G'URUR UChUN QAChON TALAShAMIZ?

132

Yaqinda yurtimizga taniqli turk aktyori Burak O'zchivit tashrif buyurdi.  Ijtimoiy tarmoqlarning doshqozoni yuqori
darajadagi otashdan shaqillab qaynadi. Turk aktyorining mahorati emas, aktyor atrofini qurshab
olgan xotin-qizlarning beo'xshov, sharmandali xatti-harakatlari-yu ehtiroslari
bunga sabab bo'ldi.Bu holatga millat
sha`niga befarq bo'lmagan ayrim yurtdoshlarimiz o'zlarining munosabatlarini
bildirishdi. Jurnalist Aslzoda Nusratjon qizining quyidagi maqolasini o'qisangiz,
bu haqda bilib olasiz.

Maqolani quyida to'liq o'qing.

QAYDASAN ANDIShA

QAYDASAN G'URUR

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab
bo'lgan ayrim turk seriallari g'avg'osi tugab ulgurmay, “shov-shuv”lar minbarini
mamlakatimizga kelgan taniqli turk aktyori Burak O'zchivit va uning yurtimizdagi
muxlisalari egalladi.

Aniqrog'i, “Olmazor
Biznes City” turarjoy majmuasining reklama taqdimotiga taklif etilgan aktyor
atrofini qurshab olgan xotin-qizlarning beo'xshov, sharmandali xatti-harakatlari
ko'pchilikning asabini buzdi, g'azabini qaynatdi.

Shu o'rinda ijtimoiy
tarmoqlarda yozib qoldirilgan ayrim izohlarni keltirsak. “Uzbek video channel”
telegram kanalida poytaxtimizdagi Temuriylar davlat muzeyi oldida yosh qizlarning
aktyor atrofida joy talashayotgani e`lon qilingan videotasvir shunday izohlangan:

 “Burak ham hayratda bo'lsa kerak. O'zbek qizlari ham o'zini shunchalik yerga uradimi?..” “Kun.uz” saytida aktyor ishtirokida o'tgan ziyofat chog'i olingan suratlarga N.Xolmetova: “Ayollarga ham hayronman, bolasini ko'tarib olib rasmga tushishibdi-ya! Bola bechora ikki bukilib qolgan, onaning ishi yo'q, Burak bilan rasmga tushsa, bas!” deb yozib qoldiradi. Ayniqsa, “Zo’r TV” da aktyor bilan o'tgan suhbat oldidan studiyaga kirib kelayotgan Burakka qarata aktrisa H.Ibrohimovaning “jo-o-o-nim!” deya ishva qilgani qattiq e`tirozlarga sabab bo'lgan.

Hamkasbimiz Barno
Sultonova xuddi shu “sahna”dagi yana bir holat — dasturxon ustiga chiqib olar
darajada aktyor bilan suratga tushishga intilayotgan ayollarga qarata: “Suratlar,
videolarda aktyor o'zini juda noqulay his qilayotgani ko'rinib turibdi. Agar
salgina jilmaysa, qizlarning qo'yniga kirib ketishidan qo'rqayotgandek, sho'rlik.
Sizlar uchun, shunday ayollar borligidan u uyalib ketgandir… Aktyor bilan suratga
tushishga talashamiz, pul uchun talashamiz. Lekin or, g'urur uchun qachon talashamiz?”
degan og'riqli so'zlarni qoldirgan.

Ayrimlarga yuqoridagi
fikrlar balki yoqmas. Biroq shuni aytish kerakki, asrlar osha qadr topib, yuksak
fazilatga aylangan sharm-hayo va andishaning oyoqosti qilinayotganini hech qanday
sabab bilan oqlab bo'lmaydi.

To'g'ri, taniqli insonlar, ayniqsa, san`atkorlarga muxlislik qilish, ular bilan suratga tushish ayb emas. Ammo muxlislik — zinhor yuzdagi sharm-hayoni sidirib tashlab, xuddi och bo'ri o'ljasiga tashlangan kabi yopishib olish yoki unga ergashib, birga suratga tushamiz, deya suykalish emas. Buning ham o'z odobi bor, axir. Nahotki, ular shu xatti-harakatlari bilan nainki o'z oilasi, balki millat sha`niga dog' tushirishi mumkinligini xayollariga ham keltirmagan bo'lishsa?

Ushbu voqealardan hech qancha
vaqt o'tmay, turkiyalik bir fuqaro ijtimoiy tarmoq orqali mamlakat nashrlarida
e`lon qilingan xabarlar va o'sha ziyofatda olingan (qiz-juvonlarning navbat
talashib, “oh-voh” qilgancha O'zchivit bilan suratga tushayotgani aks etgan)
videolarni internet orqali o'zbekistonlik do'stlariga yuborgan va ming bir tajjub
bilan  “???” tarzida o'zining  g'ayritabiiy kechinmasini ifodalagan.

O'ylab qolasan, azaldan
aql-zakovati va latofatu nafosati bilan tillarga tushgan, juftu haloli, akasi-yu
otasining ko'ziga-da tik boqishdan tiyilgan o'zbek qizlari ori va g'ururini qachon hoyu
havaslarga boy berdi ekan?

Qizlarimizning
odob-axloqi haqida so'z ketar ekan, avvalo, ular tarbiyasiga onalar mas`ul
ekanini unutmaylik. Boisi o'zbekchilikda ota
o'z pandu nasihatlarini qiziga ona orqali yetkazadi. Negaki, ota-bobolarimiz qiz
farzandni borgan joyida ham muomalali, xushfe`l bo'lsin, degan niyat-la gard yuqtirmay
voyaga yetkazishgan. Qizlar uchun esa otaning birgina qarashi har-qanday dakki-yu
dashnomdan ta`sirliroq bo'lgan.

Bugun-chi? Bugun ota qarshisida o'tirib, oshiq-mashuqalar haqidagi seriallarni pinak buzmay tomosha qilayotgan ba`zi qizlaru, to'y oldidan qizi bilan do'kon aylanib yotoq mebeli tanlayotgan ayrim ota-onalarni ko'rib, bu qadriyatlarga allaqachon putur yetganidan achinasan, kishi. Oiladagi axloq-odob qoidalari haminqadar bo'lganidan keyin, ayrim ota-onalarning farzandim tarbiyasi buzilib ketyapti, degan vaj bilan o'z aybini o'qituvchilar gardaniga yuklayotganini sezish qiyin emas.

 Ha, makon va zamon tanlamas axborotlashgan
davrda yashayapmiz. Qaerda bo'lmaylik, bosgan har bir qadamimiz virtual olamda
o'zimizga ko'zgu tutayotir. Bordi-yu, yuqorida ta`kidlagan “qahramon”larimiz
tasvirlari vaqti kelib nevara-yu chevaralari qo'liga ham yetib borsa, nima
bo'larkin? Ular qay yuz bilan tarbiyadan so'z ochisharkan?

Shu
bois, kech bo'lmasidan xato va kamchiliklarimizni tuzataylik. Zero,
keksayganimizda qadrimiz beqadr, nasihatimiz besamar ketmasin.

Aslzoda
NUSRATJON qizi,

“Nuroniy”
muxbiri

2019
yil 27 fevral, 9-son,

“Nuroniy” gazetasi

Boshqa xabarlar