QO'G'IRChOQ — OVUNChOQ… EMAS

166

Yaqinda jiyanim Madinaning tug'ilgan kuni. Unga yaxshi ko'rgan o'yinchog'ingni olib beraman, deb va`da bergan edim. So'zimning ustidan chiqish uchun bozorga yo'l oldim. O'yinchoqlar do'konini birma-bir aylandim.

Buni qarangki, globallashuv «o'yinchoqlar»ni ham chetlab o'tmabdi. Xorijda
ishlab chiqarilgan, ayniqsa, g'arb mentalitetiga xos o'yinchoqlarning ko'pligini
ko'rib, gapning ochig'i, hayratlandim… «Barbi», «O'rgimchak odam», «Shrek», «Sohibjamol
va mahluq»… Bu ro'yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Darvoqe, narxlari esa
odamni lol qoldiradigan darajada. Beixtiyor yoqa ushlaysan…

Shu payt ko'zim chamasi 5 yoshlardagi qizalog'ini yetaklab kelayotgan ayolga ko'zim
tushdi.

— Qizingizga qo'g'irchoq olib bermoqchi ko'rinasiz? — savolga tutdim.

— Qaydam, kecha bozor-o'chardan keyin shu yerdan o'tib ketayotgandik, qizim qo'ymay
«Barbi» olib berasiz, deb injiqlik qildi. Noiloj uni xarid qildik. Uyga borgach,
qaynonam uning tuzilishi bolamning yoshiga mutlaqo to'g'ri kelmasligini aytib, meni qattiq
koyidi.

Darhaqiqat, farzand tarbiyasida ularning ovunchoqlari — o'yinchoqlar ham
alohida ahamiyat kasb etadi. Zotan, kichik yoshdagi bola tili chiqib ulgurmasdan qo'g'irchoqlari,
o'yinchoqlari bilan qaysidir ma`noda «tillashadi».

Suhbatimizga qo'shilgan Oysifat aya Nurmonova shunday deydi:

— Qiz bola yoshligidan qo'g'irchoq o'ynashni boshlaydi. Bu esa kelgusida ona bo'lishga orzumand ekanligidan dalolat. Ammo zamonlar o'zgarib, biz o'ynagan qo'g'irchoqlar boshqacha tus oldi. Ularning ochiq-sochiq kiyinishi, ajnabiy tuzilishi hali esini tanib ulgurmagan qizaloqning bolalik xayollarini o'g'irlamasligining iloji yo'q. Unga taqlid qiladi va hatto kiyayotgan ko'ylagini ham uniki kabi o'zgartirishni istaydi. O'ylab ko'ring, siz o'zingizdagi tarbiyani bolangizga berasiz, u o'zining bolasiga. Endi ayting-chi, shu tariqa qizaloqlarimizga  g'arbcha mentalitetga xos fazilatlar «yuqib» qolmasmikan!?

— Do'konlar peshtaxtalarini to'ldirib
turgan «Barbi», «Jek va uning do'stlari», «Betmen» deb nomlangan xorij o'yinchoqlari
bolalar tarbiyasiga qanday ta`sir qilishi meni hamisha o'ylantirib kelgan, — deydi
o'yinchoq sotib olayotgan Bolbuvi opa. — Unutmaylik, qo'g'irchoq — o'yinchoqqina emas,
balki bolalar, ayniqsa, qizaloqlar tarbiyasida muhim vosita hamdir. Chet elning
«Barbi»sidan ko'ra o'zimizning qo'lda yasalgan, hamyonbop, milliylik ufurib turgan,
sochlari mayda qilib o'rilgan qizaloqlar, supachada zarko'rpacha, bolishchalar… Farzandlarimiz o'zbekona
urf-odatlarni o'zida mujassam etgan milliy qo'g'irchoqlar bilan o'ynashganiga nima
etsin!

Darvoqe, o'yinchoqlar nafaqat tashqi
ko'rinishi, balki kimyo­viy tarkibi bilan ham farzandlarimizga zarar yetkazmasligi
kerak. Shu boisdan ham bolalar o'yinchoqlarini olishda ehtiyot bo'lishimiz lozim.

Ma`lumotlarga ko'ra, o'yinchoqning rangi uning xavf darajasini aniqlashda
muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning rang-barang, judayam to'q va yorqin rangda
bo'lishi tarkibi zaharli kimyoviy elementlarga boy bo'yoqlar bilan oro berilganini
ang­latadi. Vaholanki, bola, albatta uning rangiga qiziqib, mazasini tatib
ko'rgisi keladi. Natijada, zaharli moddalar jigar, oshqozon-ichak, buyrak
yo'llariga tushadi va uning sog'ligiga
zarar yetkazadi.

— Endigina shakllanayotgan bola ongi dunyoni anglash, tasavvur etishida, jismoniy va ma`naviy kamoloti hamda asab faoliyatining shakllanishida qo'g'irchoq va o'yinchoqlarning o'rni katta, — deydi  Navoiy shahridagi 7-umumta`lim  maktabi psixologi Muhabbat Vafoeva. — Shuning uchun ham o'yinchoqlarning bejirimliligi, toza mahsulotdan tayyorlangani, ularning kimyoviy tarkibiga alohida e`tibor qaratish lozim. Misol uchun, o'yinchoqdan o'tkir kimyoviy hid tarqalmasligi kerak. Yumshoq o'yinchoqlar esa asosan kimyoviy-sintetik tolalardan tayyorlanadi. Bu ham yetmaganday, ularga qadab qo'yilgan ko'z tugmalarini bola uzib yutib yuborishi ham mumkin.

Mavzu doirasi nihoyatda keng.
Gapirgan bilan so'z tugamaydi. Maqsadimiz bitta: do'konlarimizni o'zga madaniyatni
targ'ib qiluvchi o'yinchoqlar o'rniga milliy qahramonlarimiz qiyofasidagi qo'g'irchoqlar egallasa,
nur ustiga nur bo'lar edi.

Dilafro'z O'ROZOVA,

Ishonch muxbiri

Boshqa xabarlar