Sharoitlar havas qilgudek, imtiyozlar ham

175


Asaka shahridagi «GM Uzbekistan» aksiyadorlik jamiyatining 8 ming 719 nafar xodimi ish joyini birdek ardoqlaydi. Shunga monand ravishda zamonaviy va xavfsiz ish sharoiti, yetarli ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy muhofaza, turli imtiyozlar joriy etilgan.

Avtozavodda jamoa shartnomalari hamda kelishuvlari asosida xodimlar va ularning farzandlari ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari himoyasini kuchaytirish, sanatoriy va oromgohlarda sog'lomlashtirish, yosh oilalarni imtiyozli yo'llanmalar bilan ta`minlash, sport-sog'lomlashtirish tadbirlarini muntazam tashkil etish, tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtirish singari jihatlar hamisha diqqat markazida. Maxsus kiyim-bosh, bepul tushlik, qishki oziq-ovqat zaxirasi, yashash joyi korxonadan 40 kilometr radiusgacha masofada joylashgan xodimlar uchun transport xizmati, faoliyatda erishgan natijalariga qarab qo'shimcha ravishda rag'batlantirish an`anaga aylangan.

E`tibor bering-a, so'nggi davrda jamoa shartnomasida ko'zda tutilgan bandlar ijrosi bo'yicha sarflangan mablag' miqdori bir ishlovchiga o'rtacha 7 million 576 ming so'mga to'g'ri kelayotir. Bu raqamlar, shubhasiz, ishchi-xizmatchilarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilish borasidagi sa`y-harakatlar ko'lamidan dalolat.

Korxonada har yili xodimlar shart-sharoitini yaxshilash yuzasidan, albatta, biron-bir chora-tadbir amalga oshiriladi. Xususan, 2018 yilda 2-payvandlash sexida 1 milliard 546 million so'm mablag' evaziga zamonaviy yuvinish xonalari qurilib, jamoa ixtiyoriga topshirildi.

Bahavo shaharda qad rostlagan «Xonobod» sanatoriysi «GM Uzbekistan» aksiyadorlik jamiyatining ixtiyorida bo'lib, og'ir jismoniy bosimdan so'ng salomatlikni tiklash va hordiq chiqarishda tog' yon bag'rida joylashgan ushbu sihatgohning katta imkoniyatlaridan, avvalo, korxona a`zolari bahramand bo'ladilar.

Hammamizga ma`lumki, bugungi kunda davlat idoralarida murojaatlar bilan ishlash, taklif, tashabbus, shikoyat va e`tirozlarga tezkor va jo'yali munosabat bildirish borasida o'ziga xos tizim yaratilgan. Kasaba uyushma qo'mitasi ana shu tamoyil­lardan kelib chiqib, zavod hududida to'rtta «adolat qutisi»ni tashkil etdi. Bosh direktorning «Ishonch telefoni» ham qo'mita idorasida joylashgan. Har bir murojaat o'z vaqtida o'rganib boriladi. Shundan bo'lsa kerak, ishlab chiqarish sexlarida sog'lom ma`naviy muhit barqaror.

Aksiyadorlik jamiyati ma`muriyati hamda kasaba uyushma qo'mitasi o'rtasida 2016-2018 yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasining o'tgan yilda bajarilishi yuzasidan tashkil etilgan hisobot-konferensiyasida yuqoridagi jihatlar mamnuniyat bilan tilga olindi. Tadbir doirasida 2019-2021 yillar uchun mo'ljallangan jamoa shartnomasi qabul qilindi.

Konferensiyada Metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining raisi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan sanoat xodimi Ahmadjon Haqqulov jamoa shartnomalarini yildan-yilga to'ldirib, yanada takomillashtirish yuzasidan qimmatli fikr-mulohazalarni bayon etdi.

Nurillo NO'`MONOV,

                           «Ishonch»

Boshqa xabarlar