ZULFIYa MUKOFOTI: JARAYoN ADOLATLI O'TDI, AMMO NATIJALAR…

306


Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti haqqoniy o'tmasligi haqidagi mish-mishlarni eshitib, menda ham shunday taassurot singib qolgandi. Mish-mish nomi bilan mish-mish-da. O'zing ko'rib bilmaguningcha aniq xulosa aytish qiyin. Bilasiz, o'tgan yilda mukofot nizomida o'zgarishlar bo'ldi. Jumladan, endi yosh qizchalardan tashqari, 30 yoshgacha bo'lgan ayollar ham mukofotga xujjat topshirish imkoniyatiga ega bo'ldi.

O'ttiz yoshimda adabiyotda erishgan ozmi-ko'pmi yutuqlarimga nazar solib, ehtimolki, arzirman, deb o'ylagan va endi adolatli bo'ladi, degan ishonchda xujjat topshirdim. Toshkent shahridan adabiyot yo'nalishi bo'yicha ishtirok etdim. Tan olaman, jarayon adolatli o'tdi!

Shahardagi bellashuvda hech qanday tanish-bilishchilik bo'lmagani, hamma qizlar to'g'ri baholanganini ko'rib, ishonchim yanada oshdi. Respublika bosqichida ham ijodimni yuqori baholashdi. Xullas, adolatsizlik ko'rmadim. Bir oy javoblarni kutdik. Mana, mukofotlanganlar ro'yxati ham e`lon qilindi. Lekin natija nega baholash tizimiga mos kelmadi? Agarki, yo'nalishga qarab emas, hudud bo'yicha saralashar ekan, nega men Toshkentdan topshirgan boshqa yo'nalishdagi qizlar bilan bellashmadim? Shunda jarayon ochiq o'tgan bo'lardi.

Toshkentdan mukofot olgan qizlar faoliyati bilan ham tanish emasman. Sababi shu: biz hudud bo'yicha yig'ilib hakamlar oldida birgalikda baholanmadik. Menga qolsa, respublika bosqichida hakamlar OAV ishtirokida qizlarni shartlar bo'yicha sinab o'sha zahoti balini e`lon qilsin va yuqori o'rinlar g'olib deb topilsin.  Nomzod qizlarning aksariyatini taniyman. Surxondan ilg'or adiba Aliya Temuriyzoda, Farg'onaning oldi shoirasi Shohsanam Nishonova, Namanganlik olima va ijodkor qiz Manzura Abdullaevalar mukofotlanishiga ishochim komil edi, lekin birortasiga ham nasib qilmadi.  Yosh ijodkorlarning deyarli hammasini o'qib kuzatib boraman, achinarlisi, adabiyotdan g'olib bo'lgan qizlarning ismini biror marta eshitmaganman. O'zi nomzodlarning yozgan she`r va hikoyalari o'qib ko'riladimi? Saviyaga qaraladimi, boshqalar bilan solishtiriladimi? Yoki faqat diplom, faxriy yorliq, sertifikatlar ro'yxati uzun bo'lsa yetarlimi? G'olib bo'lganlar faoliyati bilan tanishtiruv bo'yicha maqola yozilsa ayni muddao bo'lardi.

Mukofotlanganlarning 28 tasidan 24 tasi maktab, kollej, lisey, internat o'quvchilari va oliygoh talabalaridan iborat. Oliygohni tamomlab, ko'p yillardan buyon ishlab mehnat qilayotgan, oilali, bir necha farzandli 30 yoshgacha bo'lgan ayollarning ko'pchiligi e`tibordan yana chetda qoldi. Faqat bittagina 30 yoshli o'qituvchiga berilibdi. Toshkent shahridan bu yil ham adabiyot yo'nalishiga mukofot berilmadi. Nafaqat bu yil, balki ko'p yillardan beri berilmayapti. Nega? Zulfiyaxonimning adabiyotga aloqasi yo'qmi? Ko'p hollarda ijodkorlar sportchiyu xonanda, kulolu sozandalarning soyasida qolib ketadi. Tepadagilar buni shunday izohlashi mumkin: chunki ularning yutuqlari ko'p. Albatta, ko'p bo'ladi-da… Sportchilar turli chempionatlarda har yili ishtirok etishadi, chet ellarga borib medallar olishadi, ularda bu borada imkoniyatlar ko'p. Ijod ahlida-chi? Biror adibaning chempionatlarda yurganini, medallar olganini ko'rganmisiz? Bizda adabiy tanlovlar deyarli yo'q. U faqat ijod qiladi! Uzoq mehnatlardan so'ng kitobi chiqadi. Festivallar, gastrollar, tomoshalar, ko'rgazmalar uyushtirmaydi. Kerak bo'lsa, menga o'xshab uydan chiqmay kitob yozadi. O'zbekistonda ijodkor qizlar uchun faqat Zulfiya mukofoti ta`sis etilgan. San`atkorlarga “Nihol” bor, sportchilarga O'zbekiston, Osiyo, Jahon chempionatlari borki, shular bilan ham tan olinsalar bo'ladi. Nima demoqchiman, Zulfiya mukofotida avvalo, nazm, nasr, tarjima yo'nalishida faol qalam tebratayotgan qiz-ayollar ko'zda tutilsa. Axir Zulfiyaxonim dilbar she`rlari, puxta tarjimalari, nasrda ham badialari bilan nom qoldirgan-ku… Masalan deylik, Iroda To'laganova mukofoti ta`sis etilsayu, unda birinchilardan bo'lib shoiralar g'olib bo'lsa, Tamaraxonim mukofotida nosirlar bellashsa, g'alati ko'rinmaydimi?

