Mahallaning yetakchisi kim?

130

Termiz shahrida bo'lib o'tgan fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini o'tkazishga bag'ishlangan seminarda Oliy Majlis a`zolari, xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining fuqarolar yig'inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini o'tkazishga ko'maklashuvchi komissiyasi va ishchi guruhlar, «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo'limi boshqaruvi vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirib borishda mahalla institutining ahamiyati tobora yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Fuqarolarimizning milliy qadriyatlarimizga asoslangan o'z-o'zini boshqarishdek bu noyob tizimi bugun davlat hokimiyati organlari vakolatidagi bir qator vazifalarni muvaffaqiyat bilan bajarib kelmoqda.
Seminar qatnashchilari jamiyatimiz hayotidagi islohotlar ahamiyatini ta`kidlash barobarida yutuqlarni yanada mustahkamlash, saylov davomida mahalla raisligi va uning maslahatchilari lavozimiga bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan o'zgarishlar va islohotlarni teran idrok etadigan, odamlarni izidan ergashtira oladigan bilimli, tashabbuskor nomzodlarni saylash xususida fikr yuritishdi.
– Viloyatimizda 717 ta mahalla fuqarolar yig'inlari faoliyat ko'rsatmoqda, – deydi «Mahalla» xayriya jamoat fondi boshqaruvi rai­­si Ro'zimurod Avazov. – Fuqarolarimiz o'z yig'inlari bilan baqamti ishlashga o'rganib qoldilar. Bu yig'inlarning saylanadigan raislariga yanada mas`uliyat yuklaydi. Shuning uchun joylarda saylovlarning huquqiy va tashkiliy asoslari xususida hamda saylov o'tkazishdagi o'zgarishlar xususida tushuntirish ishlari o'tkazishga e`tibor qaratilmoqda.
Seminarda ishchi guruhlarining vazifalari, bo'lib o'tadigan saylovda oshkoralik va xolislikni ta`minlash masalalariga ham atroflicha to'xtab o'tildi.

Rustam DAVLATOV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar