HOKIM BUVA: “UNI QAChON AMALGA OShIRASIZ?”

124

Xalqimizda gapni gapir uqqanga, degan gap bor.
Kimningdir dardi borki, eshik qoqadi. Buni anglab, o'z mas`uliyatini teran his
etib murojaatga nisbatan vijdonan ish tutgan kishi, aslo kam bo'lmaydi. Lekin
buning aksi bo'lsa-chi? Kimdir sarson-sargardon, muammolar girdobida. “Zarafshon”
gazetasida chop etilgan maqolada qalamga olingan muammo bilan  Ishtixon tuman mutasaddilari ham bir tanishib qo'ysa
yomon bo'lmasdi, albatta.

Maqolani
to'liq quyida o'qing.

IShTIXONDAGI 15 YILLIK YeR MOJAROSI QAChON BARHAM TOPADI?

Xalqimizda “Hovli olma, qo'shni ol”, “Uzoqdagi qarindoshdan
yaqindagi qo'shni yaxshi”, degan naqllar bor. Ahil qo'shnichilik umrni uzaytiradi. Ammo
aksi bo'lsa, bundan yomoni yo'q. Ayniqsa, yer talashsang.

Ishtixon tumani O'zbekiston mahallasida yashovchi
Muazzam Saidova ko'p yillardan beri shu muammo girdobida yuribdi. Unga yechim izlab,
bormagan joyi qolmadi. Ammo natija yo'q. Nihoyat shu yilning 28 fevralida davlat
rahbari va viloyat hokimiga murojaat qilishga majbur bo'ldi.

Bir masalada 360
marta murojaat

M.Saidova 2004
yilda tumanning Bo'ronxo'ja qishlog'idagi 470-konturdan 10 ta yer uchastkasi bo'yicha
o'tkazilgan kimoshdi savdosida qatnashib, g'olib bo'lgan va bu haqda davlat
orderlarini olgan. Ammo dastlabki ajratilgan yo'l 12 metr kenglikda ularning
tomorqa maydoniga ko'chirilgach, auksionda berilgan 6 sotixli yer uchastkalari
kamayib ketgan. Bundan tashqari, shu konturda joylashgan ularga tegishli yer maydoni
tuman hokimligi tomonidan fuqarolarga uy-joy qurish uchun bo'lib berilgan. Bu
masalada 15 yildan buyon qilingan 360 dan ortiq murojaatlarning aksariyati yuqori
organlar tomonidan kelib o'rganish o'rniga aynan shikoyat qilingan tashkilotlarga
yuborilavergan, muammo esa yechimsiz qolavergan.

Shikoyat xatini
o'rganish uchun 7 mart kuni viloyat teleradiokompaniyasi xodimlari bilan birgalikda
Ishtixon tumaniga yo'l oldik. Ko'rsatilgan manzilga yetib borganimizda Muazzam
Saidovaning sog'lig'i yomonlashgani bois tez tibbiy yordam xodimlari muolaja
o'tkazayotgan ekan: M.Saidova insultga chalinib, 20 fevraldan 4 martgacha
kasalxonada davolangan, keyingi muolajalar esa uy sharoitida ko'rsatilmoqda. Shu
kuni qon bosimining tushib ketishi oqibatida shifokorlar chaqirilgan. M.Saidova
kasalxonada bo'lganligi bois uning nomidan qaynisi Isomiddin Saidov murojaat
yo'llagan.

