AYoLLARGA GAP YO'Q

94

Samarqand shahridagi Sport o'yin turlari va yengil atletika ixtisoslashtirilgan bolalar o'smirlar sport maktabi hamda Siyob tibbiyot kolleji sport majmualarida  “A`nanaviy viloyat ayollar spartakiadasi” bo'lib o'tdi. Unda turli sohada mehnat qilayotgan 224 nafar xotin-qiz sportning yetti turi bo'yicha o'z mahoratlarini namoyish etishdi.

Spartakiadaning
tantanali ochilish marosimida Samarqand viloyati kasaba uyushma tashkilotlari
birlashmasi kengashi raisi Suhrob Rafiqov va viloyat hokimi o'rinbosari, viloyat
xotin-qizlar qo'mitasi raisi Gavhar Alimova sog'lom hayot tarzi asosi bo'lmish
sportning, kundalik, oilaviy hayotdagi o'rni xususida so'z yuritdilar.

Qur`adan
so'ng, hududlardan tashrif buyurgan jamoalar qizg'in bahsga kirishdilar. Siyob
tibbiyot kolleji sport majmuasida valeybol bo'yicha bo'lib o'tgan bellashuvlar keskin
va murosasiz kechdi. Bahslar mobaynida xotin-qizlar bo'sh vaqtlarini sportga bag'ishlayotganliklari
yaqqol sezilib turdi. Raqiblarni birma-bir taslim qilgan Payariq tuman 88-maktab
valeybolchilari musobaqaning eng yuqori pag'onasini zabt etdi.

Stritbol musobaqasida
Kattaqo'rg'on shahridagi 8-12-maktablar jamoalari barchadan ustun kelishdi. Shaxmatda
Toyloq tumanidagi 34-maktab o'qituvchisi Farida Xursanova barcha raqiblarini dog'da
qoldirdi. Shashka bo'yicha eng yuqori marrani Bulung'ur tumanidagi 54-maktab o'qituvchisi
Gulasal Musaeva egalladi. Darts turi bo'yicha eng ko'p ochko jamg'argan Narpay tuman
BO'SM xodimi Muhabbat Xudoyberdieva g'olib bo'ldi. Yana bir narpaylik, 2-maktab o'qituvchisi
Mavjuda Xalilova uzunlikka sakrashda mutlaq g'olibga aylandi.

– Bizning
tumanimizda sportning ommaviyligiga bo'lgan e`tibor yildan yilga yaxshilanib bormoqda,
– deydi payariqlik o'qituvchi Guli Aminova. – Hozirgi kunda nafaqat mehnat
jamoalari yoxud maktab, balki mahallalarda ham sportning bir qator turlari bilan
shug'ullanuvchilar ko'paydi. Aksariyat qishloqlarda yashovchi uy bekalari ham ertalabki
yugurish mashqlarida ishtirok etmoqda. Kasaba uyushmalari tomonidan tashkil etilgan
musobaqada tumanimiz vakillari munosib ishtirok etishgani buning yaqqol tasdig'idir.

Ayollar
spartakiadasining eng faol ishtirokchilari ta`lim tizimida mehnat qilayotgan
ayollar ekanligini e`tirof etish darkor. Barcha sovrinli o'rinlarning ular
tomonidan egallanganligi ham sohada sportga bo'lgan e`tibordan dalolat. Bu barcha
tizimlarga ibrat bo'lishi kerak, deb o'ylaymiz.

G'olib va peshqadamlar
kasaba uyushmalari tomonidan taqdirlandi.

Nurilla ShAMSIEV,

                                                 “Ishonch” muxbiri       

Boshqa xabarlar