Bu bayramda biz o'zligimizni topamiz

89

Mahmud NAMOZOV,
O'zbekiston xalq artisti:

– Tarixda o'zbekning to'y-hashami baxshilar-u oqinlarsiz o'tmagan. Surxondaryoda bu odat hozirga qadar saqlanib qolgan. Baxshili to'ylar boshqacha fayz­­li, ertakmonand o'tadi. Men baxshilar ijrosini ting­lashni yaxshi ko'raman. Qodir baxshi, Shoberdi baxshi, Abdunazar baxshidan tortib bugungi yosh baxshilargacha eshitaman. Bolaligimdan do'mbira ohangi qulog'imga singib qolgani uchun bu san`atga befarq emasman. Umuman, xalqimiz dos­tonlarni hamisha sevib ting­lagan, baxshi bo'lmaganlar ham yoddan bilib, aytib yurgan. Dos­ton ohanglari o'zbek xalqining tomirlarida oqadi.
Doim baxshilarimiz nafaqat voha yo O'zbekiston, balki dunyo sahnalarida kuylasa, biz ham boshqa xalqlar dostonchiligi bilan tanishsak, deya orzu qilar edik. Bu kunlarga ham yetdik. Surxondaryoda baxshichilik maktabi ochildi. Qashqadaryoda ham ochilish arafasida. Bu san`atga qiziqqan yoshlarga barcha sharoitlar yaratib berilyapti.
Prezident tashabbusi bilan o'tkazilayotgan Xalqaro baxshichilik san`ati festivalining Termizda bo'layotgani bejiz emas. Bu Surxon baxshilariga hurmat, bu san`atni asrab kelishdagi hissalarini e`tirof etishdir. Bu bayramda biz o'zligimizni topamiz. Yana san`atga qiziqqan iqtidorlarni kashf etamiz.
Bu bayram turli xalqlar baxshilarini bir yerga yig'ib, madaniy-ijodiy va ruhiy aloqalarni yo'lga qo'yish, turli xalq og'zaki ijodlarini bir-biriga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Bir-biridan bexabar ijod qilib yurgan turli millatga mansub baxshilar tanishadilar, hamkorlikda ijod qiladilar.
Shunday ekan, bu festival nafaqat o'zbek xalqi, balki baxshichilik san`atidan xabardor barcha xalqlar uchun chinakam bayramdir.

Yozib oluvchi:
Salim ABDURAHMONOV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar