3-SINF O'QUVChISIGA LIRIKA SOTILDI(MI?)

228


Shunday dori vositalari borki, ular shifokor reseptisiz berilmaydi. Shu bois ular davlat muhofazasiga olinib, tegishli qaror va farmonlar bilan nazorat qilinadi. Ammo ularni noqonuniy sotish bilan shug'ullanib, pul topishga urinayotganlar ham bor. Sanjar Eshmurodovning maqolasida bu haqda bilib olasiz.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

TRAMADOL VA LIRIKA ASLIDA QANDAY DORI?

Nima uchun ularning yoshlar o'rtasida iste`moli ko'paymoqda?

Tibbiyotda to'g'ri qo'llanilgan dori-darmonlar odamlarning dardiga davo bo'lishi isbotlangan. Shu bois bu soha davlat muhofazasiga olinib, tegishli qaror va farmonlar bilan nazorat qilinadi. Ammo shunday dori vositalari ham borki, ular bemor ruhiyatiga salbiy ta`sir ko'rsatib, ahvolini yanada og'irlashtiradi. Shifokor reseptisiz berilmaydigan bunday mahsulotlarni noqonuniy sotib, pul topishga urinayotganlarning qilmishlari esa fosh etilmoqda.

O'ylamay bosilgan qadam falokatga eltadi

Alisher ko'pdan buyon tarkibida opiy guruhiga mansub giyohvand modda tashuvchi tramadol dori vositasini  iste`mol qilib kelardi. Ammo tayinli joyda ishlamagani uchun bora-bora dori sotib olishga pul topolmay qoldi. Nima qilishga boshi qotgan yigit «tabletka» savdosiga aralashdi.

Ko'p o'tmay, mo'maygina daromad ham orttira boshladi. Endi Alisher dori taqchilligidan aziyat chekmasdi. Ammo hali o'ttizga ham to'lmagan «qahramonimiz» dori iste`mol qilishning oxiri voy bo'lishi, qilayotgan harakatlari esa jinoyat ekanini xayoliga ham keltirmadi. Qing'ir ishning qiyig'i qirq yilda ham chiqadi, deganlaridek, Alisher huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Mirzo Ulug'bek tumanida joylashgan «Buyuk Ipak yo'li» metro bekati yonida ko'p miqdordagi tramadol dori vositasi bilan qo'lga olindi. Sud hukmiga ko'ra, unga ikki yillik ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

10 yoshli bola lirikani qaerdan oldi?

Aytish kerakki, Alisherga o'xshagan «olibsotarlar» tufayli qanchadan-qancha yoshlar, o'smirlar, boringki, bolalar ham giyohvand modda tashuvchi dori vositalariga o'rganib qolishmoqda. Buni o'tgan yili Mirzo Ulug'bek tumanida istiqomat qiluvchi 3-sinf o'quvchisiga psixotropik dori vositasi sotilgani ham tasdiqlaydi.

Yoki bo'lmasa, joriy yilning fevral oyida Toshkent farmasevtika institutining besh nafar talabasi psixotrop moddalar savdosi bilan shug'ullangani uchun javobgarlikka tortildi. Kelgusida salomatlik himoyachilari bo'lishi kutilayotgan, bu dorilarning zarari to'g'risida to'laqonli ma`lumotga ega bo'lgan shaxslarning psixotrop moddalar savdosi tegirmoniga suv quyayotgani yanada achinarlidir.

Qonunchilik nima deydi?

2018 yilda «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi qonun qabul qilindi. Unga ko'ra, psixotrop moddalar hisoblangan tramadol, lirika dorilari giyohvand moddalar tarkibiga kiritildi. Ushbu dori vositalarining noqonuniy sotilishining oldini olish bo'yicha proflaktik tadbirlar kuchaytirildi.