Bu yozganlarim bilan mukofot menga berilishi kerak edi, degan iddaodan yiroqman. O'ttiz yoshga to'ldim, bu birinchi va oxirgi ishtirokim bo'ldi. Ko'plar qatori azbaroyi o'qishga kirish uchun topshirganim yo'q, mukofot puliga ham muhtoj emasman, tadbirlarda “Zulfiyachi qiz” bo'lib to'rda o'tirishni esa umuman istamayman, shuhratga o'ch emasman, uyda ijod qilaman, ozmi ko'pmi, muxlislar orttirdim, shuning o'zi menga yetarli. Faqat bizdan keyingi qizlarning ishonchini o'ldirmaylik!

Nasrdagi yosh singil-shogirdlarimning shu kunlarda “agar sizga berilmagan bo'lsa, biz ham topshirishdan umidimizni uzdik”, deb ko'ngillarida ishonchsizlik urug'i sepilayotganidan afsusdaman. Yoshlarning ko'ngli shundayki, qarshisida nohaqliklar uchrasa, sinib qoladi. Zulfiya mukofotiga erisholmagan ko'plab qizlar ijoddan ketganini eshitganman. Lekin aksini qilish kerak: ijodni yuksaltirib, mukofotlanganlardan yaxshiroq ekaningizni isbotlang! To'g'ri, Zulfiya mukofotini haqli olgan ijodkorlarni ham taniyman, ammo ular juda ozchilikni tashkil etadi.

Qizlar, ayni o'qiydigan, ilm oladigan, ijod qiladigan pallangizda mukofotlar haqidagi xayollar bilan chalg'imang. 14 yoshidan beri 6-7 yildirki, vaqtini zoe qilib mukofotga topshiradigan qizlarni ko'rib, achindim. Ularning maqsadi nima? Oliygohda grand asosida o'qishmi? Menga qolsa, bu imtiyoz olib tashlansa, topshiruvchilar soni teng yarimga qisqarardi. Hamma qatori shu sarflangan yillarni hujjat yig'ib ketkazgandan ko'ra ta`limga ajratsalar edi, allaqachon talaba bo'lardilar. Kuzdan bahorgacha davom etadigan ovoragarchiliklar, xarajatlar, kutishlar, ko'z yoshlar sof ko'nglingizni og'ritib qo'yishi mumkin. Sizga oliy mukofot – xalq mehri va ishonchi! So'zim yakunida, shu vaqtgacha mukofotlanmagan, ammo iqtidorli va iste`dodli qizlarga qalamingizni qo'ymang, So'z bilan ko'ngillarni zabt etishda davom eting, deb qolaman.

Nodirabegim IBROHIMOVA,

ijodkor, jurnalist.

Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga nomzod bo'lgan muallif haqida

Nodirabegim Ibrohimova 1989 yil 18 iyulda Farg'ona viloyatida tug'ilgan. 2007-2011 yillarda O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida tahsil olgan. Nasr, publisistika va tarjima yo'nalishida ijod qiladi.

Qisqa hikoyalari 2016 yilda ingliz tilida Hindistonning “Episteme” hamda AQShning “Setu” jurnalida e`lon qilingan. Yozuvchilar uyushmasining 2016 yilgi “Iste`dod maktabi” VIII yosh ijodkorlar seminari qatnashchisi. Ijod fondi tomonidan 2017 yilda “Yoningdagi baxt” hikoyalar to'plami 10 ming nusxada chop etilgan. Uchta nasriy va uchta tarjima kitoblari nashrdan chiqqan. 

2017 yilda Shvesiya davlatida o'tkazilgan “Evropa ochiq adabiyot festivali va kitob forumi”da O'zbekistondan chiqqan finalchilar qatoridan joy olgan. 2017 yil so'nggida Yoshlar ittifoqi mukofotining nasr yo'nalishi bo'yicha “Yilning eng yaxshi yosh ijodkori” yo'nalishida g'olib bo'lgan.

2018 yilda “Amarantus” adabiy agentligi tomonidan o'tkazilgan tanlovda “Eng yaxshi tarjima” nominasiyasida 1-o'rinni egalllagan. 2010 yildan hozirga qadar «Bekajon» gazetasida muxbir lavozimida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi qoshida ochilgan “Umid” nomli nasr to'garagini yuritmoqda. Oilali, uch farzandi bor.

Boshqa xabarlar