Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investisiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida

45

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

So'nggi yillarda kimyo sanoati korxonalarini moliyaviy-iqtisodiy sog'lomlashtirish va ularnin gfaoliyatini barqarorlashtirish, amaldagi ishlab chiqarishlarni modernizasiya qilish, uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash bo'yicha yangi quvvatlarni barpo etishga qaratilgan investisiya loyihalarini amalga oshirish orqali tarmoqni yanada rivojlantirishning asosiy yo'nalishlarini belgilab berish, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan yuqori qo'shilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish borasidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, kimyo sanoatini jadal rivojlantirish va diversifikasiya qilishga qaratilgan loyihalarni amalda ro'yobga chiqarish, eng avvalo, davlat aktivlarini xususiy mulkka sotish hisobiga korxonalardagi davlat ulushini qisqartirish, korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublari, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish hamda korxonalarning boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish orqali tarmoqning investisiyaviy jozibadorligini oshirish bo'yicha ta`sirchan choralar ko'rilishi zarurligini taqozo etmoqda.

Kimyo sanoatini yanada rivojlantirish, uning investisiyaviy jozibadorligini oshirish va tarmoqni diversifikasiya qilishga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish hajmlarini kengaytirish maqsadida:

1. “O'zkimyosanoat” AJning O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda optimallashtirilgan va yangi istiqbolli loyihalar bilan to'ldirilgan, hisoblangan qiymati12,1 milliard AQSh dollariga teng, shu jumladan, 1,7 milliard AQSh dollari miqdorida to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investisiyalar va kreditlar hisobiga 31 ta investisiya loyihasini amalga oshirishni nazarda tutuvchi hamda quyidagilarga qaratilgan 2019-2030yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq ma`qullansin:

azotli, fosforli, kaliyli va murakkab mineral o'g'itlarni, shu jumladan, ushbu mahsulotlarni “Navoiyazot” AJ, “Samarqandkimyo” AJ, “Farg'onaazot” AJ, “Qo'qon superfosfat zavodi” AJ, “Ammofos-Maksam” AJ, “Dehqonobod kaliy zavodi” MChJ negizida, shuningdek, Sirdaryo viloyatining Yangier shahri va Navoiy viloyatining Tomdi tumanida ishlab chiqarish bo'yicha amaldagi quvvatlarni modernizasiya qilish, kengaytirish hamda energiya jihatidan samarador yangi quvvatlarni barpo etish;

“O'zbekneftgaz” AJ bilan birgalikda va yetakchi xorijiy kompaniyalar ishtirokida hamda ilg'or texnologiyalar va zamonaviy innovasion ishlanmalarni qo'llagan holda polimer mahsulotlari, shu jumladan, polietilentereftalat (PET), polivinilxlorid (PVX), sintetik kauchuk, polistirol, poliuretan, poliol, akrilonitril-butadien-stirol (ABS) plastik, poliakrilonitril (PAN) mahsulotlarini chiqarish bo'yicha yangi ishlab chiqarishlarni barpo etish;

tarmoq korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish samaradorligini, ularning negizida iqtisodiyot tarmoqlarida talab etilayotgan kimyoviy mahsulotlarning yangi turlarini, shu jumladan, melamin, metilamin, formaldegidli, karbamid-formaldegidli va melamin-formaldegidli saqichlar, etilasetat, ozuqa tuzi, natriy bikarbonati, xlor-sirka kislotasi, natriy nitrati, butilasetat, trinatriy fosfat, nitrosellyuloza, metallurgiya, neftgaz va to'qimachilik sanoatlari uchun reagentlar, katalizatorlar va kimyoviy qo'shilmalar, shuningdek, polimer fitinglar, biaksil yo'naltirilgan polipropilen plyonkasi (BOPP), o'simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari va ularni ishlab chiqarish uchun amaldagi moddalarni chiqarish bo'yicha ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish.

