Yulduzlar yolg'on so'zlamaydi

130

(hikoya)

To'g'risini aytsam, haftalik gazetalarda chop
etiladigan “Yulduzlar bashorati”ni o'qishni xush ko'raman. Chunki ko'pincha samo yoritqichlarining
karomatlari to'ppa-to'g'ri chiqadi. Ba`zi bashoratlar oz-moz haqiqatga chamalashsa, qolganini
o'zim to'g'rilab yuboraveraman.

Kechagi yakshanba kuni gazet do'konining oldidan to'xtamay o'tib ketmoqchi edim,
lekin oynaga qistirib qo'yilgan haftalik gazetaga ko'zim tushib, beixtiyor ortimga
burilganimni o'zim ham sezmay qoldim. Olib ko'ray-chi, yulduzlar bashoratida xotinim
bilan arazlashib yurganim haqida yozilganmikin?

Sadag'asi ketay, sinchkov yulduzlar shundan ham bexabar qolishmabdi! 

«…Umr yo'ldoshingiz bilan orangizdagi gina-kudurat seshanba kuni barham
topadi. Albatta, buning uchun o'zingiz ham harakat qilishingiz kerak. Chorshanba
kuni mo'may daromadga ega bo'lasiz. Shanba-yakshanba kunlari esa sizni maroqli sayohat
kutib turibdi…»

Yulduzlarning yoqimli bashoratidan kayfiyatim chog' bo'lib uyga qaytdim. Kela
solib, xotinimning qosh-qovog'iga qaradim. Yo'q, hali arazi tarqamabdi. Qaytanga qoshlari
battar chimirilgan. Mayli, hozircha noz-firoq qilavering, xonim, seshanba kelsa
ko'ramiz ahvolingizni, dedim o'zimcha. 

Ertalab dasturxon boshida xotinim kunchiqarga, men qiblaga qarab choy ichdik,
aftidan unga uncha-muncha yulduzning kuchi yetmaydiganga o'xshaydi. Shu payt birdan
bashoratdagi maslahat yodimga tushib qoldi. Axir, unda “umr yo'ldoshingiz bilan
murosaga kelish uchun o'zingiz ham harakat qilishingiz kerak”, deyilgan edi-ku!

Nima qilsam ekan-a? Qanday gap aytsam
buning qovog'i ochiladi? Uylanmasdan burungiday “jonim-asalim” deb xushomad qilishga
bolalardan uyalaman. Tavakkal, deya gazetaning oxirgi sahifasida bosilgan
“Foydali maslahatlar”dan gap ochdim.

— Odam ertalab choy o'rniga bir kosa sut ichsa, kun bo'yi ichagiga yopishgan zaharli
moddalarni yuvib yuborarkan.

— Men sizga o'xshab kunda kunora “zahar” ichib yurganim yo'q! — deya xotinim qo'lidagi
kosani stolga do'q etib qo'yib, o'rnidan turib ketdi. 

Ana xolos! Qosh qo'yaman, deb ko'z chiqardim, shekilli. Bu
deyman, osmondagi yulduzlar ham yerdagi folbinlarga o'xshab yolg'onga usta bo'lib
ketgan, shekilli. 
Nihoyat, orziqib kutilgan seshanba ham yetib keldi. Umr yo'ldoshimning diydasi
yumshaydigan kun! Tushlik payti uyga go'yo qanot bog'lab uchib keldim. Xotinim g'amxo'r
yulduzlarning xayrli ta`siriga tushib, kaminani gul-gul yashnab kutib olishiga
ishonchim komil edi. Ammo u ostonada menga ko'zi tushishi bilan labini burib
ichkariga kirib ketdi. Tushlik ham uncha tatimadi. Chunki men ovqatlanib bo'lgunimcha
xotinboy dasturxonga yaqin yo'lamadi. Chiqmagan jondan umid deya kech tushishini
kutdim. 

Oqshom tim-tirs o'tirib gurtik* yedik. Xonada
faqatgina lablarimizning shapillagan tovushi eshitiladi, xolos. Er-xotin tumshayib
o'tirganimiz uchun bolalar ham bir narsa deyishga botinolmaydi. Ortiq chidolmadim.
Murosaning yo'lini topishim kerak, axir. 

— Xudo xohlasa, ertaga mo'maygina daromadning isi kelib turibdi, — dedim
iljayib. — Bozorda tuzukroq mato bo'lsa, o'zingga ikki ko'ylaklik olib,
tiktirsang-chi? 

— Birov sizga ko'ylak olib bering, dedimi?
Xudoga shukr, yalang'och o'tirganim yo'q. Kafan kerak bo'lsa, qizlarim ham olib
beradi, — deb xotinim qo'lini sochiqqa artib, o'rnidan turib ketdi.

