MUVAFFAQIYaT DEGANI – MAHRUMIYaT…MI?

205


Filologiya fanlari doktori, kuyunchak ustoz, tengsiz ijodkor Ibrohim Haqqul xislatlarining sanab adog'iga yetish mushkul. Uni san`atning chinakam himoyachisi sifatida e`tirof etish mumkin. Olimning sermahsul ijodida o'z aksini topgan chuqur mushohadaga undovchi mulohazalarini o'qigan borki, tafakkur qiladi. Hayotdan, yashashdan asl maqsadni anglaydi…

Shunday fikrlarni quyida o'qiysiz.

 

Ibrohim HAQQUL: “O'QIMASAM, O'LIB QOLAMAN!”

Benazir ijodkor, fidoyi ustoz, chinakam san`at muhofizi…

Bunday so'zgar nisbatlarni hech ikkilanmasdan uchga-to'rtga ko'paytirsangiz ham, Ibrohim Haqqul haqidagi munosabatingiz kamtardek tuyulaveradi.

Serg'ayrat olim, filologiya fanlari doktori Ibrohim Haqqulning ijod yo'liga nazar tashlar ekansiz, turli suronli davrlar, faraxbaxsh onlar va mashaqqatli izlanishlar – bari-barisida ichki bir yuksak fenomen barq urib turadi. Qat`iy, o'tkir, kuyunchak, jonfidolikka yo'g'rilgan samimiy va achchiq mulohazalari esa shu qadar tiniqlik ifoda etadiki, ular yillar sayin tobora ma`naviy quvvatga kira bormoqda.

Biz mushtariylarimizning sevimli ruknida bu gal ijodkorning ana shu ruhdagi izlanishlari hosilasi, adabiy-badiiy tadqiqi o'laroq ungan sara fikrlarining ayrimlarini qisqa satrlarda e`tiboringizga havola qilmoqni lozim topdik.

***

Yozuvchining tayanadigan tog'i, ishonadigan bog'i uni so'zlashga, o'ylash va dunyoni anglashga o'rgatgan ona tilidir. Milliy tilining go'zalligini idrok qilolmagan ijodkor boshqa hech bir go'zallikni teran idrok etolmaydi. Nafosat tuyg'usi – til tuyg'usidan boshlanadi. Ona tilining tabiatini yaxshi bilgan kishi o'z millatining tabiati, milliy zavqini ham yaxshi anglaydi. Tilning ruhi – xalqning ruhi ekani buyuk bobolarimiz tomonidan bejiz ta`kidlanmagan. Ijodkorni sayoz fikrlash, bachkana his-tuyg'ularni qog'ozga ko'chirishdan eng avvalo til muhofaza qiladi. Tilga javobgarlik – so'z, tasvir, uslubga javobgarlik demak. Bir ma`noda iste`dod – so'zga jon bag'ishlash, o'lik so'zni ham tiriltirishdir. Iste`dodsizlik esa buning aksi – hatto tirik so'zni ham o'ldirish.

***

Millat farovonligi, davlat ravnaqini ta`minlaydigan ikki buyuk kuch va asos mavjud: biri – shaxsiyati butun hukmdor, ikkinchisi – ma`murlik manbai bo'lmish iqtisod. Hukmdor irodali, serg'ayrat bo'lmasa, iqtisod o'nglanmaydi. Iqtisodi nochor mamlakatda hech bir soha, ilm-fan, madaniyat va san`at ham taraqqiy topmaydi.

***

Jadidlarning bir qanoti publisis­tika, bir qanoti siyosat edi, adabiyot esa vosita bo'lgan.

***

Ma`lumki, ilm-fan, ma`rifat nuri so'ngan mamlakatda chin ziyoli emas, balki chala ziyoli yoki ziyolinamolar ko'pa­yib ketadi. Ulug' shoirimiz Cho'lpon ularni ziyoli emas, ziyonlilar deb atagan. “Bizda bir xil kishilar bor, – degan edi Abdulla Qodiriy, – ya`ni ziyolinamolar. O'zlari amalda bir pullik ish qilmaydilar, ammo og'izda ko'cha sasitib, hasratlanib” yuradilar. O'z shaxsiy rohatini ko'zlab, qayg'usiz, g'oyasiz kun kechiruvchi nochor, noshud va o'lguday qo'rqoq ziyolinamo kishilar barcha zamonlarda ham millat manfaatini faqat og'izda himoya qilgan, xolos.

