Yoshlarni birlashtirgan sport bayrami

94

Yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning ochilmagan qirralarini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish bo'yi­­cha ustuvor vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida Farg'ona viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi Farg'ona davlat universitetining sport-sog'lomlashtirish majmuasida oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar o'rtasida ommaviy sport turlari bo'yicha musobaqa tashkil etdi.

Mazkur musobaqada ming nafar­­ga yaqin talaba qizlar ishtirok etib, sportning suzish, voleybol, estafeta, «Quvnoq startlar», 100 va 1000 metrga yugurish turlari bo'yicha bellashdi.
– Bugun yurtimizda yoshlarni sportga jalb qilish, ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog'lom turmush tarzini qaror toptirishga alohida e`tibor qaratilmoqda, – dey­di Farg'ona viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi Erkin Nuraliev. – Ushbu tashabbus xotin-qizlarga, yoshlarga bo'lgan e`tiborni yanada kuchaytirishga va ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlashga undamoqda.
– Farg'ona viloyati kasaba uyushma tashkilotlari tashkil etgan sport musobaqasida «Yulduzlar» jamoamiz «Quv­noq startlar» bellashuvida 2-o'rin, voleybol musobaqasida 3-o'rinni qo'lga kiritdi, — deydi Farg'ona davlat universitetining «Xorijiy til va adabiyoti» yo'nalishida tahsil olayotgan E`tiborxon Abdurahimova. – O'zim 100 metrga yugurish bo'yicha 1-o'rinni egalladim.
– Jamoamiz bilan voleybol musobaqasida 1-o'rinni egalladik, – deydi «Qirolicha» jamoasi sardori Dildora Abdug'afforova. – Sov­rin sifatida qimmatbaho sovg'alar bilan birga, kitoblar ham berildi. Mana shunday ajoyib tadbir tashkilotchilariga minnatdorlik bildiraman.
Qizg'in va murosasiz kechgan musobaqaning yakuniy natijasiga ko'ra, Toshkent axborot texnologiyalari Farg'ona filiali qizlari suzish, Farg'ona politexnika instituti qizlari estafeta va voleybol, Farg'ona davlat universiteti qizlari esa «Quv­noq startlar» va yugurish musobaqalarida g'oliblikni qo'lga kiritdi.
G'olib jamoalar va musobaqaning faol ishtirokchilariga qimmatbaho sovg'alar va kitoblar to'plami taqdim etildi.

Jamshid Ergashev
«Ishonch»

Boshqa xabarlar