KO'ChANING EGASI BORMI?

176


Shiddatli zamonamizda avtoulovlar hayotimizning bir qismiga aylanib ulgurdi. Transport vositalari yo'llarni tirband qilib qolmasdan, balki butun boshli ko'chalarni egallab olishgacha borishayotgani achinarli. Bu haqda Hoshim Ziyodullaevning “Samarqand” gazetasida chop etilgan “Ko'chani tor qilayotgan kim?” sarlovhali maqolasi bilan tanishing.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

KO'ChANI TOR QILAYoTGAN KIM?

Mirzo Ulug'bek ko'chasidan Nodirabegim ko'chasiga qayrilishda agar avtomobilda bo'lsangiz:
“Biror kishini urib yubormay” yoki piyoda bo'lsangiz “mashina turtmasin”, deb yuragingiz hapqirib turadi…

Bu ko'chaning kirish qismida shahar sil kasalliklari dispanseri, ATB “Kapital bank” Samarqand filiali, Samar­qand veterinariya medisinasi ins­tituti va bir qancha tadbirkorlik sub`ektlari joylashgan. Ko'chaning ikki tomoniga avtomobillarni tig'iz qilib qo'yish odat tusiga kirgan. Ikki tomonlama qatnovga mo'ljallangan ko'chaning bir qismida piyodalar yo'lagi bor-yo'qligi bilinmaydi. Chunki haydovchilar o'zi istagan joyiga avtomobilini qo'yib ketgan bo'lsa, ayrim fuqarolar qurilish bahona ko'chaning qatnov qismini ham band qilgan.

Imom al-Buxoriy ko'chasida ham xoh avtomobilda, xoh piyoda yuring, harakatlanishga qiynalib qolasiz. Ko'chaning torligi kamlik qilgandek, ayrim “tadbirkorlar” yo'lakning o'rtasiga somsa yopish uchun tandir ham qurib olishgan.

Cho'lpon va H. Obiddinov ko'chalarida esa aksariyat fuqarolar xonadonini ko'chaning qatnov qismigacha panjara bilan o'rab olgan.

Ushbu holatlar tufayli piyodalar, ayniqsa, maktab o'quvchilari ko'chaning qatnov qismidan yurishga majbur bo'lishmoqda. Mutasaddilar ayni holatlarni nazoratga olib, aholining qurilish me`yorlariga amal qilishini, keng ko'chani tor qilib, harakat xavfsizligiga xalaqit bermasliklarini ta`minlasa maqsadga muvofiq bo'lardi.

 Hoshim ZIYoDULLAEV

2019 yil 22 fevral, 8-son

“Samarqand” gazetasi

Boshqa xabarlar