***

Hayotdan adabiyotga, adabiyotdan hayotga borish ayni bir yo'l emas. Adabiyotning bosh vazifasi va tub mohiyatini chuqur tushunmay hayotdan bahs yuritadigan ijodkorlar bo'lganidek, hayotning asosiy talabi va boqiy haqiqatlarini teran anglamay turib adabiyotga xizmat qilishni ko'zlagan qalam sohiblari ham ko'p uchraydi. Iste`dod faqat adabiyotda sinalmaydi, uni hayot ham sinovdan o'tkazadi. Aslida, ijodkor kuch-quvvati, shijoati va mahoratini namoyish aylaydigan chinakam sinov shu. Inson taqdirini hayot ko'zgusida, hayotni inson qismati orqali aks ettirishni eplagan har bir san`atkor buni albatta o'ylaydi.

***

Adabiyot taqdiri yurt va millat taqdiri bilan uzviy bog'liq. Millat ruhi butun murakkabligi va ziddiyatlari bilan avvalo adabiyotda aks etmog'i lozim. Millatning qalb dardlariga ham dastlab adabiyot malham topadi. Chunki xalqning yashash zavqi susaysa – g'ayrati susayadi. Ma`naviy-ruhiy g'ayrat pasaysa – fikr va tashabbus to'xtaydi. Bunga birinchi navbatda adabiyot mas`ul. 

***

Er yuzida taraqqiyotning ulkan yutug'i sifatida davlat paydo bo'lganidan buyon ilm va ijod ahli uni boshqarishda faol ishtirok etgan. Hozir ham shunday. Umuman olganda, buning yomon tomoni yo'q. Yomon bo'lsa, nafs va ta`mani iste`dodi, erki va ijodidan afzal bilgan olim yoki ijodkorga yomondir. Vijdonga xilof yo'llardan yurmasa, adabiyot, san`at, ilm-fan rivojiga xizmat qilsa, mabodo o'zi yozishdan to'xtasa ham boshqalarning yo'lini to'smasa – nimaga amaldan qochish, martabadan kechish kerak? Afsuski, adabiyot bilan mansabning “boshini qovushtirish”, ikki jabhada bir zaylda ilgarilash ham oson emas.

Bir misol. XIX asrda yashab o'tgan Tols­toy familiyali yana bir rus adibi bor. U kiborlar muhitidan chiqqan. Boy-badavlat bo'lgan. Alisher Navoiy Husayn Boyqaroning bolalik do'sti bo'lganidek, Tolstoy ham rus podshosi Aleksandr Ikkinchining yoshlik o'rtog'i edi. Aleksandr taxtga chiqqanidan so'ng ham ular o'rtasidagi do'stlik aloqalari uzilmagan. Tolstoy yosh hukmdorning hamsuhbati va mulozimi sifatida adabiyot vakillarining foydasini ko'zlab ancha-muncha xayrli ishlarni amalga oshirgan. Ammo u imkoniyat tanqisligini har kun va har soatda sezib turgan. 1864 yili podshoh undan adabiyot sohasida bo'layotgan ishlar, ijodkorlarning ahvoli haqida so'raganda, u “Chernishevskiyga nohaq jazo berilgani uchun aza tutilayotir”, deydi. Aleksandrning fe`li buzilib, “Bilib qo'y, Tolstoy, bundan buyon hech qachon Chernishevskiy to'g'risida menga og'iz ochmaysan!” deydi. Sho'rlik adibning ixlosi qaytadi va bunday deydi: “Men san`atkor bo'lib tug'ilganman, biroq hozirgi shart-sharoit va mening turmush tarzim san`atkorlik ilhomiga izn bermaydi. …Hamma yoqdan xizmat, mansab, vismundir, rahbariyat va shunga o'xshash so'zlar eshitilib turganda san`at uchun nima ham qila olardingiz?”

***

Adabiyotning irodasi, sabr-bardoshiga balli! Axir, unda ham otalik, onalik tuyg'usi bor. Har bir iste`dod – uning nuridiydasi, umidi va ishonchi. Yo'qotishlar, ajralishlar, yangi-yangi musibat adabiyotga qanday ta`sir o'tkazgan, qalbini qandoq ezgan – bu haqda so'zlash ham qiyin.

***

Bu dunyoda har bir yutuq va muvaffaqiyat o'zicha qurbon talab qiladi. Nimadandir kechilsa, nimagadir erishiladi. Nimanidir saqlab qolsangiz, nimanidir boy berasiz. Xullas, muvaffaqiyat degani – mahrumiyat, mahrumiyat degani – muvaffaqiyat bo'lmog'i mumkin.

