BU XABAR MENGA KERAKMI, UNI KIM TARQATYaPTI?

185


Bugungi kunda hayotimizni ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur qilish qiyin.Biron bir ma`lumotni topish, yangiliklardan xabardor bo'lish uchun darrov internetga ulanamiz. Ijtimoiy tarmoqlarning muloqot maydoni kengligi, axborot almashish tezligi va boshqa qator qulay jihatlari juda ko'p, shuningdek, salbiy tomonlari ham talaygina. Undan kim nima maqsadda foydalanadi? Asosiy savol ana shunda. Jurnalist Sa`dullo Tursunovning maqolasida soha mutaxassislarining shu haqdagi fikrlari bilan tanishasiz.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

GLOBAL KENGLIK

yoxud ijtimoiy tarmoqlarning vazifasi odamlarni ayirmoq…mi?!

Facebook orqali 17 daqiqalik jonli efir

O'tgan hafta Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi ikki masjidga bir guruh buzg'unchi kimsalar tomonidan qilingan hujum oqibatida ko'plab musulmonlar halok bo'lgani butun dunyo diqqat markazida turibdi.  Mamlakat bosh vaziri Jasinda Ardern milliy televidenie orqali chiqish qilib, ushbu hunrezlik Yangi Zelandiya tarixidagi eng qorong'u kunlardan biriga aylanganini ta`kidlab, mazkur qabihlik “shafqatsizlikning o'ta dahshatli ko'rinishi”, deb atagan.

O'sha kunlari kriket bo'yicha Bangladesh terma jamoasi a`zolari ham ushbu mamlakatda bo'lgan. Ular baxtli tasodif bilangina omon qolishgan. E`tiborlisi, otishma vaqtida sportchilarni masjiddan bor-yo'g'i 50 metr masofa ajratib turgan.

Xunrezlik tashkilotchisi avstraliyalik 28 yoshli Brenton Tarrant Al-Nur masjidiga amalga oshirilgan hujumni ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, Facebook orqali jonli translyasiya qilib, 17 daqiqa davomida jonli efirga uzutgani — inson zotiga yarashmagan harakatdir. Afsuski, global tarmoqlar bu kabi manfur kimsalarning qo'poruvchilik harakatlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish va uni butun dunyoga tezkorlik bilan namoyish etish, orqali odamlar ko'ngliga vahima va g'ulg'ula solish imkonini ham bermoqda.

Bas, jim bo'l! Sen yolg'onchisan!

Ijtimoiy tarmoqlarning qulayliklarining sanab adog'iga etish qiyin.  Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Afsuski, istagan odam istagan odamini ushbu tarmoqlar orqali haqorat qilishi, masofadan turib, turli bo'htonlar yog'dirishi, qolaversa, shunchaki o'zining shaxsiy fikrini bildirganlarni noto'g'ri talqin etib malomatga qoldirishi odatiy holga aylandi. Virtual olamddagi biror mavzuga bildirilgan munosabat, mulohaza ortidan jamiyatdagi odamlar ikkiga bo'linib, bir-birlariga bor qahr-g'azablarini sochishga urinmoqdalar. Birovning fikriga nisbatan toqatsizlik, ba`zi “dindor”lar tomonidan bilib-bilmay insonlarni kofirga chiqarish, “Bas, jim bo'l! Senga kim qo'yibdi gapirishni?! Sen yolg'onchisan! Mening gaplarim haq” kabi bo'lar-bo'lmas iddaolarni aytish avjiga chiqdi. E`tiborlisi, ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilgan biror fikr (u xoh to'g'ri yoki noto'g'ri bo'lsin) orqali butun boshli ommaning kayfiyatiga ta`sir qilish mumkin bo'lib qoldi. Jumladan, so'nggi haftalarda Facebookda diniy va vijdon erkinligi bilan bog'liq masalalar yuzasidan bo'lgan tortishuvlar, kelishmovchiliklar va buning ortidan kelib chiqqan turli tushunmovchiliklar yuqoridagi so'zlarimizga isbot bo'la oladi. Bu salbiy holatlar esa turgan gapki, tashqaridagi tinch va osuda hayotimizni ko'ra olmayotgan, xalqimizning har bir quvonchli kunini iztirob bilan qabul qiladigan insonlar tegirmoniga suv quymoqda.

“Oynani yopish” — yechim emas

Taniqli hind siyosiy arbobi Maxatma Gandining shunday so'zlari bor: “Men uyimning deraza va eshiklarini mahkam berkitib o'tira olmayman. Chunki unga toza havo kirib turishi kerak. Va shuning barobarida eshik va derazalarimdan kirayotgan havo dovul bo'lib, xonadonimni ag'dar-to'ntar qilib, o'zimni yiqitib tashlashini ham xohlamayman”.

E`tiborlisi, ancha yil avval yangragan bu so'zlar hali ham o'z dolzarbligini yo'qotgan emas. Darhaqiqat, bugun o'zimizni tashqi xavf-xatarlardan himoya qilish uchun siyosatchi aytganidek “oyna”ni yopib qo'ya olmaymiz. Agar shunday qilsak, zarur bo'lgan “toza havo”dan butkul mahrum bo'lamiz. Xo'sh, unda nima qilmoq kerak?

– Tan olish lozim, oxirgi vaqtlarda milliardlab foydalanuvchilarga ega bo'lgan ijtimoiy tarmoqlardan millatlarni yo'q qilish, voyaga yetayotgan yosh avlodni asriy an`analaridan voz kechib, keng ta`sir doirasiga ega zararli oqimlar o'zaniga tortish, kishilarni ma`naviyati va shaxsiyatiga qaqshatqich zarba berish maqsadida foydalanilayotgani barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda, — deydi Janubiy Koreyaning Yonsey universiteti magistranti Shuhrat SATTOROV. — Qolaversa, hukumat faoliyati xususida ig'vo tarqatish, siyosiy shaxslar va mansabdorlarning nufuziga salbiy ta`sir yetkazuvchi materiallar tayyorlash hamda ularni internetda ommalashtirish urfga aylanmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda biror masala ustida tortishib qolgan insonlar o'ziga tarafdor to'plash, fitna tarqatish va oxir-oqibat jamiyatda keskin qarama-qarshiliklarning kelib chiqishiga sababchi bo'layotgani achinarli xol. Uzoqqa bormaylik, yaqin 5-6 yil avval Yevropa va Afrikaning ba`zi mamlakatlaridagi turli rangdagi inqiloblar, ommaviy tartibsizliklar ham aynan internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali harakatga keltirilgan. Shu o'rinda haqli savol tug'iladi: bu kabi salbiy targ'ibotlardan, g'araz niyatli insonlarning tuzog'idan yurtdoshlarimizni qanday himoya qilish mumkin? Muammoning yechimi sifatida eng avvalo, diniy idora va diniy ulamolarning ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalarini tashkil qilish va muntazam yuritish, yurtimizda ro'yxatdan o'tgan masjidlarning internetdagi sahifalari orqali dinni va diniy g'oyalarni to'g'ri targ'ib qilish darkor. Bundan tashqari, ota-ona va farzand o'rtasidagi muloqotni mustahkamlash, yoshlarning internetdagi faoliyatini nazorat qilish hamda vaqtlarini mazmunli o'tkazishlariga xizmat qiladigan milliy kontentni kengaytirish, eng asosiysi, global tarmoqdan foydalanish, ma`lumot va axborotni qayta ishlash va tarqatish, messenjer va ijtimoiy tarmoqlarning yurtimizdagi faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha qonunchilik, me`yoriy-huquqiy asosni kuchaytirish lozim.

Muammo aniq, ammo yechim…

– Ijtimoiy tarmoqlar nafaqat o'zaro muloqot vositasi, balki boshqaruv, axborot almashish, tadbirkorlik yuritish, fikr va tajriba almashishda ham qo'l kelmoqda, – deydi taniqli bloger Sanjar RUSTAMOV. – Ammo shu o'rinda global tarmoqlardan kelayotgan xavf-xatarlarni ham e`tibordan chetda qoldirish yaramaydi. Jumladan, undagi kiberbulling, soxta xabarlar (fake news), trolling, fishing (kiber firibgarlik), xakerlik, intellektual mulk o'g'irligi va boshqa tahdidlar mavjudligini unutmaslik lozim. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar terrorchi va buzg'unchi kimsalar, xakerlar, sanoat josuslari, firibgarlar, o'g'ri va bosqinchilar, odam savdogarlari, uyushgan jinoyatchilar va boshqalarning ham muloqot va jinoyat quroli bo'lib qolmoqda. Shunday ekan, hukumat tomonidan bu borada tegishli choralar amalga oshirilishi lozim.

Ta`kidlash joizki, turli media vositalari orqali ijtimoiy tarmoqlarni qoralash, yomonotliq qilish yoki ularni cheklash va taqiqlashga chaqirish mutlaqo noto'g'ri. Aksincha, ijtimoiy tarmoq va mobil messenjerlardan to'g'ri foydalanish, kibertahdidlardan himoyalanish yo'llarini taklif qilish maqsadga muvofiq. Chunki, ming taqiqlagan yoki yomonlagan bilan odamlar internetdan voz kechmaydi. Qolaversa, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda bunday tamoqlarga ehtiyoj juda kuchli.

Xulosa o'rnida

Ta`lim muassasalarida kibersavodxonlik darslarini yo'lga qo'yish orqali farzandlarimizga bolalikdan ijtimoiy tarmoqlardan to'g'ri, maqsadli va me`yorida foydalanish ilmini o'rgatish muammoga qarshi kurashishda katta samara beradi. O'quvchilar ongida axborotlarni qabul qilish, saralash, tahlil qilish va to'g'ri xulosa chiqarish ko'nikmasi shakllantirilishi lozim. Yoshlarimiz duch kelgan axborotni “iste`mol” qilib ketavermaslik joiz. Bunday xabarlar ta`siriga tushib qolish emas, balki zararli ma`lumotlarga nisbatan tanqidiy munosabatda bo'lish, xabarlar manbasi bilan qiziqish, to'g'ri yoki noto'g'ri ekanini tekshirish, tahlil qilishni o'rganishlari zarur. Farzandlarimiz ongida har qanday axborot qarshisida “Bu xabar menga kerakmi, uni kim tarqatyapti?”, “Menga uning qizig'i bormi, ortida qanday maqsad, kimlarning manfaatlari bor?”, degan savollar uyg'onishi lozim.

Biz internet va ijtimoiy tarmoqlarni yaxshi yoki yomon deyish fikridan mutlaqo yiroqmiz. Maqsadimiz unib-o'sib kelayotgan farzandlarimizni to'g'ri yashashga, ularni yurtga sadoqat, ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga, erkin fikrli shaxs bo'lishga chaqirmoqchimiz, xolos. Qolgan xulosalar o'zingizga havola.

Sa`dullo TURSUNOV,

jurnalist

2019 yil 22-28 mart, 15-son

«Mahalla» gazetasi

Boshqa xabarlar