ShAShMAQOM OLIMLAR NIGOHIDA

404

Ko'p asrlik madaniyatimiz, xususan, milliy musiqamizda
maqomning o'rni beqiyos. Ushbu ulkan merosni ilmiy asosda chuqur o'rganish, targ'ib qilish,
yosh avlodni shu san`atga oshno etish ma`naviy hayotimizning ajralmas bo'lagi
sanaladi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrda kuchga kirgan “O'zbek milliy
maqom san`atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bu
boradagi sa`y-harakatlarda dasturilamal vazifasini o'tamoqda. Buxoro davlat
universitetida bo'lib o'tgan “Buxoro shashmaqomi: tarixiy-nazariy va amaliy
masalalar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumani shu haqda bo'ldi.

O'zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi
tomonidan uyushtirilgan mazkur tadbirda yurtimizdagi bir qancha oliy o'quv
yurtlarining professor-o'qituvchilari, musiqashunoslar, soha mutaxassislari, yosh maqomchilar,
talabalar qatnashdi.

Anjumanda milliy musiqamizning ko'zga ko'ringan tadqiqotchilari
o'z ma`ruzalari orqali Buxoro shashmaqomining ko'pchilikka noma`lum qirralari
xususida o'rtoqlashdilar. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san`at arbobi, professor
Otanazar Matyakubov ko'hna san`atimizning ushbu boy xazinasi tarixi, Najmiddin
Kavkabiy, Darvesh Ali Changiy, Abdurauf Fitrat kabi olimlarning bu boradagi ilmiy
izlanishlariga to'xtaldi. O'z navbatida, farg'onalik musiqashunos, O'zbekiston davlat
konservatoriyasi professori, san`atshunoslik fanlari doktori To'xtasin G'afurbekov
buyuk bastakor Mutal Burxonov o'z ijodida shashmaqom ohanglaridan qay darajada
foydalanganiga e`tiborni qaratdi.

Shuningdek, Urganch davlat universiteti o'qituvchilari
Botir Rahimov va Rustam Boltaev o'z chiqishlarida Buxoro shashmaqomi hamda Xorazm
olti yarim maqomini qiyosiy tahlil etishdi.

Rustam IBRAGIMOV,

Ishonch” muxbiri

Boshqa xabarlar