2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kimyo tarmog'ida islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

tarmoqning ayrim korxonalari aktivlarini mahalliy va xorijiy investorlarga sotish orqali amaldagi ishlab chiqarishlarni modernizasiya qilish va kengaytirishga to'g'ridan-to'g'ri investisiyalarni jalb etishni rag'batlantirish;

“O'zkimyosanoat” AJ tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish va jamiyat boshqaruvi organlarining mustaqilligi va mas`uliyatini oshirishga qaratilgan korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy etish;

kimyo tarmog'i korxonalarining faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy holatini yanada yaxshilash.

3. “O'zkimyosanoat” AJ, O'zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligining xo'jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat va “O'zkimyosanoat” AJ ulushlarini quyidagi tartibda sotish to'g'risidagi taklifiga rozilik berilsin:

a) investisiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan potensial investorlar bilan to'g'ridan-to'g'ri muzokaralar olib borish yo'li bilan:

“Samarqandkimyo” AJ ustav kapitalidagi 60,35 foiz davlat aksiyalari va “O'zkimyosanoat” AJning 39,65 foiz aksiyalarini ekologik jihatdan zararsiz zamonaviy kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish sharti bilan “nol” xarid qiymatida;

“Qo'ng'irot soda zavodi” MChJ ustav fondidagi “O'zkimyosanoat” AJning 51 foizulushini korxonaning ishlab chiqarish quvvatini yiliga 200 ming tonnadan 450 ming tonnagacha oshirish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun investisiyalarni jalb qilish sharti bilan bozor qiymatida;

“Qo'qon superfosfat zavodi” AJ ustav kapitalidagi 70,54 foiz davlat aksiyalari va “O'zkimyosanoat” AJning 25 foiz aksiyalari – “Indorama” (Singapur) kompaniyasiga superfosfat ishlab chiqarish quvvatini 100 foiz sof holda 63ming tonnaga yetkazish va yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish bo'yicha investisiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan 4,3 million AQSh dollari miqdorida sotib olish qiymatida;

b) “Farg'onaazot” AJ ustav kapitalidagi 48,05 foiz davlat aksiyalari va “O'zkimyosanoat” AJning 2,95 foiz aksiyalarini investor tomonidan ammiak ishlab chiqarish quvvatini yiliga660 ming tonnaga, karbamidni – 600 ming tonnaga, ammiakli selitrani – 700 ming tonnaga va azot kislotasini – 530 ming tonnaga yetkazish bo'yicha investisiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan – tanlov savdolarida bozor qiymatida;

v) “Elektrkimyozavod” QK AJ ustav kapitalidagi “O'zkimyosanoat” AJning 26,14 foiz aksiyalarini – ochiq savdolarda bozor qiymatida;

g) “Jizzax plastmassa” AJ ustav kapitalidagi 25 foizgachaaksiyalar – dastlabki bosqichda birlamchi ommaviy taklifni (IPO) o'tkazish asosida;

d) quyidagilar orqali:

“Dehqonobod kaliy zavodi” MChJni aksiyadorlik jamiyatiga o'zgartirish hamda jamiyatning ustav kapitalidagi 51 foiz va undan ortiq aksiyalarni potensial investorlar mavjud bo'lganda va ular tomonidan granulalangan xlorli kaliy, kaliy sulfati va kaliy tuzlarining boshqa turlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, yuk tashuvchi osma yo'l va tashqi elektr ta`minoti liniyalari qurilishini yakunlash bo'yicha investisiya, shuningdek, ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan ularni to'g'ridan-to'g'ri muzokaralar o'tkazish orqali sotish imkoniyatini nazarda tutgan holda tanlov savdolarda bozor qiymatida;

“Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJni aksiyadorlik jamiyatiga o'zgartirish va jamiyatning ustav kapitalining 51 foizigacha bo'lgan miqdorda qo'shimcha chiqarilgan aksiyalarini potensial investorlar mavjud bo'lganda va tushgan mablag'larni jamiyat investisiya loyihalarini amalga oshirishga hamda jalb etilgan kreditlarni so'ndirishga yo'naltirgan holda ularni to'g'ridan-to'g'ri muzokaralar o'tkazish orqali realizasiya qilish imkoniyatini nazarda tutgan holda ochiq savdolarda bozor qiymatida sotish.

