ShARMANDAGA ShAHAR KENG EMAS

383


Huquq-tartibot organlari xodimlariga “homiysi har qanday kishini “o'tirg'izib qo'yishga qodir”ligi bilan” tahdid qilgan soxta tadbirkorning o'zi o'n besh sutka “o'tirishga” majbur bo'ldi

Gap shundaki, “Jinoyat haqiqati va adolat” deb nomlangan yangicha tizim asosida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va hokimiyat vakillari ishtirokida Bektemir tumani Nurafshon mahallasidagi (“Qo'yliq” dehqon bozori atrofida) holatlar o'rganilayotganda turli spirtli ichimliklar va psixotrop moddalar bilan savdo qilish holatlari aniqlanib, mazkur holatlar bo'yicha o'zlarini “tadbirkor” deb bilgan shaxslarga tegishli tushunchalar berilayotgan vaqtda o'zini T.Sh. deb tanishtirgan shaxs sektor rahbarlaridan ham “hurmati balandligi”ni ro'kach eta boshladi.

Mazkur shaxs huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va davlat tashkilotlarida “homiylari” borligini, kerak bo'lsa, “sizlarni o'tirg'izib qo'yishim mumkin” deya ishchi guruhga tahdid qilib, keskin qarshilik ko'rsatdi va kurakda turmaydigan so'zlar bilan haqoratladi.

Holat yuzasidan T.Sh.ga nisbatan to'plangan dalil va hujjatlar hamda guvohlarning ko'rsatmalari Bektemir tumani ma`muriy sudi tomonidan ko'rib chiqilib, aybdorga nisbatan O'zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi bilan 15 (o'n besh) sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi. O'zbekiston Respublikasi MJtK 198-moddasining 1-qismi bilan eng kam ish haqining 1 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlanib, davlat foydasiga undirildi.

Bugun tinch va osoyishta, farovon hayotimizga raxna solayotgan, nafsi yo'lida hech narsadan tap tortmaydigan kishilarning borligi ham, afsuski, haqiqat. Eng achinarlisi, ular buni tan olishni istamaydi. “Sharmandaga shahar keng” naqlini o'ziga shior qilib olgani bilan ularning kimligi elga va huquqni muhofaza qilish idoralariga kunday ravshan.

Eslatib o'tish joizki, 2018 yilning 27 iyulida Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida belgilab berilgan vazifalarga muvofiq jinoyatchilikni jilovlash bo'yicha ishlar butunlay yangicha – “Jinoyat haqiqati va adolat” deb nomlangan yangicha tizim tashkil etildi. Shu asosda mas`ul rahbarlar joylarga borib, jinoyatlarning sabablarini o'rganmoqda, muhokamalar qilmoqda, bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar ko'rmoqda.

A`zam ABULFAYZOV,

ishonch.uz

Boshqa xabarlar