– Tuman hokimining
2003 yil 27 martdagi 253-Q-sonli qarori bilan Ravot mahallasi Bo'ronxo'ja-1 qishlog'idagi
448-konturdan 12 ta va 470-konturdan 10 ta 6 sotixli 22 ta yer uchastkasini fuqarolarga
uy-joy qurish uchun kimoshdi savdosi orqali sotish e`lon qilindi, – deydi Isomiddin
Saidov. – 2004 yil 20 yanvarda o'tkazilgan savdolarda Sayfiddin Saidov, Mohira Bahodirova,
Dilsora Bozorova, Gulruh Saidova va men 470-konturdagi 2, 4, 6, 8, 10-sonli yer
maydonlari bo'yicha 92 ming so'mdan 105 ming so'mgacha pul to'lab, auksionda g'olib
bo'ldik. Bizga tuman hokimligi tomonidan davlat orderlari berildi. Kimoshdi
savdosida 448-konturdagi uchastkalar bo'yicha g'olib bo'lgan fuqarolar belgilangan
summani to'lay olmadi, shunday bo'lsa-da, yerni egallab oldi. Qo'shimchasiga biz yutib
olgan yerlarning ham katta qismini o'zlashtirishdi. Bunga barham berilishini so'rab
sudga murojaat qildik va bizning foydamizga qaror chiqarildi. Ammo 2010 yilga
kelibgina sud qarori qisman ijro etilib, yerga noqonuniy uy qurganlar o'z hisobidan
uyini buzib, yer uchastkalaridan chiqarildi. Shundan so'ng ular kimoshdi savdosiga qo'yilgan
er uchastkalari yonida joylashgan, otam Toji Saidovga tegishli qurilishi
tugallanmagan bino atrofidagi yer maydonlarini egallab olib, rasmiylashtirib
berishni talab qilishdi. Tuman hokimligi esa otamga qarashli bino atrofida
joylashgan yerlarni besh nafar fuqaroga uy-joy qurish uchun berib yubordi.

Aniqlanishicha,
I.Saidov aytgan qurilishi tugallanmagan bino – “Ishonch” hissadorlik jamiyatiga qarashli
sobiq gilam sexini T.Saidov 1997 yil 24 sentyabrda kimoshdi savdosi orqali 113
ming so'mga sotib olgan. Unga ko'chmas mulk
birjasi viloyat filiali tomonidan 73-sonli guvohnoma berilgan.

2000 yil 5 fevralda Ishtixon tuman inshootlar va yer
kadastri xizmati bo'limidan berilgan 0008725-raqamli guvohnomada Toji Saidovga qarashli
ma`muriy bino 0,72
gektar ekanligi belgilangan. 2000 yil 19 mayda esa
T.Saidov o'g'li I.Saidovga ushbu binoni hadya qiladi. Qurilishi tugallanmagan
ma`muriy bino yer uchastkalari kimoshdi savdosiga qo'yilgan 470-kontur bilan
tutashib ketgan.

Uy-joylar muammosini o'rganish uchun mahalla faollari,
tumandagi masalaga daxldor tashkilot rahbarlari va shu yerda yashovchi aholi bir
joyga jam bo'ldi.

– Biz yashayotgan yer uchastkasiga da`vo qilib I.Saidov sudga murojaat qildi, – deydi Muborak Xudoyorova. – To'rt yillik sudlashuvlardan so'ng biz uy qurgan yer uchastkasi D.Bozorovaga tegishli, deb topilgach, uyimizni buzib, tuman hokimi Sh.Negmatov ajratib bergan yer maydonida kichikrok uy qurdik. Bizga berilgan yer uchastkasi uchun hokim qarori bor, kadastr hujjatlari tayyorlangan. Ammo I.Saidov auksionda yutib olgan yer uchastkalarini kimlargadir sotib yuborib, bizning yerlarimizga da`vo qilib, tinch yashashga imkon bermayapti.

Mahalla raisi
nizolashuvchilar bilan faqat suhbatlashsa basmi?

Mahalla raisi Baxtiyor Botirovga bu masalani mahallada
bahamjihat, o'zaro kelishgan holda hal etish va qonuniy chorani hokimlikdan so'rash
mumkin edi-ku, deya yuzlandik. U qo'shnilarni murosaga keltirish uchun bir necha marta
suhbatlashgani, ammo nizoni bartaraf etishning imkoni bo'lmaganini bildirdi. Mahalla
raisining vakolati faqat suhbat o'tkazish emasku. Bo'ronxo'jada 15 yildan buyon bu
mojaro davom etmoqda. Agar xalq saylagan rais o'z hududidagi ahillik uchun ham bu
muammoga jiddiy yondashganida, masala yechimi yuzasidan tegishli tashkilotlar, mahalliy
hokimlikka murojaat etganida, qo'shnilar murosaga kelgan bo'larmidi?

Yangisini qurmasdan eskisini buzmang

Keling, endi muammo bilan yaqinroq tanishaylik.

