.Umarqulovning qilmishlari ko'rib chiqilib,  unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Kamola  POLVONOVA

2019 yil 13 fevral, 11-son

“Farg’ona haqiqati” gazetasi

Boshqa xabarlar