Bu zamonning yulduzlari “xalturalashib” ketibdi, dedim ichimda g'ijinib. Xotin
bilan murosamiz kelishmagan bo'lsa-da, ertangi mo'may daromad haqidagi shirin
orzular bilan to'shakka yotdim. Tuni bilan qo'limga qancha pul tushishi mumkinligiyu
uni nimalarga sarflash haqida bosh qotirdim. Lekin g'oyibdan kelajak aqchaning aniq
miqdorini bilmagandan keyin uni qaerga sarflashni chamalash ham qiyin ekan. Nima
bo'lganda ham o'sha pulning kattagina qismini xotinga baxshida etishga qaror qildim.
Egniga palto, oyog'iga etik, boshiga yaxshi bir ro'mol olib
beraman. Boya ikki ko'ylaklik matoni eshitib bekorga achchiqlanmadi. O'zim ham juda
baxil bo'lib ketibman, shekilli.

Ertasi kuni ishxonada tushga dovur eshikka umid bilan ko'z tikib o'tirdim. Lekin
hech kim hech narsa keltirib bermadi. Aslida, mo'may daromad qaerdan kelishini o'zim
ham bilmayman. Birontasiga berib qo'ygan omonatim ham, biron yerdan keladigan
pulning daragi ham yo'q. Shunday bo'lsa-da, mo'may daromaddan ko'ngil uzganim yo'q.
“Yulduzlar yolg'on so'zlamaydi. Kutilmagan bir joydan mo'l-ko'l foyda kelib qolsa ham
hech gap emas”, degan yaxshi niyatda kun bo'yi idoradan tashqariga chiqmadim. Lekin
befoyda. Kech tushganda hafsalam pir bo'lib ko'chaga chiqdim. 

Mashinada uyga qaytayotib jahl ustida gazni qattiqroq bosibman shekilli, qarshimdagi
terakning panasida poylab turgan yo'l harakati noziri yugurib -chiqib, ola tayog'ini
ko'tardi.

— Tinchlikmi inim, bizdan nima xatolik o'tdi? — dedim hujjatlarni uzata
turib.

— Tezlikni oshirdingiz, — dedi u pinagini buzmay.

— Sezmay qolibman. 

— Bayonnoma yozamiz, keyingi gal ehtiyot bo'lasiz. 

— Inim, bir martagina… 

— Ilojim yo'q, xizmatchilik! 

Bayonnoma tuzildi. Kattagina jarima to'laydigan bo'ldim. Mana, senga “mumay daromad”! Xotinga yangi palto olaman emish! Kiyib yurgan
paltosini eski bozorga chiqarib sotmasam ham katta gap hali.

Payshanba, juma kunlari odatdagiday tinch o'tdi. Yulduzlar bashoratida bu kunlar
haqida hech narsa yozilmagani uchun alag'da bo'lmadim. 
Bezovtalik shanba kuni boshlandi. Bashoratdagi gaplar rost bo'lsa, bugun ko'ngilli
sayohatga chiqishim kerak. Hayronman. Sayohatga chiqish uchun samolyotga ham, poezdga ham
chipta olganim yo'q edi.

O'ylab-o'ylab, “Yor-birodarlarning birontasi uyiga mehmonga chorlasa kerak”,
degan to'xtamga keldim. Izlasa topolmay yurmasin, deb kechqurun telefonni boshimga qo'yib
yotdim. Har kuni ermakka jiringlab yotadigan telefon ham jo'rtaga qilganday shu
kuni “gung-soqov” bo'lib oldi.

Dam olish kunlari judayam sokin o'tdi. Men
o'ngga, xotin so'lga qarab ovqat yedik. Uy jim-jit bo'lganidan har bir yutgan luqmam
tomog'imdan qanday o'tayotgani baralla eshitilib turardi.

Bir amallab tong ottirdim. Dushanba kuni ertalab g'azab otiga minib tahririyatga
yo'l oldim. Kotiba qizning hay-haylashiga ham qaramay, muharrirning xonasiga
bostirib kirdim. Kuyib-pishib, ora-sira stolga musht tushirib, bo'lgan voqeani unga
aytib berdim. Muharrir gaplarimni eshitib bo'lgach miyig'ida kuldi. 

— Men ham sizga o'xshab yulduzlar bashoratiga ishonaman, — dedi u pinagini
buzmay. — Lekin shu gal bashoratning yangisini topolmay, bulturgi gazetadan
ko'chirib bosgan edik.
__________
Gurtik* – qoraqalpoq milliy taomi.

Murodboy Nizanov.

Qoraqalpoq tilidan G'afur Shermuhammad tarjimasi.

Boshqa xabarlar