Tuman hokimining 2016 yil 21 maydagi qarori bilan
470-konturdagi kimoshdi savdosida g'olib bo'lgan fuqarolar uchun ajratilgan yo'l 470
va 469-konturlar o'rtasiga ko'chirilgan. Uyning bir tomonidagi yo'lni boshqa
tomoniga o'tkazish bilan hokimning 687-Q-sonli qarori asosida yer uchastkalari
ajratilgan fuqarolarning ham yo'l masalasi hal etilgan. Ammo xaritada binoyidek
joylashtirilgan uylarning amalda har bir qatorida yo'l mavjud. Kimoshdi savdosida g'olib
bo'lgan I.Saidov esa 0,06
gektar bo'lgan yer uchastkalari belgilangan yo'l ko'chirilgani
bois uch sotixgacha kamayib ketganidan norozi.

– Kimoshdi savdosi orqali olingan uchastkalar uchun
birinchi chizmada o'rtadan yo'l qo'yilgan edi, – deydi tuman bosh arxitektori Ilhom Azimov. –
Keyinchalik narigi tomonda ham yo'l borligi uchun ko'pchilikning roziligi va aholiga
qulayligi hisobga olinib, boshqa tomonga ko'chirildi. Bunda hech kimning yeriga ziyon
etkazilmaydi. Yo'l uchun qancha yer maydoni olingan bo'lsa, eski yo'lning o'rni ular
tasarrufiga o'tadi va yer maydonlari belgilanganidan kam bo'lsa, ajratilgan yo'l qismidan
qo'shib 6 sotix qilib o'lchab beriladi.

Yo'l mahalla fuqarolar yig'inining xati va umumiy yig'ilish
bayoniga ko'ra tuman hokimining qaroriga asosan ko'chirilgan bo'lsa, o'sha paytning
o'zida kimoshdi savdosida 0,06 gektardan yer uchastkasi yutib olgan fuqarolarning kamayib
qolgan yer maydoni eski yo'l hisobidan va yangi ko'chirilgan yo'lning ortiqcha qismidan
to'g'rilab berilmaydimi? Yoki bunga ham tuman hokimi qaror chiqarishi shartmi?

I.Saidov eski yo'lni o'z tasarrufiga o'tkazishga qo'shnilari
qarshilik qilayotganini, har kim kimoshdi savdosida yutib olgan yer uchastkasida
yashashi kerakligini bildirmoqda.

Shu o'rinda bir faktga e`tibor qaratsak. I.Saidov bizga
kimoshdi savdosiga qo'yilgan yer uchastkalarining juft raqamlardagi beshta maydonni
yutib olganligi to'g'risidagi orderni ko'rsatdi. Ammo qurilgan uylarda birorta ham g'olib
bo'lgan fuqaro yashamayapti. Umuman, toq sonlardagi uchastkalarda yashayotganlar
orasidan yer uchastkasini kimoshdi savdosida yutib, order olganlarni topish mushkul
kechdi.

– Biz kimoshdi savdosiga qo'yilgan yer uchun pul to'ladik,
lekin qaysi konturdagi yerligini aniq bilmasdik, – deydi shu yerda 10 yildan buyon yashayotgan Suyar
Bobonazarov. – Auksionda qaysi uchastkani yutganimizni ham bilmagandik, keyinroq
order berildi.

Tuman hokimining 2008 yil 20 sentyabrdagi 687-Q-sonli qaroriga
asosan 0,72 gektar
erning 50 sotixi hokimlik hisobiga qaytarib olingan. Sud qarori bilan noqonuniy
egalik qilayotgan fuqarolar uy-joylaridan chiqarilgach, kimoshdi savdosida yer olgan
fuqarolarning yer maydoni nizoli holatga kelib qolganligi va nizoni hal etish maqsadida
tuman hokimining 2009 yil 24 martdagi 601-Q-sonli qaroriga asosan kimoshdi
savdosida yer olgan B.Abralov, O.Ikromov, O'.To'ychiev, M.Suyunov va Z.Abrolovga
0,06 gektardan yer maydoni ajratilgan.

Birinchidan, qarorda hokimlik hisobiga qaytarilgan
aynan qaysi konturdan yer uchastkasi ajratilishi ko'rsatilmagan.

Ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 30
dekabrdagi 272-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan yer uchastkalari faqat
auksion orqali sotilishi belgilangan.

Uchinchidan, 0,72 gektar yer maydoni qurilishi
tugallanmagan binoni Toji Saidov qonuniy asosda sotib olgan bo'lsa va bino unga
tegishli ekanligini tasdiqlovchi kadastr idorasining guvohnomasi bo'lsa, tuman hokimligi
nimaga asosan binoga qarashli yer maydonining bir qismini zaxirasiga oldi?

– Haqiqatan
ham I.Saidovga qarashli binoning atrofida yer maydoni bo'lgan, lekin huquqiy
tomondan bu yer unga tegishli emas, ya`ni tuman hokimining qarori bo'lmagan, – deydi tuman yer resurslari va davlat kadastri bo'limi
boshlig'i Husniddin Ostonov. – Shuning uchun bu yer maydoni tuman hokimligining
zaxiradagi yeri hisoblangan va nizoga barham berish uchun uyi buzilgan oilalar shu
erga ko'chirilgan. Hozir ham ma`muriy binoning atrofida 22 sotix yer qolyapti.
Lekin haliyam bu yerga egalik qilishga I.Saidovning huquqi yo'q. Chunki yerga bo'lgan huquq
tuman hokimi tomonidan belgilanadi. Kimoshdi savdosi, notarial, hadya, oldi-sotdi
shartnomalar orqali faqat mulkka nisbatan bitim tuzilib huquq belgilanadi,
xolos. Lekin I.Saidov yer va mulkni yutib olganidan so'ng tuman hokimligiga bu hujjatlarni
taqdim etmagan va hokimning qarorini chiqartirmagan. T.Saidov va uning o'g'li
I.Saidov o'rtasidagi hadya shartnomasiga ko'ra umumiy maydoni 315,7 kvadrat metr,
foydalanish maydoni 263,7 kvadrat metr bo'lgan bino hadya qilingan. Bu shartnomada
uning atrofidagi yerga huquq berilmagan.

Shaxmat o'yinida raqibga kutilmagan kombinasiyalar qilinadi
va uning oddiy piyodasini olsangiz u sizning kattaroq donangizni olish bilan
birga boshqa joyingizni “qamal” qiladi. Bu yerda ham shunga o'xshash holat
kuzatilgan. I.Saidov auksion orqali qonuniy yutib olgan yer uchastkalarini sud orqali
qaytarib olgach, tuman hokimligi uysiz qolgan fuqarolarni I.Saidovga tegishli
bo'lgan ma`muriy bino atrofidagi maydonga joylashtirgan. Lekin bunday holat uchun qonunlarda
nima deyilgan?

O'zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 22-moddasida
“Korxonaga, binoga, inshootga yoki boshqa ko'chmas mol-mulkka bo'lgan mulk huquqi,
xo'jalik yuritish huquqi yoki operativ boshqarish huquqi boshqa shaxsga o'tgan taqdirda,
ushbu ob`ektlar bilan birgalikda mazkur ob`ektlar joylashgan hamda ulardan foydalanish
uchun zarur bo'lgan yer uchastkasiga egalik qilish va undan doimiy foydalanish huquqi
ham o'tadi…

Korxona, bino, inshoot yoki boshqa ko'chmas mol-mulk joylashgan yer uchastkasiga egalik qilish va undan doimiy foydalanish huquqining boshqa shaxsga o'tishi mulkdorlarning yoki ular vakolat bergan organlar hamda shaxslarning tegishli shartnomalari, qarorlari asosida tuman, shahar yer-kadastr daftariga yerning yangi egasi yoki yerdan yangi foydalanuvchi to'g'risidagi ma`lumotlarni kiritish va ularga yer uchastkasiga doimiy egalik qilish, undan doimiy foydalanish yoki yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini davlat ro'yxatiga olish to'g'risidagi guvohnomani topshirish yo'li bilan rasmiylashtiriladi”, deyilgan.

– To'g'ri, shu moddaga asosan yer bir shaxsdan ikkinchi
shaxsga o'tadi, – deydi H.Ostonov. – Faqat avvalgi egasiga huquq belgilangan bo'lsa, bino
oldi-sotdi qilinganda bino bilan birgalikda yer ham yangi egasiga o'tadi. Lekin bu
er avvalgi egasiga ham huquqiy asosda tegishli bo'lmay, faqat bino tegishli
bo'lgan. Bu ham bo'lsa, 2014 yilgacha I.Saidov tomonidan binoga bo'lgan huquq
ro'yxatdan o'tkazilmasdan kelgan, sud jarayonida kamchilik aniqlanib, mutaxassis
tomonidan tushuntirib berilgandan so'ng binoga bo'lgan huquqni ro'yxatdan o'tkazishga
ariza bergan. Ammo bino atrofidagi yer maydoniga bo'lgan huquqni ro'yxatdan
o'tkazish uchun hozirgacha tuman hokimiga ariza bilan murojaat qilmagan.

Unda tuman kadastr xizmati idorasi tomonidan Toji
Saidovga tegishli ma`muriy binoning 0,72 gektar ekanligini tasdiqlovchi 2000 yil
5 fevraldagi yer uchastkasiga bo'lgan huquqning davlat ro'yxatiga olinganligi to'g'risidagi
guvohnoma nimaga asosan berilgan?

Kadastr xizmati o'z hujjatini tan olmaydimi?

– Bu guvohnomada oldi-sotdi shartnomasiga asosan,
deyilgan, shuning uchun tuman kadastr idorasining o'sha paytdagi mutaxassislari
xatolikka yo'l qo'ygan, – deydi H.Ostonov.
– 0,72 gektar yerga birjaning oldi-sotdi shartnomasi asos qilib guvohnoma
berilgan, bu guvohnoma sud tomonidan inobatga olinmagan. Chunki shartnomada yer
uchastkasi kiritilmagan holda faqat binoga nisbatan tuzilgan bitim tasdiqlangan.

Agar maydonning o'rtasida joylashgan ma`muriy bino
atrofidagi yer unga tegishli bo'lmasa mulk egasi o'z binosiga qaerdan kiradi? Bu savol ham javobsiz qoldi.

Yana bir hujjatga
ko'ra, 2000 yilda tuman hokimligi va T.Saidov o'rtasida binodan foydalanish bo'yicha
ijara shartnomasi tuzilgan, lekin biror joyda oshkor etilmagan bu hujjatda
foydalanuvchilarning imzosi ham, xabari ham yo'q.

Xullas, savollar ko'p, aniq javob yo'q.  Xo'sh, bu masalaning yechimi bormi, qo'shnilar nizosi qachon
yakun topadi? 

Tuman hokimligiga aytar so'zimiz

Aslida bu
mahalliy hokimlik va tumandagi tegishli tashkilotlar tomonidan o'zaro hal
etiladigan masala. Lekin shikoyat xatini o'rganishga borganimizda tuman hokimligidan
biror mas`ul kelmadi, hatto ular bilan telefon orqali bog'lanishning imkoni
bo'lmadi.

Tuman hokimligi shu hududning egasi. Lekin fuqarolar tuman hokimligi, tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o'rtasida yillar davomida sarson. Ko'tarilayotgan masalaning yechimi esa tuman hokimligiga borib taqalmoqda. Lekin hokimlik bu mavzuga bee`tibor bo'lmoqda. Agar fuqaro vaqtida ariza berish kerak ekanligini bilmasa yoki unutgan bo'lsa, unga tumandagi tegishli tashkilotlar, hokimlik mas`ullari bu haqda ogohlantirishi, tartib qoidalarini eslatishi, shunda ham ariza berilmasa keyin yerni zaxiraga olishi kerakmasmidi?

Tuman hokimligi
va kadastr xizmati rahbariga “Baraka topkurlar, shu “savobli” tushuntirishni
oldinroq qilsangiz bo'lmasmidi?” degandan ko'ra, «Uni qachon amalga oshirasiz?»,
deb savol bermoqchimiz.

O'ktam XUDOYBERDIEV,

«Zarafshon»ning maxsus muxbiri

2019
yil 20 mart, 35-36-sonlar

“Zarafshon”
gazetasi

Boshqa xabarlar