Ma`lumotlarga ko'ra, Toshkent shahrida 2018 yilda psixotrop moddalarni noqonuniy sotish bilan bog'liq mingga yaqin holat aniqlanib, bir yarim mingdan eiyod fuqaro jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 100 kilogrammga yaqin psixotrop moddalar olib qo'yilgan. Joriy yilning o'tgan ikki oyi davomida o'tkazilgan reydlar natijasida yana 250 ga yaqin ana shunday noqonuniy savdo holati aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan tegishli choralar ko'rilgan.

* * *

Yuqoridagi statistikadan ham ma`lumki, yurtimizda psixotrop hamda kuchli ta`sir etuvchi preparatlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirish muntazamlik kasb etgan. Bu boradagi ishlarni yanada jonlantirishni esa bugungi kunning o'zi taqozo etayotir. Bizning-cha, bu illat bilan kurashish yo'lida davlat tashkilotlari bilan bir qatorda, jamoatchilik ham doimo sergak bo'lishi lozim. Jinoyatlarga qarshi kurashish faqat huquq-tartibot idoralarining vazifasi, deya loqaydlikka berilmasligimiz, hamisha hushyor bo'lishimiz, yon-atrofimizdagilarni ogohlikka chorlashimiz kerak. Zero, yosh avlodning bunday balolarga mukkasidan ketishiga tomoshabin bo'lib o'tirish kelajagimiz ildiziga bolta urish bilan barobar.

Mahmud IBROHIMOV,

Toshkent shahar Narkologiya dispanseri shifokor- ­narkologi:

— Lirika dori vositasi tarkibida pregabalin moddasi bor. U odatda tutqanog'i bor bemorlarga tavsiya etiladi. Dorining dozasini ko'paytirish oqibatida unga qaramlik, tobelik holati yuzaga keladi. Unga o'rganib qolganlar bora-bora uni ichmasa, tutqanoq tutgandek qaltiray boshlaydi. Dastlab bir sutkada bitta tabletka iste`mol qilgan shaxs, keyinchalik o'n-o'n beshta, ma`lum muddatdan so'ng elliktagacha dori iste`mol qilish darajasiga etib boradi. Dori nerv tolalariga ta`sir o'tkazgani bois harakatlari susayadi.

Tramadol ham kuchli og'riq qoldiruvchi dori vositasi hisoblanadi. Uni mutaxassislar onkologik xastaliklar va operasiyadan keyingi holatlarda tavsiya etadi. Ammo shifokor tomonidan bemor tanasida tramadolning dozasi oshib ketmasligi uchun 10-20 kunda boshqa dori vositalari bilan almashtiriladi. Ko'chadan noqonuniy sotib olayotganlar esa uning me`yorini bilmaydi. Avvaliga u shunchaki og'riq qoldiradi, biroq unga o'rganib qolgandan so'ng iste`mol qilmasa, bo'g'imlar va suyaklarda kuchli og'riq turadi. Inson tabiatida jahldorlik, agressivlik, uyqusizlik, holsizlik holatlari kuzatiladi. Bepushtlik va yana bir qator kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Qayd etish kerakki, lirikani sotish taqiqlangandan so'ng uning ekvivalenti sifatida boshqa nomdagi xapdorilar paydo bo'ldi. Ularning barchasini aniqlash va taqiq qilishning imkoni yo'q. Tramadolga ham ta`qib kuchaygach, odamlar boshqa og'riq qoldiruvchi dori vositalarini ko'proq dozada sinab ko'ra boshladi. Ko'z og'rig'ini qoldiruvchi ba`zi dorilarni burunga yo'naltirib, noto'g'ri maqsadlarda foydalanmoqda. To'g'ri, hozircha bu insonlarning soni ko'p emas. Ammo nazoratni yanada kuchaytirish maqsadga muvofiqdir.

Sanjar EShMURODOV,

«Mahalla»

2019 yil 7-14 mart, 13-son

«Mahalla» gazetasi

Boshqa xabarlar