***

“Vatandosh bo'lmasa, vatan bo'lmaydi”, deydi Ibn Arabiy. Demak, har qanday vatanning tarixi, buguni va kelajagi vatandoshlik tuyg'usining qanday shakllangani, nechog'liq kuch-qudratga ega ekaniga bog'liq. Haqiqiy vatandosh­likdan doimo maslakdoshlik tug'iladi. Bunday maslakdoshlik esa o'zni anglash va o'ziga ishonishga, hech narsadan cho'chimay, qo'rqmay yashashga ruhlantiradi. Har qanday o'tkinchi hislar, g'arazli muddao va da`volar vatandosh­lik tuyg'usi ta`sirida juda xunuk va past, bag'oyat so'nik ko'rinadi. Chinakam vatandoshlik tuyg'usigina ko'ngildan ko'ngilga yo'l ochadi, el-yurt dardini vijdon dardiga, hurriyat ishqini hayot mazmuniga aylantiradi. Mana shunga erishilmasa, vatandoshlik hissi quruq gap bo'lib qolaveradi. Natijada avomlik, nodonlik va soxtakorliklar avj oladi.

***

O'zini qaysi din, qaysi mazhabga mansub bilmasin va o'zini kim deb hisoblamasin, baribir avomning dini, mustahkam e`tiqodi bo'lmaydi. U Xudodan emas, boshida qilich qayrab turgan bandasidan qo'rqadi. Xoliqni sharaflab, maxluqning poyiga bosh egadi. Uning qoshu qabog'i va hukmiga qarab yuguradi, yeladi. Mamlakat boshiga bosqin ofati, mazlumlik kulfatlari yog'ilganda, nomusu or uchun maydonga chiqish zarurati yuzaga kelganda nodon dindor ham, g'ofil dahriy ham adolatni emas – zulmni, odillikni emas – zolimlikni, haqiqatni emas – yolg'on va qalloblikni yoqlaydi. Chor bosqini zamonlarida ham xuddi shunday bo'lgan. Kelgindilarga yurtimizning qo'l-oyog'ini bog'lab berishda peshqadamlik qilganlar kimlar? Peshvo bo'lganlar kim? Faqat siyosat arbobi va amaldorlarmi?..

***

Ulkan yozuvchi, agar haqiqatan ham san`atkor bo'lsa, mayda hissiyotlarga berilmaydi. Bunga jahon adabiyotidan ko'plab misollar keltirish mumkin. Mana, buyuk rus adibi Lev Tolstoyni olaylik. Uning boy-badavlat kishi bo'lganini hamma biladi. Lekin yozuvchining atrofidagi qashshoqlik, kambag'allik unga behad yomon ta`sir o'tkazgan, uning ko'nglini ezib, ruhini yanchgan. Ellik yoshlarida Tolstoy ongida kutilmagan evrilish sodir bo'ladi: u hayotidan, qilayotgan ijodiy ishlaridan qoniqmay qoladi. Atrof-muhitni aqlga sig'mas kulfat, baxtsizlik qurshab yotgan bir zamonda o'tirib olib roman yozish – g'irt bema`nilik, degan qarorga keladi. Va badiiy ijodni vaqtincha to'xtatib, xalqning og'ir ahvoli haqida otashin publisistik maqolalar yoza boshlaydi. Bu maqolalar jamiyatdagi ijtimoiy adolatsizlikka nisbatan nafrat va g'azab hissi bilan to'liq edi.

***

Iste`dodli ijodkor iste`dodsizlik bilan aslo chiqisha olmaydi. Chunki haqiqiy iste`dod – adabiyotning sergak posboni. Adabiyotni iste`dodsizlar xurujidan iste`dod sohiblari muhofaza etmasa, boshqa hech kim himoya qilolmaydi.

***

U yoki bu voqea-hodisa tasvirlanganda, bir kun ular ko'proq tarixiy xotira “mulki” sifatida eslanishini hech bir shoir yo yozuvchi o'ylab o'tirmaydi. Biroq vaqt zamonga ta`siri va hukmini o'tkazganidek, davr va zamon ham moziy sarhadlaridan ortda qolgan narsalarni oldinga qarab sudramaydi. Bevosita, inson va millat qismatiga bog'liq tarix esa, qay bir darajada bo'lmasin, avlodlarda qiziqish uyg'otadi. Aks holda o'tmish bilan kelajak, ajdodlar bilan avlodlar orasidagi axloqiy, madaniy, ma`naviy aloqalarda uzviylik, vobastalik bo'lmas, har avlod o'zi bilganicha yashab, boshi adashish va tanazzuldan chiqmasdi.

***

Men o'qimasam, o'lib qolaman.

2019 yil 4 aprel, 13-son

XXI Asr” gazetasi

Boshqa xabarlar