4. Belgilab qo'yilsinki:

“Qo'qon superfosfat zavodi” AJ va “Farg'onaazot” AJ ustav kapitallaridagi davlat ulushini sotishdan tushgan mablag'lar, istisno tariqasida, “O'zkimyosanoat” AJ ustav kapitalidagi davlat hissasi sifatida, mazkur mablag'lardan ushbu qarorga 1-ilovada ko'rsatilgan investisiya loyihalarini amalga oshirishda maqsadli foydalanish uchun Kimyo sanoati tashkilotlarini rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash jamg'armasiga to'liq yo'naltiriladi;

“O'zkimyosanoat” AJ uning tarkibidagi qayta tashkil etilgan tashkilotlarga tegishli yuridik shaxslarning 50 foiz va undan ortiq aksiyalariga egalik qilishga kirishishi yangidan xarid qilingan aksiyalar paketi deb hisoblanmaydi;

ushbu qarorga muvofiq tarmoq korxonalarini qayta tashkil etishda tashkilotdan tashkilotga o'tkaziladigan mulk, mulk huquqlari, shuningdek, aksiyalar, ulushlar va aktivlar hamda davlat aktivlarini sotishdan tushgan, shu jumladan, “O'zkimyosanoat” AJ ustav kapitaliga o'tkaziladigan daromadlar qiymati yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig'i, yagona soliq to'lovi, to'lov manbaidan to'lanadigan dividendlar ko'rinishidagi daromadlarga soliq hisoblashda soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi;

Dehqonobod kaliy zavodi aksiyalarini potensial investorlarga to'g'ridan-to'g'ri muzokaralar o'tkazish yoki qo'shimcha aksiyalarni chiqarish orqali, shu jumladan, ularga investisiya majburiyatlarini yuklagan holda sotishdan tushgan mablag'lar jamiyatning O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi oldidagi kreditlarini so'ndirishga yo'naltiriladi;

xo'jalik boshqaruvi organlarining ustav kapitaliga o'tkazilgan xo'jalik jamiyatlari ustav kapitallaridagi ulushlarni tasarruf etish ularning boshqaruv organlari qarorlari bilan amalga oshiriladi.

5. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda mineral o'g'itlar narxlarining keskin o'zgarishi xavfini hamda paxta xomashyosi va g'alla qiymatiga ta`sirining oldini olishni hisobga olgan holda mineral o'g'itlarga bo'lgan narxlarni shakllantirishning bozor mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, mineral o'g'itlarni sotib olish uchun birja savdolarida barcha ishtirokchilar (xaridorlar) uchun teng sharoitlarni ta`minlash bo'yicha hukumat qarorini qabul qilsin.

6. O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi va “O'zkimyosanoat” AJning ushbu qarorga 3-ilovada ko'rsatilgan umumiy qiymati85,1 million AQSh dollari miqdoridagi, shu jumladan, moliyalashtirish manbai sifatida to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investisiyalarni jalb etish hisobiga “O'zkimyosanoat” AJ investisiya loyihalarini moliyalashtirishga Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi mablag'larini optimallashtirish to'g'risidagi taklifi ma`qullansin.

7. O'zbekiston Respublikasi hududiga TIF TN bo'yicha 4011 va 4012 kodi bilan import qilinadigan avtomobil va qishloq xo'jaligi shinalariga bojxona bojlarining aralash stavkasi joriy etilsin.

8. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va O'zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq o'zgartirishlar kiritilsin.

9. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 avgustdagi “2017-2021yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi to'g'risida”gi PQ-3236-son qarori o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.

10. O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi “O'zkimyosanoat” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari E.M.G'aniev va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o'rinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 

    Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 3 aprel

Boshqa xabarlar